Jahon | 19:54 / 21.03.2026
5278
2 daqiqa o‘qiladi

Ho‘rmuz bo‘g‘ozi xavfsizligi tashabbusini 20 dan ortiq davlat qo‘llab-quvvatladi

Bayonotni imzolagan davlatlar fuqarolik infratuzilmasiga, jumladan, neft-gaz obektlariga hujumlarga zudlik bilan keng qamrovli moratoriy joriy etishga chaqirdi.

Foto: AFP

22 ta davlat qo‘shma bayonotda Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali xavfsiz o‘tishni ta’minlashga hissa qo‘shishga tayyorligini bildirdi. Davlatlarning shu haqdagi qo‘shma bayonotini BAA tashqi ishlar vazirligi e’lon qildi.

«Biz Eronning Fors ko‘rfazidagi tinch savdo kemalariga yaqinda uyushtirgan hujumlarini, fuqarolik infratuzilmasiga, jumladan, neft-gaz obektlariga qilingan hujumlarni va Eron kuchlari tomonidan Ho‘rmuz bo‘g‘ozining amalda yopilishini keskin qoralaymiz. Biz mojaroning kuchayishidan chuqur xavotir bildiramiz. Biz Eronni o‘z tahdidlarini zudlik bilan to‘xtatishga chaqiramiz», deyiladi xabarda.

Birlashgan Arab Amirliklari, Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, Italiya, Niderlandiya, Yaponiya, Kanada, Janubiy Koreya, Yangi Zelandiya, Daniya, Latviya, Sloveniya, Estoniya, Norvegiya, Shvetsiya, Finlyandiya, Chexiya, Ruminiya, Bahrayn, Litva va Avstraliya yetakchilarining qo‘shma bayonotida aytilishicha, ular tayyorgarlikni rejalashtirishda ishtirok etayotgan mamlakatlarning majburiyatlarini olqishlaydi.

Imzolovchi davlatlar fuqarolik infratuzilmasiga, jumladan, neft-gaz obektlariga hujumlarga zudlik bilan keng qamrovli moratoriy joriy etishga chaqirdi.

AQSh va Isroil harbiy operatsiyasi boshlanganidan keyin Eron jahon neft savdosining 20 foizigacha yetkazib beriladigan Ho‘rmuz bo‘g‘ozini kemalar qatnovi uchun yopdi. Tehron AQSh va Isroilning o‘z energetika obektlariga hujumlari munosabati bilan Yaqin Sharqdagi AQSh ittifoqchilari bo‘lgan mamlakatlar hududidagi neft va gaz ishlab chiqarish korxonalariga zarba berish rejalarini e’lon qildi.

19 mart kuni Qatarning QatarEnergy neft-gaz kompaniyasining suyultirilgan tabiiy gaz ishlab chiqarish obektlari ham zarbalar ostida qoldi.

18 mart kuni Isroil dunyodagi eng yirik Shimoliy/Janubiy Pars gaz koniga zarba bergan edi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid