O‘zbekistonda ruhiy kasallikka chalinishlar soni oshib boryapti. Bunga sabab sifatida stress, axborot bosimi va ijtimoiy yuklamalar oshgani ko‘rsatilmoqda. Oqibatda “xalqning og‘rib turgan yarasi”dan foydalanuvchi chalapsixologlar armiyasi instagramda millionlab auditoriyani istaganicha boshqaryapti. Kun.uz odamlardagi psixologik muammolar, ularning sabablari hamda yechimlar haqida shifokorlar bilan suhbatlashdi.

So‘nggi yillarda ruhiy salomatlik global muammoga aylanmoqda. Turli tadqiqotlarga ko‘ra, dunyo aholisining qariyb sakkizdan biri turli darajadagi ruhiy buzilishlardan aziyat chekmoqda. O‘zbekistonda ham bu yo‘nalishdagi ko‘rsatkichlar yuqori emas: ruhiy salomatlik indeksida mamlakat 83 davlat ichida 74-o‘rinda qayd etilgan.

Mutaxassislar bunday holatni zamonaviy hayot tarzi – axborot oqimining keskin oshishi, gadjetlarga bog‘liqlik, ekologik muammolar va oziq-ovqat sifati bilan izohlaydi. Ayni paytda, jamiyatda ruhiy muammolarga yechim izlayotganlar soni ortib borayotgani sababli, bu sohada malakali mutaxassislar bilan bir qatorda, ilmiy asosga ega bo‘lmagan “psevdopsixologlar” ham faollashmoqda.

Ruhiy kasallar soni oshyapti

Azizbek Eraliyev shifokor-psixiatr:

“Umumiy statistika bo‘yicha butun yer yuzida ruhiy kasalliklar soni oshib boryapti. Bunga sabablar: hozirgi informatsion tizimning oshib ketishida. Ortiqcha informatsiyalar va gadjetlar, ekologiya va oziq-ovqatlardagi sun’iyliklar ham sabab bo‘ladi. Chunki tanada minglab mutatsiyalar sodir bo‘ladi. Buni genetiklar tasdiqlashadi. Mutatsiyalar soni oshishi natijasida yuzaga kelayotgan yangi turdagi chegaraviy ruhiy buzilish holatlaridagi insonlar soni oshishi kuzatiladi. Ya’ni bunga atrof-muhit, informatsion omil sabab bo‘ladi. Ularning soni hozirgi paytda judayam oshib ketyapti. Masalan faoliyat boshlaganimga qariyb 10 yil bo‘lyapti. Bolalar psixiatriyasida autizm tashxisi juda kam uchrardi o‘shanda. Ba’zida ustozlarimiz haqiqiy tipik bemor kelsa “mana buni ko‘ringlar” deb aytardi. Yoki kattalardagi ruhiy sindromlarniyam shunday qilishardi. Hozir esa bir haftada bir nechta autizm tashxisi bilan murojaat qilgan bemorlarni ko‘ryapmiz. Autizm – endogen (ichkaridan ruhiy buzilish) va xulq-atvorning juda qo‘pol tarzda buzilishi hamda asoratlariga olib keladigan kasallik. Shuning o‘zi bir paytlar noyob holat bo‘lsa, hozirga kelib oddiy holga aylandi.

Psevdomutaxassislarning marketing nayrangi

Ruhiy salomatligimizni yaxshilashga urinishlar bor jamiyatda. Lekin talab kuchaygani sari berilayotgan takliflar ham ko‘paygan. Instagramni tutib ketgan “psixologlar” armiyasi millionlab auditoriyani boshqaryapti, ular istagancha narxlarda va ko‘rinishlarda o‘z xizmatlarini sotishyapti.