O‘zbekiston | 08:39
3286
6 daqiqa o‘qiladi

Jizzaxda klaster fermerlarni “yutib yuboryapti” - hisob hozircha 195:0

Jizzaxda klaster fermer xo‘jaligidan bir milliard so‘mdan ortiq qarzdor bo‘lib qoldi. Fermer ayni paytda har tomonlama bosim ostida qolgan - soliq hech narsani eshitishni istamayapti, lizingga olingan texnikalar qo‘ldan ketgan, 80 gektarga ekilgan g‘allaga bir marta ham o‘g‘it berilmadi. Ayni bahor mavsumida dalada bo‘lishi kerak bo‘lgan dehqon shu kunlarda bir litr yoqilg‘iga zor bo‘lib turibdi. 195 ta ijro ishi doirasida 62 milliard so‘m qarzi bor “JIZZAX INDUSTRIAL TO‘QIMA” klasterini kim qo‘llayapti? 

Foto: Jizzax viloyati hokimligi

Sharof Rashidov tumanidagi “Xumoyun Uralov” fermer xo‘jaligi rahbari Ahror Shermonov “JIZZAX INDUSTRIAL TO‘QIMA” mas’uliyati cheklangan jamiyatidan haqini ololmay og‘ir moliyaviy holatga tushib qolganini aytmoqda. Fermerning ta’kidlashicha, u yetishtirgan paxta xomashyosi uchun milliardlab so‘m mablag‘ haligacha to‘lanmagan. Bu holat esa faqat bir fermer emas, balki tumandagi yana o‘nlab xo‘jaliklarga ta’sir qilgan bo‘lishi mumkin.

Ahror Shermonovning aytishicha, “Xumoyun Uralov” fermer xo‘jaligida paxta yetishtirish bo‘yicha klaster “JIZZAX INDUSTRIAL TO‘QIMA” MChJ bilan shartnoma tuzilguniga qadar hammasi yaxshi edi.

2023 yilgi paxta shartnomasi bo‘yicha klaster 490 million so‘m qarzdor bo‘lib qolgan. Keyinchalik uning bir qismi mineral o‘g‘itlar bilan hisob-kitob qilingan va hozirda 375 million so‘m qarz qolgan. 2025 yilgi paxta hosili bo‘yicha klaster yana 975 million so‘mni to‘lamagan. Shu tariqa fermerning hisob-kitobiga ko‘ra, umumiy qarzdorlik 1 milliard 350 million so‘mga yetgan.

195:0 - hozircha klaster “oldinda”

Mazkur masala yuzasidan fermer Jizzax tumanlararo iqtisodiy sudiga da’vo kiritgan. Sud qaroriga ko‘ra, klasterdan fermer foydasiga 786 mln so‘m asosiy qarz, 30 million so‘m penya hamda pochta xarajatlari undirilishi belgilangan. Sud qarori qonuniy kuchga kirgan va ijro uchun Majburiy ijro byurosiga yuborilgan.

Majburiy ijro byurosi Jizzax viloyati boshqarmasining Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, ijro jarayoni doirasida korxonaning bank hisob raqamlariga band solingan, mulklari xatlangan va aktivlari auksion savdolariga chiqarilgan. Sotuvdan tushgan mablag‘lar “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi qonunning 78-80-moddalariga muvofiq taqsimlanmoqda.

Ushbu klasterga nisbatan 195 ta ijro hujjati mavjud, umumiy qarzdorligi 62,6 milliard so‘m.

Sharof Rashidov tumani hokimligiga ko‘ra, 2025 yilgacha tumanda jami beshta klaster faoliyat yuritgan. Ulardan biri paxta-g‘alla, uchtasi paxtachilik, biri esa pillachilikka ixtisoslashgan. 2026 yilda esa ikkita paxtachilik klasteri fermerlar bilan hisob-kitoblari yakunlanmagani sababli klasterlar reyestriga kiritilmagan. Shulardan biri “JIZZAX INDUSTRIAL TO‘QIMA” MChJ.

Fermer bu yil ham millionlab zarar ko‘rishi mumkin

Fermerning aytishicha, klasterdan mablag‘ olinmaganiga qaramay, soliq tizimida avtomatik tarzda daromad hisoblanib, qarzdorlik yuzaga kelgan. Hozirda soliq organlari tomonidan taxminan 200 million so‘m qarzdorlik qayd etilgan. Fermer bu mablag‘ni klasterdan pul kelgandan keyin to‘lashini bildirgan bo‘lsa-da, soliq buni inobatga olmayotganini aytmoqda.

Moliyaviy qiyinchiliklar fermerning texnikalariga ham xavf solmoqda. U 2023 yilda “UZMASHLIZING” MChJ orqali Belarus-1221 rusumli traktor xarid qilgan. Qarzdorlik o‘z vaqtida qoplanmagani sababli texnika qaytarib olingan. 2024 yilda olingan paxta terish kombayni bo‘yicha qarz esa penyalari bilan 700 million so‘mga yetgan. Fermerning aytishicha, lizing kompaniyasi fermer xo‘jaligini bankrotlikka berish masalasini ko‘rib chiqishi mumkinligini bildirgan.

Fermerga ko‘ra, hozirgi kunda 50 gektar yerga paxta ekish uchun zarur tayyorgarlik ishlari to‘liq boshlanmagan. Texnika yetishmaydi, yoqilg‘i va mineral o‘g‘itlar xarid qilish imkoniyati ham cheklangan. Shuningdek, kuzda ekilgan 80 gektar g‘alla maydoniga bu yil bir marta ham mineral o‘g‘it berilmagan.

Fermer klaster rahbariyati bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish har doim qiyin bo‘lganini aytmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya rahbarlari tez-tez almashgan va mas’ul shaxslarni topish mushkul bo‘lgan. Fermer sud ijrochilaridan klaster balansidagi mol-mulkni undirishni so‘raganida, kompaniya balansida aktivlar deyarli yo‘qligi aytilgan.

Fermerning ta’kidlashicha, klaster bilan hamkorlik shartnomasi tuman hokimligi tavsiyasi asosida tuzilgan. Uning aytishicha, 2025 yilda shartnoma tuzish paytida klaster 2023 yilgi qarzlarni ham qoplab berishini aytgan.

Fermerni xafa qilsa bo‘laveradi(mi?)

Mazkur holat bir nechta muhim savollarni kun tartibiga olib chiqmoqda. Qanday qilib qarzdorligi 62,6 milliard so‘mga yetgan kompaniya bilan o‘nlab fermerlar shartnoma tuzgan? 195 ta ijro hujjati mavjud bo‘lgan korxona bilan hamkorlikda ishlagan fermerlar o‘z mablag‘larini qay tartibda undirib olishi mumkin? Auksion orqali sotilayotgan mulklar bu qarzlarni qoplashga yetadimi, degan savol fermerlarni, haqdorlarni tashvishga solmoqda.

Aslida klaster tizimi fermerlarga qanot bo‘lishiga umid qilingan, byurokratik to‘siqlarsiz, tengma-teng ishlashi uchun boshlangan islohot natijasi hisoblanadi. Biroq so‘nggi yillarda kuzatyapmizki, fermerning “burnini qonatadiganlar” aynan klasterlar bo‘lmoqda. Millionlab, milliardlab mablag‘ini yo‘qotgan fermer sud eshigida sarson, MIBning, soliqning qovog‘iga qarashga majbur bo‘lyapti. Bu kabi muammolarning tizimli tarzda avj olib ketmasligi uchun jiddiy choralar ko‘rilmas, fermerning mehnati kafolatlanmas ekan, qishloq xo‘jaligi jiddiy zarar ko‘rishda davom etaveradi. 

Eslatib o‘tamiz, bir muddat avval Urgut tumanidagi «UKRACH FAYZ» MChJ ham fermerlarning haqini bermay kelayotgani xabar qilingandi. Fermer hozirga qadar qarzdorlik to‘lab berilmaganini Kun.uz’ga ma’lum qildi. Ushbu klaster 16 ta fermer xo‘jaligidan jami 2,17 milliard so‘m qarzdor bo‘lgandi.

Дилшод Абдуқодиров
Tayyorlagan Дилшод Абдуқодиров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid