Jahon | 23:30 / 20.03.2026
1749
2 daqiqa o‘qiladi

Xominaiy AQSh va Isroilning xatosini aytdi

Mujtabo Xominaiyning ta’kidlashicha, Turkiya va O‘monga qilingan hujumlar Isroilning Eron va uning qo‘shnilari orasida nizo keltirib chiqarish uchun qilingan hiylasidir. 

Foto: Reuters

AQSh va Isroil Eron davlat tuzumi qulaydi deb o‘ylab xato qildi, dedi Eron oliy rahbari Mujtabo Xominaiy Navro‘z bayrami munosabati bilan e’lon qilingan bayonotida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Eron bir yil ichida uchta urushni boshidan o‘tkazdi: 2025 yil iyunidagi keyinchalik AQSh ham qo‘shilgan Isroil bilan nizo, 2026 yil yanvardagi norozilik namoyishlari hamda hozirgi nizo.

"Dushman xatoga yo‘l qo‘ydi va xalq bir-ikki kundan so‘ng islom tuzumini ag‘darishni xohlaydi deb o‘ylab adashdi", - dedi Xominaiy o‘tgan yozida bo‘lib o‘tgan nizo haqida. 

Uning aytishicha, AQSh va Isroil Eron xalqi “iqtisodiy muammolar sababli dushman yo‘rig‘iga yuradi” degan fikrda dekabr-yanvar oylarida “davlat to‘ntarishi”ni amalga oshirishga uringani ikkinchi urush hisoblanadi. 

Hozir esa AQSh va Isroil bilan uchinchi urush ketmoqda, deya qo‘shimcha qildi u.

"Ammo eronliklar mamlakat kabi keng mudofaa chizig‘ini yaratishdi va dushmanga zarba berishdi", - dedi Xominaiy. 

Uning ta’kidlashicha, Turkiya va O‘monga qilingan hujumlar Isroilning hiylasidir.

"Biz bilan yaxshi munosabatlarda bo‘lgan Turkiya va O‘mondagi ayrim obektlarga qilingan hujumlar Eron qurolli kuchlari yoki “Qarshilik o‘qi”ning boshqa kuchlari tomonidan amalga oshirilmagan. Bu islom respublikasi va uning qo‘shnilari orasiga raxna solish uchun ig‘vogarlik taktikasini qo‘llaydigan sionist dushmanlar foydalanadigan hiyladir", dedi u.

Дилшодбек Асқаров
Tayyorlagan Дилшодбек Асқаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid