Jahon | 20:38 / 17.03.2026
5705
5 daqiqa o‘qiladi

Tramp jamoasi a’zolaridan biri urushga norozilik bildirib, iste’fo berdi

Foto: Getty Images

AQSh Milliy aksilterror markazi direktori Jo Kent o‘z lavozimini tark etayotganini ma’lum qildi. U bunday qarorga kelishiga Eronga qarshi urush sabab bo‘lganini ma’lum qilgan.

Donald Tramp ma’muriyatida terrorizmga qarshi kurashni muvofiqlashtirishga mas’ul bo‘lgan 45 yoshli Kent Oq uyni «kursni o‘zgartirish»ga chaqirdi.

Jo Kent Tramp jamoasi a’zosi bo‘lgan, uning nomzodi AQSh Senati tomonidan o‘tgan yilning iyul oyida Milliy aksilterror markazi rahbari lavozimiga tasdiqlangan.

«Eronda davom etayotgan urushni vijdonan qo‘llab-quvvatlay olmayman. Eron mamlakatimizga bevosita tahdid solmayotgandi va biz bu urushni Isroil va uning Amerikadagi qudratli lobbisi bosimi ostida boshlaganimiz aniq», – deya X ijtimoiy tarmog‘i orqali prezidentga murojaat qilgan u.

U postga iste’foga chiqish to‘g‘risida Donald Tramp nomiga yozilgan arizaning nusxasini ilova qilgan.

«2025 yil iyuniga qadar siz Yaqin Sharqdagi urushlar – Amerika vatanparvarlarimizning qimmatbaho hayotidan mahrum bo‘lgan, mamlakat boyligi va farovonligini qurbon qilgan tuzoq ekanini tushundingiz. 11 marta jangovar harakatlarda qatnashgan faxriy va Isroil uyushtirgan urushda sevimli rafiqasi Shennondan ayrilgan, Oltin Yulduz kavalerining turmush o‘rtog‘i sifatida men Amerika xalqiga hech qanday foyda keltirmaydigan urushda yangi avlodni o‘limga yuborishni qo‘llab-quvvatlay olmayman», – deya davom etadi Kent.

Kent – Markaziy razvedka boshqarmasining maxsus topshiriqli kuchlari faxriysi. Uning harbiy-dengiz kuchlarida kriptolog bo‘lib xizmat qilgan rafiqasi Shennon Kent 2019 yilda Suriyada xudkush hujumi oqibatida halok bo‘lgan.

Kent «Isroilning yuqori martabali amaldorlari» va nufuzli amerikalik jurnalistlar Tramp ma’muriyatining «Amerika hamma narsadan ustun» siyosatiga putur yetkazgan «noto‘g‘ri ma’lumotlar» tarqatganini ham ta’kidlagan.

Hozircha Donald Tramp bu iste’fo yuzasidan munosabat bildirmadi.

Kent haqida yana nimalar ma’lum?

Kent – Tramp ma’muriyatining Eron bilan urush tufayli iste’fo berayotgan birinchi mulozimi, shuningdek, AQShning amaldagi siyosatiga qo‘shilmasligini ochiqchasiga bildirayotgan kam sonli rasmiylardan biri bo‘lmoqda.

Jo Kent muqaddam ikki marta Kongress uchun saylovlarda muvaffaqiyatsizlikka uchragan, o‘tgan yilning iyulida esa kichik ustunlik bilan Milliy aksilterror markazi rahbari lavozimiga tasdiqlangan edi.

Jo Kent 2022 yilgi saylovoldi kampaniyasi paytida. Uning kongressmen bo‘lishga urinishlari muvaffaqiyatsizlikka uchraydi.

Ko‘pchilik demokratlar uning ekstremistik guruhlar, jumladan, Proud Boys («Mag‘rur yigitlar») tashkiloti a’zolari bilan aloqasi borligini da’vo qilishgan.

O‘z nomzodini tasdiqlash bo‘yicha eshituvlar vaqtida Kent federal agentlar go‘yoki 6 yanvar kuni Kapitoliyda tartibsizliklarni qo‘zg‘atgani haqidagi da’volaridan, shuningdek, Trampning 2020 yilgi saylovlarda g‘alaba qozongani haqidagi da’volaridan voz kechmagan.

Bungacha Kent AQSh qurolli kuchlari tarkibida 11 marta xorijga xizmat safariga yuborilgan, jumladan, AQSh armiyasining Iroqdagi maxsus kuchlari bo‘linmalarida xizmat qilgan.

Ma’lumot uchun, Milliy aksilterror markazi Markaziy razvedka boshqarmasi, Federal qidiruv byurosi, Pentagon va Ichki xavfsizlik vazirligi xodimlarini birlashtiradi hamda AQSh milliy razvedkasi direktori Talsi Gabbard idorasi tarkibiga kiradi. Jo Kent Gabbardning asosiy maslahatchisi hisoblangan va hozirgi AQSh ma’muriyati a’zolari orasida vazminroq tashqi siyosat tarafdorlaridan biri bo‘lgan.

Donald Tramp ma’muriyatida Eron bilan urush bo‘yicha qarashlar ikkiga ajralgan. Masalan, Trampning o‘zi vitse-prezident Jyey Di Vens bilan bu borada «falsafiy kelishmovchiliklar» bo‘lganini tan oldi. U o‘z chiqishlarida islom respublikasiga hujumni qo‘llab-quvvatlagan, ammo yopiq eshiklar ortida bunga faol ravishda qarshi chiqqan va AQShning yangi urushlarni boshlashdan ko‘ra ichki ishlarga e’tibor qaratishi kerakligini ta’kidlagan.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid