Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Davlat tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat kuchaytiriladi
Davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiya holatlarining oldini olish, shaffoflikni ta’minlash hamda manfaatlar to‘qnashuviga barham berish maqsadida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimini takomillashtirishga qaratilgan namunaviy nizom loyihasi ishlab chiqildi.
Mazkur namunaviy nizom davlat organlari va tashkilotlarida, shuningdek, ustav kapitalida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlarida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalari faoliyatini tashkil etishning yagona tartibini belgilaydi.
Hujjatga ko‘ra, ichki nazorat bo‘linmalari korrupsiya holatlarini barvaqt aniqlash va oldini olish, ularning sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etish, davlat xizmatlarini ko‘rsatish jarayonlarida korrupsiyaviy omillarni kamaytirish, shuningdek, xodimlarda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga mas’ul bo‘ladi.
Shu bilan birga, mazkur bo‘linmalar tomonidan davlat xaridlari jarayonlarini monitoring qilish, manfaatlar to‘qnashuvini aniqlash va bartaraf etish, idoralar faoliyatidagi korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash va ularni kamaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqish nazarda tutilmoqda.
Nizom loyihasida ichki nazorat bo‘linmalari xodimlariga qo‘yiladigan malaka talablari, ularning huquq va majburiyatlari, shuningdek, lavozimga tayinlash va ozod etish tartibi ham aniq belgilab berilgan.
Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi xalqaro standartlar, xususan ISO 37001 talablari asosida tizimli yondashuvni joriy etish orqali ichki nazorat mexanizmlarining samaradorligini oshirish ko‘zda tutilgan.
Mazkur nizomning qabul qilinishi davlat boshqaruvi tizimida ochiqlik va hisobdorlikni yanada kuchaytirish, korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Mavzuga oid
09:15
Davlat organi va bank tizimidagi korrupsiya holatlari aniqlandi
18:28 / 12.06.2026
Qozog‘istonda pora berish niyati jinoyatga tenglashtirildi
10:12 / 11.06.2026
O‘simliklar karantini agentligida milliardlab so‘mlik korrupsion sxema fosh etildi
08:28 / 11.06.2026