O‘zbekiston | 14:14
4109
2 daqiqa o‘qiladi

Sirdaryoda 2 nafar MIB xodimi pora bilan qo‘lga olindi

Sirdaryo viloyatida korrupsiyaga qarshi tezkor tadbir davomida Majburiy ijro byurosining ikki nafar davlat ijrochisi pora olishda qo‘lga tushdi.

Foto: Videodan kadr

Davlat xavfsizlik xizmati Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Mirzaobod tuman MIB bo‘limida faoliyat yuritgan ikki nafar davlat ijrochisining noqonuniy harakatlariga chek qo‘yildi.

Aniqlanishicha, ular fuqarolik ishlari bo‘yicha Guliston tumanlararo sudining 2021 yil dekabridagi ijro hujjatiga asosan qarzdordan undirilishi lozim bo‘lgan 30 mln so‘m mablag‘ni noqonuniy yo‘l bilan o‘zlashtirishga uringan.

Xususan, davlat ijrochilari qarzdor fuqarodan ijro ishini tugatish evaziga 20 mln so‘m talab qilib, ushbu mablag‘ni olgan. So‘ngra ular undiruvchiga qarzdorning og‘ir ahvolini vaj qilib, atigi 14 mln so‘m berib, 30 mln so‘mni to‘liq olganligi haqida tilxat yozdirib olgan.

Tezkor tadbir davomida mazkur shaxslar qolgan 6 mln so‘mni tuman prokuraturasi binosi oldida o‘zaro taqsimlab olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.

Mazkur holat yuzasidan Sirdaryo viloyati prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilarga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llandi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Fuqarolarga shu kabi holatlarga duch kelganda DXXning 1520 qisqa raqami orqali murojaat qilish tavsiya etildi. Shaxs sir saqlanishi kafolatlanadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid