Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tramp Robert Myullerning o‘limiga munosabati bilan shov-shuv uyg‘otdi
Sobiq maxsus prokuror Robert Myuller 81 yoshida vafot etdi. “Yaxshi, uning o‘lganidan xursandman”, - deb yozdi Donald Tramp. Myuller avvalroq Tramp saylov kampaniyasining Rossiya bilan ehtimoliy aloqalarini tergov qilgan edi.
Foto: Chip Somodevilla / Getty Images
AQSh prezidenti Donald Tramp Oq uy rahbari sifatidagi birinchi muddatida uning saylov kampaniyasining Rossiya bilan ehtimoliy aloqalarini tergov qilgan sobiq maxsus prokuror Robert Myullerning o‘limiga mamnunlik bilan munosabat bildirdi.
“Robert Myuller hozirgina vafot etdi. Yaxshi, uning o‘lganidan xursandman. U endi begunoh odamlarga zarar yetkaza olmaydi!” — deb yozdi Tramp 21 mart, shanba kuni Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida.
Sobiq maxsus prokuror 82 yoshida vafot etdi. Hozircha o‘lim sababi ma’lum qilinmagan. Myuller uzoq vaqt davomida Parkinson kasalligidan aziyat chekkan.
2001–2013 yillarda Robert Myuller Federal tergov byurosi (FTB) direktori lavozimida ishlagan.
2017 yilda AQSh Adliya vazirligi uni 2016 yilgi prezidentlik saylovlariga Rossiyaning ehtimoliy aralashuvini tergov qilish uchun maxsus prokuror etib tayinlagan edi. O‘sha saylovlarda Tramp g‘alaba qozongan.
2019 yil mart oyi oxirida Myuller ishining natijalari AQShda oshkor qilindi, ammo faqat qisman. O‘sha paytda AQSh bosh prokurori va adliya vaziri lavozimida bo‘lgan Uilyam Barr Kongressda Myuller tergovining qisqacha natijalarini taqdim etar ekan, Trampni Rossiya bilan aloqalar bo‘yicha aybsiz deb hisoblashini bildirgan.
Robert Myullerning o‘zi esa keyinchalik uning jamoasi to‘plagan faktlar bu masala bo‘yicha yakuniy xulosa chiqarishga imkon bermasligini ta’kidlagan.
Oq uyning sobiq rahbari Barak Obama, Myuller FTBga rahbarlik qilgan davrda prezident bo‘lgan siyosatchi sifatida, uni tashkilot tarixidagi “eng yaxshi direktorlardan biri” deb atadi.
“Aynan uning qonun ustuvorligiga bo‘lgan tinimsiz sadoqati va asosiy qadriyatlarimizga bo‘lgan mustahkam ishonchi uni zamonamizning eng hurmatli davlat xizmatchilaridan biriga aylantirgan”, — deb qo‘shimcha qildi Obama.
Sobiq prezident, respublikachi kichik Jorj Bush, o‘z vaqtida Myullerni maxsus prokuror lavozimiga tavsiya qilgan siyosatchi sifatida, uning vafotidan “chuqur qayg‘uda” ekanini bildirdi va Myullerni “butun umrini davlat xizmatiga bag‘ishlagani” uchun maqtadi.