O‘zbekiston | 14:18
978
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliyev strategik sheriklikni muhokama qildi

O‘zbekiston va Ozarboyjon o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalari davlat rahbarlarining telefon orqali muloqotida muhokama qilindi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19 mart kuni Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev bilan telefon orqali muloqot qildi.

Suhbat avvalida davlat rahbarlari yaqinlashib kelayotgan Ramazon hayiti va Navro‘z bayrami munosabati bilan bir-birlarini samimiy qutlab, birodar xalqlarga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tiladi.

Muloqot chog‘ida Oliy davlatlararo kengashning ikkinchi yig‘ilishida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida O‘zbekiston – Ozarboyjon strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Tovar ayirboshlash hajmi barqaror o‘sib borayotgani, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport, madaniy-gumanitar va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda qo‘shma kooperatsiya loyihalari izchil ilgari surilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Davlat rahbarlari Yaqin Sharqdagi vaziyat yuzasidan ham fikr almashdilar. Uning yanada keskinlashishi keng mintaqa uchun oldindan aytib bo‘lmaydigan oqibatlarga olib kelishi, jahon iqtisodiyotiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi ta’kidlandi. Shu munosabat bilan vaziyatni siyosiy-diplomatik vositalar orqali tez fursatda yumshatish zarurligi qayd etildi.

Suhbat davomida bo‘lajak ikki va ko‘p tomonlama tadbirlar rejasi ham ko‘rib chiqildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid