Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Germaniya TIV rahbari Eronda harbiy yechimga ishonmayapti
Yoxann Vadeful Fors ko‘rfazi mamlakatlari ishtirokida muzokaralar o‘tkazishga chaqirdi. Germaniya tashqi ishlar vaziri fikricha, Yaqin Sharqdagi mojaroning harbiy yo‘l bilan hal etilishi “real emas”.
Foto: Sebastian Gollnow/dpa
Germaniya tashqi ishlar vaziri Yoxann Vadeful Eron bilan urushni harbiy vositalar orqali to‘xtatish mumkinligiga shubha bildirdi. “Men bu mojaroda harbiy yechim bo‘ladi, deb o‘ylamayman”, — dedi u 17 mart, seshanba kuni Berlinda har yili o‘tkaziladigan anjumanda. Ushbu anjumanni Germaniyaning Die Zeit, Handelsblatt, Tagesspiegel va WirschafsWoche nashrlari hamkorlikda tashkil etadi.
Vazirning fikricha, bunday yechim “real emas”. Vadeful, shuningdek, hozircha Eronda rejim almashishi ehtimolini ham ko‘rmayotganini aytdi. “Men bunday bo‘ladi, deb ishonmayman”, — dedi u. Siyosatchi Fors ko‘rfazi mamlakatlari ham qatnashadigan muzokaralarga chaqirdi. Germaniya TIV rahbari ta’kidlashicha, ma’lum bir pallada Eron bilan “aniq muzokaralar olib borish”ni boshlash zarur.
Fransiya tashqi ishlar vaziri Jan-Noel Barro anjumanda so‘zga chiqib, Erondagi urush oqibatida yangi migratsiya to‘lqinlari yuzaga kelishi mumkinligidan ogohlantirdi. “Bizga xavfsizlik, barqarorlik va boshqa ko‘p narsalarni ta’minlaydigan reja kerak”, — dedi u. Ikki siyosatchi ham Yevropa barqarorligining ahamiyatini ta’kidladi. Vadefulning aytishicha, Yevropa ilk bor “aynan o‘z chegaralari yonida ikki urush”ga duch kelmoqda. “Biz tanlamagan urushlarga tortilib ketishimizga yo‘l qo‘ymaymiz”, — dedi Barro.
Shu kuni ertaroq Berlinda Gretsiya tashqi ishlar vaziri Yorgos Gerapetritis bilan qo‘shma matbuot anjumanida so‘zlagan Germaniya TIV rahbari Rossiyani Yaqin Sharqdagi hozirgi inqirozdan foyda ko‘rayotgan “spekulyant” deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, neft va gaz narxlari oshishi tufayli Moskva manfaat ko‘rmoqda va o‘z harbiy xazinasini to‘ldirmoqda.
Vadeful ta’kidlashicha, “Rossiya Ukrainaga qarshi urushni avvalgidek kuch bilan davom ettirish niyatida ekaniga hech qanday shubha qoldirmayapti”, shuning uchun Yevropa Ittifoqi va Germaniya Rossiyaga qarshi energetika sanksiyalarini qo‘llab-quvvatlashi, qo‘shimcha choralar orqali Rossiya daromadlarini qisqartirishga intilishi kerak. “Har qanday holatda ham, hozir sanksiyalarni yumshatish noto‘g‘ri qadam bo‘lar edi”, — deya qo‘shimcha qildi Vadeful.
Mavzuga oid
16:46
AQSh aviatashuvchisida yong‘in: «Gerald R. Ford» Eronga qarshi urushda safdan chiqishi mumkin
16:22
Germaniya hukumati strategik gaz zaxirasini yaratishni istamoqda
16:12
Isroil Eron razvedka vaziri o‘ldirilganini ma’lum qildi
13:27