Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ruhiy salomatlik: O‘zbekistonda vaziyat qanday?
O‘zbekistonda ruhiy kasallikka chalinishlar soni oshib boryapti. Bunga sabab sifatida stress, axborot bosimi va ijtimoiy yuklamalar oshgani ko‘rsatilmoqda. Oqibatda “xalqning og‘rib turgan yarasi”dan foydalanuvchi chalapsixologlar armiyasi instagramda millionlab auditoriyani istaganicha boshqaryapti. Kun.uz odamlardagi psixologik muammolar, ularning sabablari hamda yechimlar haqida shifokorlar bilan suhbatlashdi.
So‘nggi yillarda ruhiy salomatlik global muammoga aylanmoqda. Turli tadqiqotlarga ko‘ra, dunyo aholisining qariyb sakkizdan biri turli darajadagi ruhiy buzilishlardan aziyat chekmoqda. O‘zbekistonda ham bu yo‘nalishdagi ko‘rsatkichlar yuqori emas: ruhiy salomatlik indeksida mamlakat 83 davlat ichida 74-o‘rinda qayd etilgan.
Mutaxassislar bunday holatni zamonaviy hayot tarzi – axborot oqimining keskin oshishi, gadjetlarga bog‘liqlik, ekologik muammolar va oziq-ovqat sifati bilan izohlaydi. Ayni paytda, jamiyatda ruhiy muammolarga yechim izlayotganlar soni ortib borayotgani sababli, bu sohada malakali mutaxassislar bilan bir qatorda, ilmiy asosga ega bo‘lmagan “psevdopsixologlar” ham faollashmoqda.
Ruhiy kasallar soni oshyapti
Azizbek Eraliyev shifokor-psixiatr:
“Umumiy statistika bo‘yicha butun yer yuzida ruhiy kasalliklar soni oshib boryapti. Bunga sabablar: hozirgi informatsion tizimning oshib ketishida. Ortiqcha informatsiyalar va gadjetlar, ekologiya va oziq-ovqatlardagi sun’iyliklar ham sabab bo‘ladi. Chunki tanada minglab mutatsiyalar sodir bo‘ladi. Buni genetiklar tasdiqlashadi. Mutatsiyalar soni oshishi natijasida yuzaga kelayotgan yangi turdagi chegaraviy ruhiy buzilish holatlaridagi insonlar soni oshishi kuzatiladi. Ya’ni bunga atrof-muhit, informatsion omil sabab bo‘ladi. Ularning soni hozirgi paytda judayam oshib ketyapti. Masalan faoliyat boshlaganimga qariyb 10 yil bo‘lyapti. Bolalar psixiatriyasida autizm tashxisi juda kam uchrardi o‘shanda. Ba’zida ustozlarimiz haqiqiy tipik bemor kelsa “mana buni ko‘ringlar” deb aytardi. Yoki kattalardagi ruhiy sindromlarniyam shunday qilishardi. Hozir esa bir haftada bir nechta autizm tashxisi bilan murojaat qilgan bemorlarni ko‘ryapmiz. Autizm – endogen (ichkaridan ruhiy buzilish) va xulq-atvorning juda qo‘pol tarzda buzilishi hamda asoratlariga olib keladigan kasallik. Shuning o‘zi bir paytlar noyob holat bo‘lsa, hozirga kelib oddiy holga aylandi.
Psevdomutaxassislarning marketing nayrangi
Ruhiy salomatligimizni yaxshilashga urinishlar bor jamiyatda. Lekin talab kuchaygani sari berilayotgan takliflar ham ko‘paygan. Instagramni tutib ketgan “psixologlar” armiyasi millionlab auditoriyani boshqaryapti, ular istagancha narxlarda va ko‘rinishlarda o‘z xizmatlarini sotishyapti.
Gavhar Darvish (Teshaboyeva) psixoterapevt:
“Bozor qonuni shunday: talab bo‘lsa taklif ham bo‘ladi. Insonda muammo bor, uni yechib beradigan chala mutaxassislar paydo bo‘ldi. Ular juda jadallik bilan ko‘payib ketib, mediada bemalol chiqishlar qilishni boshlashdi, sababi bugun mediada kim ilg‘or bo‘lsa unga murojaatlar soni ko‘p bo‘ladi. Xalqning og‘rib turgan yarasi bor, ular go‘yoki shartta shunga yechim ko‘rsatganday bo‘lishdi. Ammo bu yechim har doim ham to‘g‘ri bo‘lmaydi. Ular orasida o‘z sohasining haqiqiy professional mutaxassislari ham bor, lekin asosan mediani egallagan mutaxassislarni chala mutaxassis yoki psevdomutaxassislar desak to‘g‘ri bo‘ladi. Ularni qanday aniqlasa bo‘ladi? Ular birdaniga bitta sessiyada muammoni hal qilib berishni va’da qilishadi. Og‘rig‘i bo‘lgan odam, misol uchun farzandini yo‘qotgan odam shu qayg‘udan qutulishni istaydi va yechim topishni qidiradi. Psevdomutaxassislar bir konsultatsiyada muammoni hal qilib berish usulini taklif qilishadi. Bu marketing nayrangi hisoblanadi.
Farzandini yo‘qotgan bir ayol keldi, tushlariga kirgan o‘g‘li, yurgan yo‘lida ko‘ziga ko‘rinavergan, hayotni usiz tasavvur qila olmaydigan darajaga kelib qolgan. Chuqur depressiyaga tushgan va shunaqa chalamutaxassisning qo‘liga tushib qolgan. U bu muammoga yechim va’da qilgan, ayol unga ishongan. Bu yerda juda katta summa haqida gap ketyapti. Ba’zi holatlarda uyini sotib shunaqa mutaxassislarga borganlarniyam eshitganmiz. Bu bemorlar ulardan davo topa olmagandan keyin bizga kelishadi – endi uning uyi yo‘q, bo‘ynida qarzi bor va hokazo. Muammosi esa hal bo‘lmagan.
Mutaxassisning bir martada natija va’da qilishi uning psevdo ekanligidan darak beradi. Uning qayerni bitirgani, necha yillik tajribaga ega ekanligi, mutaxassisligi bo‘yicha diplomini so‘rash kerak. Ular xonasiga ilib tashlagan sertifikatlari muhim emas. Borishdan oldin bularni so‘rash kerak. Hali o‘qishni bitirmagan talaba bo‘lishi yoki falonchi mutaxassisning qo‘lida o‘qigan bo‘lishi, qo‘lida diplomi bo‘lmasligi uning chala yoki soxtaligidan dalolat beradi.
Siz borayotgan mutaxassis aynan qanaqa metodika bilan ishlashini bilishingiz shart. U sizga qo‘llamoqchi bo‘lgan usulining nomini bilishingiz kerak. Chunki ruhiyatingizni chala va soxtaning qo‘liga topshirib bo‘lmaydi. Ruhiyat – bu ma’naviyat, bu mentalitet, insonning butun borlig‘i, ichki dunyosi degani. Buni hammagayam ochib bermaslikni maslahat bergan bo‘lardim. Ya’ni haqiqiy mutaxassisga ruhiy muammo bilan boradigan bo‘lsangiz, ular sizga yechim taklif qiladi va bu bitta seansda bo‘lmaydi. Buning uchun siz ishlaysiz. Mutaxassis bilan birgalikda ter to‘kasiz. Unga vaqt, kuch va bilim ajratasiz. Ma’lum bir muddatdan keyin, deylik 3 oy yoki 1 oy, balki 1 yil (o‘rtacha 6 oy) muddatdan keyingina muammolarga haqiqiy yechim topsa bo‘ladi.
Ayollarda ijtimoiy mas’uliyat ko‘pligi ularni tez charchatib qo‘yadi
Ruhiy salomatlik masalasi yoshga, jinsga va biz yashayotgan joyga bog‘liq. Masalan erkaklar va ayollarda ruhiy kasalliklar boshqacha kechadi. Erkaklarda ko‘proq nevrasteniya uchraydi. Erkak kishi charchasa urishqoq, baqiroq bo‘lib qoladi. Ayollar esa yig‘loqi bo‘lib qoladi. Tadqiqotlarga ko‘ra, ayollarda erkaklarga nisbatan 8 baravar ko‘proq ruhiy muammolarga uchrash xavfi bo‘ladi. Bu emotsionallik, ayollarda o‘ziga xos davrlarning bo‘lishi (menopauza, turmushga chiqish, farzandli bo‘lish) ayol organizmida o‘ziga xos o‘zgarishlarga olib keladi. Ayollarda ijtimoiy rollarning ko‘pligi ham. Chunki erkak kishi ishga borganda to‘liq o‘zini ishga bag‘ishlaydi. Lekin ayol kishi ishxonada farzandlarning maktabdan kelishi, nima ovqat yeyishi, kechqurunga nima ovqat qilish kabi minimum muammolarni o‘ylaydi. Bundayam hali agar uni hayoti tinch bo‘lsa, er-xotin orasida muammolar bo‘lmasa, farzandlardan ko‘ngil to‘q bo‘lsa. Ijtimoiy mas’uliyatning ko‘pligi ayol kishini tez charchatib qo‘yarkan. Hozirgi davrda ayollarda haqiqatan stress ko‘p, hayot jadal va ulgurmaslik holati bor. Farzand tarbiyasida, rafiqa, ona bo‘lishda yoki biror soha egasi bo‘lishda muvozanatni yo‘qotib qo‘ygan ayollarimiz ko‘p. Qabulimga kelgan ayollarga avvalo o‘zlarini tanib olishni maslahat beraman. Ya’ni kimdir jadal ishlayotgan bo‘lsa u bilan o‘zini solishtirmaslik kerak. O‘zingizday temperamentli, intellektli va xarakterli, moddiy jihati bir xil ayol bilan solishtiring. Ana shunda solishtirish to‘g‘ri bo‘ladi.
Ruhiy muammolar qachon tugaydi?
Hozir “energiyangizni qaytarib beraman” yoki “boy bo‘lishni o‘rgataman”, “men bilan sokinlikka erishasiz” va hokazo treninglar juda ko‘p. Uning o‘z yo‘li bor. U yurgan yo‘l sizga mos kelmasligi mumkin. Shuning uchun dinimizda aytiladi: “Kim o‘z nafsini tanisa, Robbisini tanibdi”. Ya’ni o‘zimizni anglab olishimiz kerak. Temperamentimiz – bizning asl tabiatimiz, Alloh bizni shunday yaratdi. Xarakterimiz qanaqa o‘zi, zaif tomonlarimiz, kuchli tomonlarimiz, intellektual qobiliyatimiz, imkoniyatlarimiz, harakatchanligimiz qanaqa? O‘zimizni bilganimizdan keyin shundan kelib chiqib harakat qilamiz. Insonning ruhiy muammolari qachonki u rivojlanishni boshlaganda tugaydi. Stressga qanchalik chidamlimiz, stressdan chiqish ko‘nikmalari borligi, kerakli paytda kerakli mutaxassisga kelish va bundan uyalmaslik. Chunki xalqimizda stigma yuqori, bir marta psixiatrga borsam, ro‘yxatga oladi va jinni degan nom olaman degan fikr bor”.
Azizbek Eraliyev shifokor-psixiatr:
“Birinchi o‘rinda aholiga ruhiy salomatlik bo‘yicha ma’lumot berish kerak. Har qanday muammoga yechim topishda uni qanchalik yaxshi bilish muhim. Hozirgi bo‘layotgan agressiyalar, qotilliklar, tilga olib bo‘lmaydigan xunuk holatlarning sonini kamaytirish uchun birinchi o‘rinda ruhiy salomatlik nima ekanligi, ruhiy sog‘lom odam kimligini bilishimiz kerak. “Qizim yashay olmayapti kuyovim bilan, lekin kuyovim judayam yaxshi. Ichmaydi, chekmaydi, ishlaydi, oylik oladi”, deb kelishadi. Kelindan uyda bo‘layotgan voqealarni eshitganimizda: u odamning (kuyov) o‘zini tutishi, gapirishi, qiliqlari, reaksiyalaridan g‘irt ruhiy kasalni ko‘ramiz. Kelin bir vaqtning o‘zida ruhiy bemor bilan yashayotgan bo‘ladi. Sog‘lom inson bilan ayol kelishmay qolsa, sog‘lom erkakning xohishlari qondirilsa, unga muvofiq narsa berilsa, u to‘xtaydi. Lekin ruhiy kasal o‘zi nima xohlayotganini o‘zi bilmaydi. O‘sha er bilan yashagan ayolda sekin-astalik bilan nevroz holati, agar undayam ozgina moyillik bo‘lsa psixoz holati yuzaga keladi. Sog‘lom oilada nafaqat ajrashish, balki farzandlargayam og‘ir shikastlar yetish holatlari bo‘ladi. Ruhiyat haqida tasavvuri yo‘q insonlarga ruhiy kasallikni tushuntirish qiyin bo‘ladi. Buni davlat darajasida, ta’lim darajasida o‘rgatish kerak. O‘shandagina ularning soni kamayishi mumkin. Yoki bularga qarshi chora-tadbirlarimiz ertaga bu statistikani tushirishi mumkin. Agar oldingizga bemor kelsa, unda MRT tekshiruvlari bo‘lsa, shunga qarab o‘zgarishlar hisobiga kasalligini tushuntirish juda oson. Lekin juda qiyin, ko‘zga ko‘rinmaydigan narsaki, ruhiyatda bo‘layotgan o‘zgarishni ruhiy kasal deb tushuntirish. Uning ruhiy kasalligi, ruhiy nosog‘lomligi xulq-atvoridan, oilada, jamiyatda qilayotgan ishidan bilib olasiz. Buni bilganingizda esa kech bo‘ladi. “Bu sog‘lommas ekan, dabdala qildi, oilani buzdi, farzandining boshiga yetdi, qotillik qildi-ku, qamalgan bilan chiqib yana qotillik qilyapti”, degan narsani bilganda kech bo‘ladi. Shuning uchun ruhiy salomatlikka e’tibor, ruhiyat nima, sog‘lom ruhiy inson kimligiga e’tibor berilsagina odamlarda ruhiy holat bilan bog‘liq muammolar sal chekinadi”.
Aholining ruhiy salomatligi: iqtisodiy o‘sishga, oilaning tinchligiga, ta’lim sifatini oshirishga, jinoyatchilikni kamaytirishga va ijtimoiy ishonchni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Mavzuga oid
19:48 / 06.03.2024
O‘zbekiston dunyo ruhiy salomatligi reytingida so‘nggi o‘rinda qayd etildi
15:00 / 10.07.2018
LonelyPlanet reytingi: O‘zbekiston Osiyoning eng sayohatbop o‘lkalari safida
02:18 / 22.04.2017
O‘zbekistonda maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish tizimi tubdan takomillashtiriladi
12:01 / 31.10.2016