Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Parijda so‘l kuchlar ustun keldi: Greguar merlikni qo‘lga kiritdi
Fransiyada munitsipal saylovlarning ikkinchi bosqichida mamlakatning 1600 ta munitsipalitetida saylovchilar kim rahbar bo‘lishini belgiladi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Parij meri lavozimini 48 yoshli sotsialist Emmanuel Greguar egallaydi.
Foto: SCANPIX / ISA HARSIN / SIPA
22 mart, yakshanba kuni kechqurun AFP agentligi munitsipal saylovlarning ikkinchi turi natijalariga tayanib xabar qilishicha, Parijning yangi meri so‘l partiyalar koalitsiyasidan ko‘rsatilgan 48 yoshli sotsialist Emmanuel Greguar bo‘ladi.
Greguar o‘ng markazchi “Respublikachilar” partiyasidan nomzod, Fransiyaning sobiq madaniyat vaziri Rashida Datini mag‘lub etdi. Agentlik eslatishicha, Dati sentabr oyida korrupsiya ishi bo‘yicha javob berishi kerak bo‘ladi. Avvalroq Fransiya hukumati uni qo‘llab-quvvatlayotgani haqida xabarlar chiqqan edi, ammo prezident Emmanuel Makron OAVdagi u shaxsan uni yoqlab chiqqan, degan iddaolarni ochiqchasiga rad etgan.
AFP qayd etishicha, Greguar uzoq vaqt davomida Parijning amaldagi meri Ann Idalgoning “o‘ng qo‘li” bo‘lib kelgan va u Idalgoning iqlimni himoya qilish va velosiped harakatini rivojlantirishga qaratilgan siyosatini davom ettirish niyatida. Shuningdek, u bo‘sh turgan ofis binolarini ijtimoiy uy-joyga aylantirishni rejalashtirmoqda.
So‘l kuchlardan yana bir vakil — Marselning amaldagi meri Benua Payan Fransiyaning ikkinchi eng yirik shahrida ham qayta saylanishga erishdi. U o‘ng populist nomzod Frank Allizioni mag‘lub etdi.
O‘ta o‘ng qanotdagi “Milliy birlashuv” (RN) partiyasi janubiy port shahri Tulonda ham mag‘lubiyatga uchradi. U yerda RN'dan nomzod Lora Lavalett uzoq vaqt so‘rovnomalarda yetakchilik qilib kelgan edi. Ammo natijada amaldagi konservativ mer Joze Massi o‘z lavozimida qoldi.
Munitsipal saylovlar ikkinchi turi yakunlanganidan so‘ng, RN rahbari Jordan Bardella bu natijani o‘z partiyasi tarixidagi “eng katta ilgarilash” deb atadi. Uning aytishicha, mamlakat o‘ng kuchlari “o‘nlab shaharlar”ni qo‘lga kiritgan.
RN deputati Loran Jakobelli o‘ng kuchlar taxminan 30 ta shaharda g‘alaba qozonganini aytdi. Xususan, gap Fransiya janubidagi Oranj, Karkasson, Karpantra, shuningdek mamlakat shimolidagi Leven shahri haqida bormoqda. O‘ng lagerning eng katta g‘alabasi esa, ehtimol, mamlakatning beshinchi yirik shahri bo‘lgan Nitssada bo‘lishi mumkin.
Fransiya sharqidagi Arsi-syur-Ob shahrida xalqaro sarlavhalarga chiqqan Ittler va Zelinski o‘rtasidagi “duel”da partiyasiz nomzod Sharl Ittler g‘alaba qozondi. O‘ta o‘ng kuchlar qo‘llab-quvvatlagan Antuan Reno-Zelinski esa mag‘lub bo‘ldi.
Fransiyaning 35 ming munitsipalitetining aksariyatida saylov taqdiri birinchi turdayoq hal bo‘lgan edi. Qayta ovoz berish faqat taxminan 1600 ta munitsipalitetda, asosan mamlakatning yirik shaharlarida o‘tkazildi.
16 mart kuni bo‘lib o‘tgan munitsipal saylovlarning birinchi turi natijalari 2027 yil apreliga rejalashtirilgan Fransiya prezidentlik saylovlari oldidan muhim siyosiy barometr sifatida baholanmoqda.
Shu kuni Parijda Emmanuel Greguar 38 foiz ovoz to‘plab, 24 foiz olgan Rashida Datidan o‘zib ketgan edi. Qayd etilishicha, ikkinchi turda Per-Iv Burnazel (“Gorizontlar”) va Sofiya Shikiru (“Bo‘ysunmas Fransiya”) ro‘yxatlari ham ishtirok etgan.
AFP ta’kidlashicha, Gavr shahrida markazchi “Gorizontlar” partiyasi vakili Eduar Filipp, prezidentlik lavozimiga ehtimoliy nomzodlardan biri sifatida ko‘rilayotgan siyosatchi, 16 mart kuni qariyb 44 foiz ovoz to‘plagan va ikkinchi turda yakuniy g‘alabaga erishgan. U prezidentlik kampaniyasida qatnashish uchun mer lavozimiga qayta saylanishni majburiy shart qilib qo‘ygan edi.
Fransiyaning amaldagi prezidenti Emmanuel Makron konstitutsiyaviy cheklovlar sabab 2027 yilgi saylovlarda ishtirok eta olmaydi. Le Monde gazetasi yanvar oyida e’lon qilgan jamoatchilik fikri so‘roviga ko‘ra, fransuzlarning taxminan 42 foizi “Milliy birlashuv” g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlagan. Boshqa so‘rovlar esa avvalroq prezidentlik saylovlarida o‘ta o‘ng partiya nomzodi g‘alaba qozonishi mumkinligini bashorat qilgan edi.
Mavzuga oid
13:22
O‘zbekiston Fransiya bilan qo‘shma agrar tadqiqot loyihalarini yo‘lga qo‘ymoqchi
13:43 / 21.03.2026
Fransiya “soya floti” tankerini qo‘lga oldi
15:29 / 17.03.2026
RFning gaz tashuvchi kemasi: YeI ekologik falokatdan xavotirda
11:44 / 16.03.2026