Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Germaniyada temiryo‘lga qo‘yilgan beton plitalar poyezd avariyasiga sabab bo‘ldi
Germaniyaning g‘arbiy qismidagi Kamen shahri hududida noma’lum shaxslar temiryo‘l izlariga beton plitalar va metall prut qo‘yib ketgan, bu esa mintaqaviy poyezd halokatiga sabab bo‘lgan. Politsiya voqeada siyosiy motiv bo‘lishi ehtimolini ham istisno etmayapti.
Germaniyaning Shimoliy Reyn — Vestfaliya federal yerida Axendan Xammga yo‘nalgan mintaqaviy ekspress poyezd temiryo‘l izlarida qoldirilgan beton plitalar va metall buyumlar sabab avariyaga uchradi. Bu haqda Bild gazetasi 22 mart, yakshanba kuni xabar berdi. Nashr ma’lumotiga ko‘ra, favqulodda hodisa bir kun avval kechasi Kamen-Metler va Kamen stansiyalari oralig‘ida sodir bo‘lgan.
Gazetaning yozishicha, mazkur hodisani tekshirish bilan davlat xavfsizligini himoya qilish bo‘limi (Staatsschutz) shug‘ullanmoqda. Ushbu bo‘lim o‘ng va so‘l ekstremizm, terrorizm hamda josuslik bilan bog‘liq tahdidlarga qarshi kurashadi.
Nashrda aytilishicha, mashinist temiryo‘ldagi begona buyumlarni o‘z vaqtida payqab, tormozni bosgan, ammo avariyaning oldini olishning iloji bo‘lmagan. Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, mashinistning o‘zi ham, poyezddagi 309 nafar yo‘lovchi ham jabr ko‘rmagan. Hodisadan keyin poyezd harakatni davom ettira olmagan, yo‘lovchilar evakuatsiya qilingan. Ular safarni boshqa poyezdda davom ettirgan.
“Tergovning dastlabki natijalari temiryo‘l izlariga bir nechta beton plitalar va metall prut qo‘yilganini ko‘rsatdi”, — deb yozadi Bild politsiya matbuot kotibiga tayanib.
Aftidan, ushbu plitalar jinoyatchilar tomonidan temiryo‘lning zarar ko‘rgan qismi yaqinida joylashgan kabel qudug‘idan oldindan sug‘urib olingan.
Politsiya temiryo‘l transporti faoliyatiga xavfli aralashuv moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atgan. Shu bilan birga, voqeada siyosiy motiv bo‘lishi ham istisno qilinmayapti. Hozir tergovchilar yarim tun atrofida ushbu temiryo‘l uchastkasining yaqinida shubhali shaxslarni ko‘rgan bo‘lishi mumkin bo‘lgan guvohlarni qidirmoqda.
Mavzuga oid
18:47 / 14.06.2026
Germaniya prezidenti O‘zbekistonga keladi
10:50 / 12.06.2026
O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasida qo‘shimcha temiryo‘l qurilishi mumkin
14:04 / 11.06.2026
Toshkent–Andijon va Toshkent–Termiz yo‘nalishlarida yuqori tezlikdagi poyezdlar qatnovi reja qilinmoqda
10:00 / 10.06.2026