Iqtisodiyot | 07:15
3613
3 daqiqa o‘qiladi

Agrar yerlar geografiyasi: qaysi davlatlar yetakchi?

Qishloq xo‘jaligi yerlari dunyo bo‘ylab 46 million kvadrat kilometrdan ortiq maydonni egallab, global oziq-ovqat ishlab chiqarishning asosini tashkil etadi.

Foto: Getty Images

Yangi infografikada qishloq xo‘jaligi yerlari maydoni bo‘yicha 50 ta mamlakat taqdim etildi. Bunda Jahon banki tomonidan jamlangan, Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkilotining eng so‘nggi ma’lumotlaridan foydalanilgan. Katta farq bilan birinchi o‘rinni Xitoy egallab turibdi, undan keyin AQSh va Avstraliya keladi.

Taxminan ikki million kvadrat milya (besh million kvadrat kilometrdan ortiq) maydonga ega bo‘lgan Xitoy dunyodagi eng yirik qishloq xo‘jaligi yerlariga ega. Mamlakat aholisining taxminan beshdan bir qismi qishloq xo‘jaligida band, hozirgi kunda esa Xitoy qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish va iste’mol qilish bo‘yicha dunyoda yetakchi hisoblanadi.

Qizig‘i shundaki, Xitoydagi qishloq xo‘jaligi yerlari hududi ancha katta bo‘lgan Rossiya (2,1 million kvadrat kilometrdan ortiq) va Kanada (taxminan 569 ming kvadrat kilometr) kabi mamlakatlarga qaraganda ko‘proq. Buning sababi shundaki, ushbu davlatlarning ulkan hududlarining katta qismini sovuq mintaqalar, tundra va abadiy muzlik zonalari egallaydi.

Biroq iqlim o‘zgarishi vaqt o‘tishi bilan jahon qishloq xo‘jaligi geografiyasini o‘zgartirishi mumkin: ilgari dehqonchilik uchun haddan tashqari sovuq bo‘lgan shimoliy hududlar asta-sekin ekin yetishtirish uchun qulayroq bo‘lib bormoqda.

Reytingda keyingi o‘rinlarni AQSh (4,1 million kvadrat kilometr), Avstraliya (3,6 million kvadrat kilometr) va Braziliya (2,3 million kvadrat kilometr) egallaydi. Bu mamlakatlarning har biri turli ekin turlariga ixtisoslashgan.

Masalan, AQSh dunyodagi eng yirik makkajo‘xori ishlab chiqaruvchisi hisoblanadi, Braziliya esa soya va shakarqamish yetishtirishda yetakchilik qiladi. Shu bilan birga, Avstraliya asosan qurg‘oqchil iqlimga ega bo‘lishiga qaramay, Hindiston va Ukraina kabi yirik ishlab chiqaruvchilar bilan raqobatlashib, bug‘doy va boshqa don ekinlarining yirik ishlab chiqaruvchisiga aylangan.

Afrika davlatlari qishloq xo‘jaligi yerlari maydoni eng katta bo‘lgan 50 davlatning qariyb yarmini tashkil qiladi. Ular orasida Sudan (1,1 million kvadrat kilometr), Janubiy Afrika Respublikasi (963 ming kvadrat kilometr) va Nigeriya (694 ming kvadrat kilometr) alohida ajralib turadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid