Iqtisodiyot | 19:04
1820
9 daqiqa o‘qiladi

Islomiy moliya – “yotgan” pulni iqtisodiyotga olib kirish vositasi

“Yostiq ostida” saqlanadigan pullar jamiyatga foyda keltirmaydi: pul qo‘ldan qo‘lga o‘tsa, banklarda aylansa, foyda manbasiga aylanadi. Turib qolgan pullar iqtisodiyotda ishlay boshlasa, ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish, tadbirkorlik va yangi ish o‘rinlarini yaratishga xizmat qiladi. Islomiy moliya – ishlamay yotgan pullarni “hayotga” chaqiruvchi omillardan biri.

Foto: Kun.uz

Amalda aholi qo‘lidagi mablag‘larning salmoqli qismi hali ham rasmiy moliyaviy tizimdan chetda qolmoqda. Bu holatni Markaziy bankning 2025 yilda 1200 nafar respondent ishtirokida o‘tkazilgan milliy so‘rovi ham tasdiqlaydi. Unga ko‘ra, aholining qariyb 50 foizi jamg‘armasini bankda emas, balki uyida yoki hamyonida naqd shaklda saqlashini aytgan. Atigi 7 foiz aholi mablag‘ini rasmiy jamg‘arma vositalari orqali saqlayotganini bildirgan. Yana qariyb 8 foiz respondent mablag‘ini chorva, mol-mulk yoki boshqa usullarda saqlayotgani, taxminan 7 foizi esa norasmiy jamg‘arma guruhlarida pul jamg‘arishi qayd etilgan.

Bu raqamlar iqtisodiyotda ishlashi mumkin bo‘lgan sezilarli ichki moliyaviy resurs hali to‘liq bank va moliya tizimi orqali iqtisodiy aylanmaga jalb etilmaganini ko‘rsatadi.

Masala faqat odamlar pulni qayerda saqlayotganida emas, asosiy savol – nega vatandoshlarning yarmi amaldagi moliyaviy vositalarni o‘ziga mos deb bilmayotganida.

Kimdir mablag‘ini tez ishlatish uchun naqd saqlaydi, kimdir rasmiy moliyaviy mahsulotlarga ishonmaydi, yana kimdir puli aniq aktiv, real tovar yoki tushunarli loyiha bilan bog‘langan holda ishlatilishini afzal ko‘radi. Demak, bu yerda gap faqat moliyaviy odatlarda emas, balki bozorda ishonchli, sodda va ehtiyojga mos vositalar yetarli emasligida.

Pulni uyda saqlash kam holatlarda iqtisodiy jihatdan samarali. Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil dekabr yakunida yillik inflatsiya 7,3 foizni tashkil qilgan. Yil boshida 1 dollar 12 904,91 so‘m bo‘lgan bo‘lsa, yil oxirida 12 025,33 so‘mni tashkil etgan. Bu raqamlar – “mablag‘ni passiv holda saqlab turish foydalimi?” degan savolga javob.

Moliyaviy bozorda tanlov va ehtiyojga mos yechimlar yetarli bo‘lmagani aholi jamg‘armalarining ishlamay yotishiga, qiymatini yo‘qotishiga sabab bo‘lyapti.

Bu joyda islomiy moliya haqida so‘z ochish o‘rinli bo‘ladi.

Islomiy moliyaga faqat diniy yoki tor ixtisoslashgan moliyaviy yo‘nalish sifatida emas, balki iqtisodiyotga kirmay turgan mablag‘ni rasmiy va ishonchli mexanizmlar orqali aylanmaga jalb qilish vositasi, bozorda hozircha to‘liq qamrab olinmagan talabga javob berish vositasi sifatida qarash kerak.

Agar turli ehtiyoj va qarashlarga mos moliyaviy vositalar bo‘lsa, iqtisodiyot ham kengroq qatlamni faollikka jalb qila oladi.

Bunday qo‘shimcha moliyaviy yo‘nalishga O‘zbekistonda real iqtisodiy ehtiyoj bormi? Bor. Jahon bankining 2025 yil dekabr oyidagi rasmiy ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekistonda mikro, kichik va o‘rta biznes jami tadbirkorlik sub’yektlarining 90 foizidan ortig‘ini tashkil qiladi, umumiy bandlikning 75 foizini ta’minlaydi va yalpi ichki mahsulotning taxminan 55 foizini yaratadi. Biroq aynan shu segment kapitalga chiqishda jiddiy to‘siqlarga duch kelmoqda: mikro, kichik va o‘rta biznes sub’yektlarining uchdan biridan ko‘prog‘ida bank hisobvarag‘i yo‘q, savdolarning 30 foizidan kami elektron shaklda amalga oshiriladi, kreditdan foydalanish darajasi esa hali ham pastligicha qolmoqda.

Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda mikro, kichik va o‘rta biznesning kreditga bo‘lgan ehtiyoji taxminan 13 milliard dollarga baholangan, bu yo‘nalishda 6 milliard dollarlik moliyalashtirish bo‘shlig‘i mavjud.

Shu bilan birga, biznesini kengaytirishni maqsad qilgan korxonalar faqat kredit emas, balki xususiy kapital investitsiyalariga ham ehtiyoj sezmoqda. Bu sohadagi talab 20–30 milliard dollar deb baholangan. Biroq mamlakatda faoliyat yuritayotgan uchta xususiy kapital fondining jami majburiyat olingan kapitali atigi 2 milliard dollarni tashkil etadi. Bu esa masala faqat moliya yetishmasligida emas, balki iqtisodiyotning faol qismi uchun mos va yetarli moliyaviy instrumentlar hali ham cheklanganini ko‘rsatadi.

Shu nuqtadan qaralganda, islomiy moliyaning amaliy ahamiyati yanada yaqqol namoyon bo‘ladi. Chunki ko‘p tadbirkorlarga shunchaki naqd pul emas, balki aniq ehtiyojiga mos moliyalashtirish kerak bo‘ladi: kimgadir uskuna zarur, kimgadir xomashyo, kimgadir tovar zaxirasi, kimgadir transport, kimgadir ishlab chiqarish buyurtmasini bajarish uchun aylanma resurs zarur bo‘ladi. Islomiy moliyada murobaha orqali tovar yoki uskuna olib berish, ijara orqali aktivdan foydalanish, salam va istisna orqali qishloq xo‘jaligi va ishlab chiqarishni moliyalashtirish, ayrim hollarda esa sherikchilik asosida moliyalashtirish ham mumkin. Shu jihatdan, u real sektor ehtiyojlariga yaqinroq mos keladi va ayniqsa savdo, xizmat ko‘rsatish, logistika, qishloq xo‘jaligi hamda kichik ishlab chiqarish sohalari uchun muhim ahamiyat kasb etadi.

Yana bir muhim tomoni – u iqtisodiyotni tartibga va shaffoflikka yaqinlashtiradi. Albatta, islomiy moliya yakka o‘zi yashirin iqtisodiyotni bartaraf etib qo‘ymaydi. Lekin u ayrim norasmiy aylanmalarni qisqartirishga yordam berishi mumkin. Chunki bunday moliyalashtirish shakllarida odatda real tovar, real xizmat, aniq shartnoma, hisob-faktura, elektron to‘lov va hujjatlashtirish muhim o‘rin tutadi. Natijada iqtisodiy operatsiyalar norasmiy va “ko‘rinmaydigan” holatdan rasmiy, hujjatlashgan va hisobli shaklga o‘tadi. Bu esa nafaqat biznes uchun, balki banklar, investorlar va regulyator uchun ham muhim.

O‘zbekiston iqtisodiyotida moliyalashtirishga bo‘lgan talab yuqori. Shuning uchun bu ehtiyojni faqat an’anaviy moliya tizimi orqali emas, balki turli moliyaviy mexanizmlar orqali qoplash zarur. Agar shunday sharoitda moliyaviy tizimga ishonchli, huquqiy jihatdan tartibga solingan va turli ehtiyojlarga mos yangi vositalar kiritilsa, bu ichki resurslarni iqtisodiyotga jalb qilish imkoniyatini kengaytiradi. Bu yerda masala faqat “yangi mahsulot”da emas, balki iqtisodiyotga qo‘shimcha resurs jalb qilish va ishonchni yanada mustahkamlashdadir.

O‘zbekistonda islomiy moliya endi nazariy muhokama bosqichida emas. Senat 2026 yil 5 fevralda islomiy bank faoliyatini joriy etishga oid qonunchilik o‘zgarishlarini ma’qulladi. Endi asosiy vazifa uni faqat huquqiy jihatdan joriy etish emas, balki real iqtisodiy ehtiyoj, bozor talabi va aniq moliyaviy mahsulotlar bilan ta’minlashdan iborat.

Islomiy moliyaning muhim qirrasi shundaki, u faqat tijorat bilan cheklanib qolmay, ijtimoiy sohaga yo‘naltirilayotgan mablag‘larni ham tartibli, shaffof va barqaror mexanizmlar orqali boshqarish imkonini beradi. Shu jihatdan vaqf va xayriya institutlari iqtisodiyotga to‘liq kirmay turgan resurslarni samarali ishga solishning ijtimoiy ko‘rinishi sifatida ahamiyatga ega.

2026 yil 17 fevraldagi prezident qarori bilan Ramazon oyida ehtiyojmand aholini qo‘llab-quvvatlash uchun “Vaqf” xayriya jamoat fondiga 800 milliard so‘m ajratilishi ham bu yo‘nalishga davlat darajasida e’tibor ortib borayotganini ko‘rsatadi. Shu bois, kelgusida vaqf qonunchiligini ishlab chiqish va vaqfga ixtisoslashgan moliyaviy institut yoki Vaqf bankini tashkil etish ijtimoiy mablag‘larni yanada samarali, shaffof va uzluksiz boshqarishga xizmat qilishi mumkin.

Masala yangi shior o‘ylab topish emas, iqtisodiyotga kirmay turgan mablag‘larni ishga solish, ichki jamg‘armalarni faollashtirish, kichik va o‘rta biznes uchun mos moliyaviy yechimlar yaratish va ayrim norasmiy aylanmalarni shaffof maydonga olib chiqish. Islomiy moliyaning O‘zbekiston uchun ahamiyati xususan shu bilan muhim. Darvoqe, u mavjud moliya tizimiga to‘siq yoki xavf emas, aksincha, uni to‘ldiruvchi, iqtisodiyotga yangi resurs, yangi tanlov va yangi imkoniyat olib kiruvchi qo‘shimcha mexanizmdir.

Iskandar Tursunov

islomiy moliya bo‘yicha mutaxassis

Al Muamalat Consulting asoschisi va direktori

Шокир Шарипов
Tayyorlagan Шокир Шарипов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid