Jahon | 09:45 / 19.03.2026
3303
2 daqiqa o‘qiladi

TSAHAL Eronning har qanday yuqori lavozimli amaldorini o‘ldiradi

Isroil siyosati qat’iy: Eronda hech kim daxlsizlikka ega emas va barcha nishon ostida, dedi Israel Kats. Shu bilan birga, u Eron razvedka vaziri Ismoil Xatib yo‘q qilinganini ham ma’lum qildi.

Foto: Fatemeh Bahrami/Anadolu/picture alliance

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu va mamlakat mudofaa vaziri Israel Kats Isroil mudofaa armiyasiga (TSAHAL) nishonga tushgan har qanday yuqori lavozimli eronlik amaldorni o‘ldirishga ruxsat bergan, buning uchun qo‘shimcha kelishuv talab etilmaydi. Bu haqda Kats 18 mart, chorshanba kuni bayonot berdi. U shunday dedi: “Isroil siyosati aniq va bir ma’noli: Eronda hech kim immunitetga ega emas, hamma nishon ostida”.

Shu bilan bir vaqtda vazir yaqin kunlarda Isroil harbiylari olib borayotgan operatsiyaning “barcha yo‘nalishlarida jiddiy kutilmagan hodisalarni kutish lozim”ligidan ogohlantirdi. Uning aytishicha, bu harakatlar Eronga va u qo‘llab-quvvatlaydigan Livandagi radikal “Hizbulloh” guruhiga qarshi urushni “yangi bosqichga olib chiqadi”, Eronga qarshi hujumlar shiddati yanada oshadi.

Shu kuni Kats Isroil havo zarbasi natijasida Tehronda Eron razvedka vaziri Ismoil Xatib o‘ldirilganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, zarba o‘tgan kechasi berilgan. Isroil vazirining ta’kidlashicha, Xatib “Eronda qotilliklar va repressiyalar uchun, shuningdek tashqi tahdidlarni yoyish uchun javobgar bo‘lgan rejimning ichki apparatini boshqargan”.

Isroil va AQShning Eronga qarshi urushi boshlanganidan buyon Eron hokimiyatining o‘nlab yetakchi vakillari o‘ldirilgan, ular orasida Eron oliy rahbari Ali Xominaiy ham bor.

17 mart kuni Milliy xavfsizlik kengashining bosh kotibi Ali Larijoniy va harbiylashtirilgan “Basij” tuzilmasi qo‘mondoni G‘ulomrizo Sulaymoniy o‘ldirilgani e’lon qilindi. Larijoniyning o‘ldirilishi 28 fevral, ya’ni urushning birinchi kuni Xominaiy o‘ldirilganidan keyin Tehron rahbariyatiga berilgan eng jiddiy zarba bo‘ldi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid