Jahon | 10:52 / 24.03.2026
3272
3 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy Rossiyani Eronga yordam berishda aybladi

Moskva AQSh va Isroil urush olib borayotgan Eronni axborot jihatdan qo‘llab-quvvatlashni davom ettirib, “ochiqchasiga vayronkor faoliyat” yuritmoqda. Bu haqda Ukraina prezidenti ma’lum qildi.

Foto: Leah Millis / Reuters

Ukrainada Rossiya AQSh va Isroil urush olib borayotgan Eronga razvedka ma’lumotlarini yetkazib berishda davom etayotganiga oid “inkor qilib bo‘lmas dalillar” bor. Bu haqda 23 mart, dushanba kuni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Ukraina Mudofaa vazirligi Bosh razvedka boshqarmasi rahbari Oleg Ivashchenko hisoboti yakunlari bo‘yicha ma’lum qildi.

“Bizning qo‘limizda rossiyaliklar Eron rejimiga razvedka ma’lumotlarini berishda davom etayotganiga oid inkor qilib bo‘lmas dalillar bor. Rossiya o‘zining radiotexnik va radioelektron razvedka imkoniyatlaridan, shuningdek, Yaqin Sharqdagi sheriklardan olingan o‘zaro hamkorlikka oid ma’lumotlarning bir qismidan foydalanmoqda”, — deb yozdi Zelenskiy o‘zining Telegram-kanalida.

Keyinroq u X ijtimoiy tarmog‘idagi postida Rossiya “to‘xtatilishi lozim bo‘lgan ochiqchasiga vayronkor faoliyat” olib borayotganini ta’kidladi.

“Eron rejimiga vaziyatda saqlanib qolish va yanada aniqroq zarbalar berishga yordam berish orqali Rossiya amalda urushni uzaytirmoqda. Bunga javob berish kerak”, — deya ta’kidladi Ukraina rahbari.

AQSh prezidenti Donald Trampning maxsus vakili Stiven Uitkoff 8 mart kuni Rossiyani Eronni qo‘llab-quvvatlamaslikka qat’iy chaqirganini ma’lum qilgan edi. Oradan ko‘p o‘tmay, Uitkoff Tramp bilan telefon suhbati chog‘ida Rossiya rahbariyati Eronga razvedka ma’lumotlari uzatilayotgani haqidagi ayblovlarni rad etganini aytdi.

“Xo‘sh, ularning so‘zlariga ishonish mumkin. Umid qilamizki, ular bu ma’lumotlarni bermayapti”, — dedi Uitkoff.

Bundan oldin The Washington Post gazetasi Moskva Tehronga Yaqin Sharqdagi amerikalik harbiylarga zarba berish uchun razvedka ma’lumotlari taqdim etayotgani, shu tariqa urushda bilvosita ishtirok etayotganini yozgan edi.

The Wall Street Journal ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya Islom Respublikasi bilan harbiy hamkorlik va Eronni axborot jihatdan qo‘llab-quvvatlash ko‘lamini kengaytirgan. Xususan, nashr yozishicha, Moskva Tehronga sun’iy yo‘ldosh tasvirlarini bermoqda va dronlar sohasida takomillashtirilgan texnologiyalar bilan o‘rtoqlashmoqda, bu esa Eronga mintaqadagi AQSh kuchlariga zarba berishda yordam bermoqda. Shu bilan birga, Rossiya Ukrainaga qarshi urush tajribasidan foydalanmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid