Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Fransiya “soya floti” tankerini qo‘lga oldi
Fransiya harbiy-dengiz kuchlari britaniyalik ittifoqchilari bilan birgalikda Murmanskdan yo‘lga chiqqan Deyna kemasini to‘xtatdi. Bu bir hafta ichida Rossiyaning “soya floti”ga mansub kema qo‘lga olingan ikkinchi holatdir.
Foto: AP
Fransiya harbiy-dengiz kuchlari 20 mart, payshanba kuni ertalab O‘rta Yer dengizida Rossiyaning “soya floti”ga mansub Deyna tankerini qo‘lga oldi. Bu haqda prezident Emmanuel Makron X ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qildi. Kema Mozambik bayrog‘i ostida Murmansk portidan ketayotgan bo‘lgan va soxta bayroqdan foydalanganlikda gumon qilingan. Fransiyaning O‘rta Yer dengizi bo‘yicha prefekturasi ma’lum qilishicha, operatsiya britaniyalik ittifoqchilar bilan hamkorlikda o‘tkazilgan.
Makron ta’kidlashicha, Yaqin Sharqdagi urush Fransiyani Ukrainaga yordam berishdan chalg‘itmaydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, “soya flot” kemalari xalqaro sanksiyalarni chetlab o‘tadi, dengiz huquqini buzadi va Rossiyaning harbiy harakatlarini moliyalashtiradi.
Bu bir hafta ichida Rossiya neftini tashiyotgan tankerlarni qo‘lga olish bo‘yicha ikkinchi holatdir — bundan oldin Shvetsiya Braziliyadan Primorskka yo‘l olgan Sea Owl kemasini to‘xtatgan edi. Fransiya floti uchun esa bu yil boshidan buyon shunga o‘xshash ikkinchi hodisa bo‘ldi.
Yanvar oyi oxirida Fransiya Harbiy-dengiz kuchlari O‘rta Yer dengizida Rossiyadan Komor orollari bayrog‘i ostida, hind ekipaji bilan ketayotgan sanksiya ostidagi Grinch tankerini ham qo‘lga olgan edi. O‘shandagi operatsiya ham Britaniya tomonidan berilgan razvedka ma’lumotlari ko‘magida o‘tkazilgan.
Fransiya hokimiyati kema kapitanini — 58 yoshli Hindiston fuqarosini hibsga oldi, tankerning o‘zi esa Marsel prokuraturasi ixtiyoriga topshirildi. Kema faqat fevral o‘rtalaridagina bir necha million yevro miqdorida jarima to‘langanidan keyin ozod qilingan.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi vakili Mariya Zaxarova esa qo‘lga olingan Grinch tankeri “Rossiya bilan har qanday aloqadan mahrum” ekanini aytdi va na yuk, na uning egasi haqida hech narsa bilmasligini bildirdi.
Mavzuga oid
15:29 / 17.03.2026
RFning gaz tashuvchi kemasi: YeI ekologik falokatdan xavotirda
11:44 / 16.03.2026
Fransiyada munitsipal saylovlarning birinchi turi bo‘lib o‘tdi
13:27 / 14.03.2026
Tramp Putinning Erondan uranni Rossiyaga olib chiqish haqidagi g‘oyasini rad etdi
15:03 / 13.03.2026