Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Trampning navbatdagi nishoni: «Kubani egallash»
Uch haftadan buyon Eron bilan urishayotgan va Venesuelani nazoratda ushlab turgan AQSh prezidenti yana bir davlatga harbiy aralashuv haqida signal bermoqda.
Donald Tramp Oval kabinetda / Foto: Reuters
16 mart kuni Oval kabinetda jurnalistlar bilan suhbatlashgan AQSh prezidenti Donald Tramp «Kubani egallash sharafiga muyassar bo‘laman, deb ishonaman», dedi. Jurnalist aniqlik kiritishni so‘raganida u: «ha, Kubani qaysidir ko‘rinishda egallash», deb qo‘shimcha qildi.
«Kubani egallash. Demoqchimanki, uni ozod qilamanmi yoki bosib olamanmi — ochig‘ini aytganda, u bilan nima xohlasam shuni qila olaman, deb o‘ylayman», dedi AQSh yetakchisi.
Tramp, shuningdek «vaqt yaqinlashayotgani»ga ishora qildi. «Ular biz bilan gaplashishmoqda. Bu muvaffaqiyatsiz davlat. Ularning puli yo‘q. Ularning nefti yo‘q. Ularda hech narsa yo‘q», dedi u Oval kabinetda.
Trump on Cuba:
— Clash Report (@clashreport) March 16, 2026
I do believe I’ll have the honor of taking Cuba. That would be good. That’s a big honor.
I can free it or take it, I think I can do anything I want with it. pic.twitter.com/I0TpVCY73j
Keyin uning xayoliga yana bir fikr keldi: «Ularning yeri yaxshi va manzarasi chiroyli. O‘ylaymanki, Kuba o‘ziga xos tarzda, turizm va qolgan hamma narsasi bilan go‘zal orol, ob-havosi ajoyib», dedi Tramp.
New York Times'ning yozishicha, hatto Trampning prezident sifatida o‘z fikrini ochiq aytish borasidagi standartlari bilan o‘lchaganda ham, Kubani egallashga doir bu izohlari hayratlanarli darajada bo‘ldi.
O‘tgan asrning ikkinchi yarmida Fidel Kastro Kubada hokimiyatga kelganidan beri AQShda 13 ta prezident almashdi. Ularning har birining ushbu kommunistik orol-davlat bilan o‘ziga xos murakkab va ko‘pincha ziddiyatli munosabatda bo‘lgan. Ammo hozirgacha hech kim ushbu xalq ustidan nazoratni qo‘lga olish haqida bunchalik ochiqchasiga mulohaza yuritmagan edi.
AQShning barcha prezidentlari 1962 yilgi «Kuba raketa inqirozi»ni hal qilish bo‘yicha Sovet Ittifoqi bilan tuzilgan kelishuv doirasida Kubaga bostirib kirmaslik yoki bosqinni qo‘llab-quvvatlamaslik haqidagi va’dasiga sodiq qolib kelgan.
Trampning joriy yilda Venesuela va Eronga qilgan harbiy hujumlaridan so‘ng, Kuba haqida so‘zlari shunchaki o‘ylamasdan aytilgan gaplar bo‘lmasligi mumkin.
Mualliflarning yozishicha, bu mulohazalar — Tramp yilning birinchi choragi tugashidan oldin, ketma-ket uchinchi marta xorijiy hukumatni «boshsizlantirishga» intilayotganini ko‘rsatmoqda.
Yakshanba kuni Air Force One bortida u: «Men Kubani ushlab turibman. Tez orada kelishuvga erishamiz yoki nima qilishimiz kerak bo‘lsa, shuni qilamiz», dedi. Shu bilan birga u ketma-ketlikni ham aniq belgilab berdi: «Kubadan oldin Eron bilan shug‘ullanamiz».
Kubaga bosim allaqachon boshlangan
Amalda Tramp ma’muriyati allaqachon har ikki yo‘nalishda ham harakat qilmoqda. Joriy yil yanvar oyidan beri Qo‘shma Shtatlar Kubaga qarshi amalda neft blokadasini o‘rnatdi: orolga neft yetkazib beradigan boshqa davlatlarga tahdid qildi va hatto harbiy choralar ko‘rdi. O‘tgan oyda AQSh Sohil xavfsizlik xizmati kemasi Kolumbiyadan Kubaga xom neft olib ketayotgan tankerni to‘xtatib qoldi.
Natijada, 9 yanvardan beri Kubaga birorta ham sezilarli miqdorda neft yoki yoqilg‘i kelmadi. Bu esa orolda tez sur’atlar bilan kuchayib borayotgan inqirozni keltirib chiqardi. Qora bozorda sotilayotgan benzin narxi bir galloni uchun qariyb 35 dollargacha ko‘tarildi.
Elektr energiyasi deyarli har kuni uzilmoqda, jumladan dushanba kuni butun mamlakat bo‘ylab chiroq o‘chdi. Jarrohlik amaliyotlari kechiktirilmoqda, dori-darmonlar tugamoqda va oziq-ovqat taqchilligi ortib bormoqda.
16 mart kuni esa neft blokadasi natijasida Kubaning butun energetika tizimi ishdan chiqdi. 11 millionga yaqin aholi qariyb 30 soat davomida mutlaq zulmatda qoldi. Hozirda elektr ta’minoti qisman tiklangan bo‘lsa-da, cheklovlar davom etmoqda. Bundan norozilik fonida poytaxtdan cheka hududda kichik norozilik namoyishlari ham bo‘lib o‘tdi.
Kuba rahbariyati tang ahvolda
Marhum Fidel Kastro va uning akasi Raul Kastrodan so‘ng 2018 yilda prezidentlikni 65 yoshli Migel Dias-Kanel qabul qilgandi. U AQSh bilan muzokaralar «tomonlarning siyosiy tizimlariga hurmat, tenglik, suverenitet va o‘z taqdirini o‘zi belgilash prinsiplari asosida» o‘tishini kutayotganini aytdi.
Odatda, Kuba an’anaviy ravishda o‘zining ichki ishlariga har qanday aralashuvni rad etib keladi va bu boradagi har qanday taklifni kelishuvni to‘xtatuvchi omil, deb hisoblaydi. Ammo, prezident Dias-Kanel o‘tgan hafta millatga yo‘llagan murojaatida o‘z iqtisodiyotini ocha boshlashini tan oldi.
Shuningdek, Kuba Tashqi savdo va xorijiy investitsiyalar vaziri Oskar Peres-Oliva chet eldagi kubaliklarga mamlakatga sarmoya kiritish, bank xizmatlaridan foydalanish va biznes yuritishga ruxsat beruvchi qator o‘zgarishlarni e’lon qildi. Bu Kuba diasporasi uzoq vaqtdan beri kutgan siyosatdagi katta burilish bo‘lishi mumkin.
Kuba bunday o‘zgarishlarni amalga oshirish uchun qanchalik bosim ostida ekanligini belgilari ko‘p. Xususan, Peres-Oliva televideniye orqali berishi kerak bo‘lgan ushbu e’lonini radio orqali o‘qib berdi. Chunki, asosan neftda ishlaydigan elektr tarmog‘i hali ham ishlamayotgan edi. Seshanba tongga kelib, Kuba hukumati poytaxt Havananing deyarli 70 foizi hali ham elektrsiz ekanligini ma’lum qildi.
NYT nashri avvalroq, o‘z manbalariga tayanib, Tramp ma’muriyati Kubaga amaldagi prezident Dias-Kanel ketishi kerakligini aniq tushuntirganini yozgandi.
Ammo, Oq uy sahna ortida hokimiyatni saqlab qolayotgan Kastro oilasiga qarshi harakatlarni talab qilmayapti. Bu esa AQSh Venesuelada kuzatilganidek, rejimni butunlay o‘zgartirishdan ko‘ra, «rejimning itoatkorligi»ni afzal ko‘rishiga mos keladi.
Trampning Kubaga qiziqishi
Nashrning yozishicha, Kuba iqtisodiyotining ochilishi ehtimoli – Trampning e’tiboridan chetda qolmagan. Chunki Tramp ko‘chmas mulk magnati sifatida Janubiy Florida va Karib dengizi havzasiga azaldan qiziqishi bo‘lgan va uzoq vaqtdan beri bu orolga ko‘z tikib keladi.
«Newsweek» nashrining 2016 yilgi surishtiruviga ko‘ra, 1998 yilda Tramp nazorat qiladigan kompaniya yashirincha maslahatchilarni yollab, Kubaning salohiyatini o‘rganish uchun yuborgan. Bu safar AQShning Kubaga qarshi embargosini buzgan bo‘lishi mumkin. Bloomberg xabariga ko‘ra, 2011 va 2012 yillarda ham «Trump Organization» kompaniyasi rahbarlari golf maydoni uchun joy qidirib Kubaga tashrif buyurgan.
2016 yilgi saylovoldi kampaniyasi paytida Tramp u yerda biznes yuritishni xohlashini bir necha bor aytgan edi. «Kuba investitsiyalar uchun yaxshi imkoniyat bo‘lardi. O‘ylashimcha, hozir buning vaqti emasdir», degan edi u.
Ikkinchi prezidentlik muddatiga kelib esa u vaqt yaqinlashayotganiga ishora qilmoqda.
Rossiya Kubaga birdamlik bildirmoqda
Rossiya zarurat tug‘ilsa, o‘zining uzoq yillik ittifoqchisi bo‘lgan Kubani qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi. Xususan, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Trampning ismini tilga olmagan holda, o‘zi «Ozodlik oroli» deb atagan hudud atrofida keskinlikning kuchayishidan jiddiy xavotir bildirdi.
«Rossiya Kuba hukumati va qardosh xalqi bilan o‘zining tebranmas birdamligini yana bir bor tasdiqlaydi. Biz suveren davlatning ichki ishlariga qo‘pol ravishda aralashishga urinishlarni, qo‘rqitish va noqonuniy bir tomonlama cheklovchi choralarni qo‘llashni keskin qoralaymiz», deyiladi vazirlik bayonotida.
Kreml Kuba rahbariyati bilan aloqada ekanini va Moskva barcha mumkin bo‘lgan yordamni ko‘rsatishga tayyorligini ma’lum qildi.
Ammo, Rossiyaning Ukraina bilan 4 yillik urushi uning xalqaro maydondagi so‘zlari ta’sir kuchini tushirib yubordi, deyish mumkin. Chunki, Putin o‘zining boshqa ittifoqchilari Bashar Asad va Nikolas Maduro qulaganida ham yordam berolmadi. AQSh-Isroilning Eron bilan urushida ham Tehronni amalda deyarli qo‘llay olmayapti.
Mavzuga oid
14:37
O‘zbekistonlik harbiylar AQShda o‘tkazilgan musobaqada rekord natija qayd etishdi
14:30
Isroil IIMKning “bosh targ‘ibotchisi” o‘ldirilganini tasdiqladi
14:29
Zelenskiy AQSh bilan bo‘lajak muzokaralarning asosiy mavzularini aytdi
12:11