Jahon | 15:29
1878
4 daqiqa o‘qiladi

RFning gaz tashuvchi kemasi: YeI ekologik falokatdan xavotirda

Dron hujumiga uchragan «Arktik Metagaz» gaz tashuvchi kemasidan ekipaj evakuatsiya qilinganidan keyin kema O‘rta Yer dengizida qolmoqda. Italiya, Fransiya va yana yetti davlat Yevropa komissiyasiga ehtimoliy ekologik falokat haqida ogohlantiruv yo‘lladi.

Foto: Miguela Xuereb/Newsbook Malta/AFP/Getty Images

Italiya, Fransiya va yana yetti davlat Yevropa komissiyasiga xat yo‘llab, ekipajsiz holda O‘rta Yer dengizida turgan «Arktik Metagaz» gaz tashuvchi kemasi atrof-muhit va dengizdagi xavfsizlik uchun jiddiy tahdid solishi mumkinligi haqida ogohlantirdi hamda tezkor choralar ko‘rishga chaqirdi. Bu haqda Reuters agentligi 16 mart, dushanba kuni kechqurun yozdi.

Agentlik mazkur hujjatdan quyidagi iqtibosni keltiradi: «Kemaning ayanchli ahvoli, uning o‘ziga xos yuki xususiyati bilan qo‘shilganda, Yevropa Ittifoqi dengiz hududining qoq markazida yirik ekologik falokat yuz berishining bevosita va jiddiy xavfini keltirib chiqarmoqda».

Shu kuni Rossiya ham O‘rta Yer dengizida turgan «Arktik Metagaz» gaz tashuvchi kemasi sababli ekologik falokatning oldini olish uchun chora ko‘rishga chaqirdi.

RF Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarovaning vazirlik saytida e’lon qilingan bayonotida shunday deyiladi: «Hozirgi vaziyatga tatbiq etiladigan xalqaro-huquqiy me’yorlar sohilbo‘yi davlatlarining (ta’sir ko‘rgan davlatlar deb ataluvchi mamlakatlarning) dreyf qilib yurgan kema bilan bog‘liq vaziyatni hal etish va ekologik falokatning oldini olish bo‘yicha mas’uliyatini nazarda tutadi. Kemaning egasi va bayroq davlati sifatida Rossiyaning keyingi ishtirok darajasi aniq vaziyatga bog‘liq bo‘ladi».

Rossiya Transport vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 3 mart kuni Murmanskdan «barcha xalqaro qoidalarga muvofiq rasmiylashtirilgan yuk» bilan yo‘lga chiqqan «Arktik Metagaz» kemasi Maltaning hududiy suvlariga bevosita yaqin joyda hujumga uchragan.

Vazirlikning Telegram-kanalida joylashtirilgan bayonotda aytilishicha, hujum Liviya sohillaridan Ukrainaga tegishli ekipajsiz katerlar tomonidan amalga oshirilgan.

«Malta va Rossiya qutqaruv xizmatlarining muvofiqlashgan harakatlari tufayli ekipajning barcha 30 a’zosi — Rossiya fuqarolari qutqarib qolindi», — deyiladi bayonotda.

RF Tashqi ishlar vazirligining 16 martdagi press-relizidan ma’lum bo‘lishicha, ekipaj kemani tark etgan paytda «bunker baklarida yonilg‘i (450 metrik tonna og‘ir yonilg‘i va 250 metrik tonna dizel yonilg‘isi), shuningdek, ancha miqdorda tabiiy gaz» qolgan. Hozir kema O‘rta Yer dengizida erkin dreyf holatida bo‘lib, u jiddiy shikastlangan, unda mahalliy yong‘in o‘choqlari kuzatilmoqda.

Rossiya tomoni ma’lumotiga ko‘ra, kema egasi tanker joylashuvini kuzatib bormoqda, RFning vakolatli organlari esa kema egasi va xorijiy vakolatli idoralar bilan aloqada turibdi.

Shu bilan birga, Malta hokimiyati bir necha kundan beri dreyf qilib yurgan gaz tashuvchi kema boshqa kemalar uchun xavf tug‘dirishi mumkinligi haqida ogohlantirmoqda. Italiyaning ANSA axborot agentligi ma’lumotiga ko‘ra, gaz tashuvchi kema yaqinida Italiya Harbiy-dengiz kuchlariga tegishli kemalar — buksir va atrof-muhitga zarar yetkazuvchi ifloslanishni bartaraf etish uskunalari bilan jihozlangan maxsus kema turibdi. Italiya hukumati shikastlangan gaz tashuvchi kema bilan bog‘liq vaziyatni diqqat bilan kuzatmoqda.

«Arktik Metagaz» kemasi Rossiyaning «Arktik SPG-2» terminalidan Xitoy janubiy sohilidagi Beyxay portiga sanksiyalar ostidagi suyultirilgan tabiiy gazni tashishda foydalanilayotgan taxminan o‘nta gaz tashuvchi kemadan biri hisoblanadi. 2024 yildan buyon ushbu kema Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi tufayli AQSh va Buyuk Britaniya sanksiyalari ostida. Yevropa Ittifoqida esa u Rossiyaning «soya floti» deb ataluvchi tizimining bir qismi sifatida baholanadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid