Jahon | 10:31
1086
3 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy AQSh bilan navbatdagi muzokaralar bosqichini e’lon qildi

Ukraina delegatsiyasi Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushiga barham berish bo‘yicha muzokaralarning yangi bosqichi uchun AQShga yo‘l oldi, deb ma’lum qildi Volodimir Zelenskiy. Guruh tarkibiga Umerov, Budanov va Araxamiya kiradi. Muzokaralar 21 mart kuni bo‘lib o‘tadi.

Foto: AFP

Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushiga barham berish masalasi bo‘yicha Ukraina va AQSh delegatsiyalari o‘rtasidagi navbatdagi muzokaralar 21 mart kuni bo‘lib o‘tadi, dedi Volodimir Zelenskiy 19 mart, payshanba kuni kechki murojaatida. Uning so‘zlariga ko‘ra, Kiyevning muzokarachi guruhi allaqachon AQShga yo‘l olgan.

“Amerika tomonidan Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushiga chek qo‘yish uchun mavjud muzokara formatlarida ishni davom ettirishga tayyorlik haqida signallar bor”, — dedi Zelenskiy. U jangovar harakatlarni to‘xtatish bo‘yicha diplomatik sa’y-harakatlarda tanaffus yuzaga kelganini tasdiqladi, ammo endi “uni yakunlash vaqti kelganini” ta’kidladi.

“Biz muzokaralar haqiqatan ham mazmunli bo‘lishi uchun barcha ishni qilyapmiz. Ukraina jamoasi — aynan muzokarachi guruhning siyosiy qismi allaqachon yo‘lga chiqqan, shu shanba kuni biz Amerika Qo‘shma Shtatlarida uchrashuv kutmoqdamiz”, — deya davom etdi Ukraina prezidenti.

Volodimir Zelenskiyning aytishicha, shu kunning o‘zida u delegatsiya a’zolari bilan muzokaralarni batafsil muhokama qilgan: delegatsiyaga rahbarlik qilayotgan Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi Rustem Umerov, mamlakat prezidenti ofisi rahbari Kirill Budanov va parlamentdagi “Xalq xizmatkori” fraksiyasi raisi David Araxamiya bilan. Bundan tashqari, uchrashuvda prezident ofisi rahbarining birinchi o‘rinbosari Sergey Kislitsa ham ishtirok etadi.

18 mart kuni Germaniya kansleri Fridrix Mers yana bir bor Yevropa davlatlari Ukrainadagi urushni yakunlash bo‘yicha muzokaralar stoli atrofida bo‘lishi shart, degan fikrni bildirdi.

“Muzokaralar Ukraina boshi uzra va yevropaliklar boshi uzra — faqat Rossiya bilan AQSh o‘rtasida olib borilishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi”, — dedi u Bundestagda. Shu bilan birga, u AQSh va yevropalik hamkorlarni Moskvaga bosimni birgalikda kuchaytirishga chaqirdi.

Germaniya hukumati rahbari Berlinda Rossiya iqtisodiyoti “ushbu urush va bizning sanksiyalarimizdan jiddiy aziyat chekayotgani” haqida “ishonchli ma’lumotlar” borligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, aynan shu omil Yevropa Ittifoqi va AQShga bosimni davom ettirishi kerak bo‘lgan dastak hisoblanadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid