Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQSh va Eronning ehtimoliy muzokaralari. Bu haqda nimalar ma’lum?
Foto: Reuters
AQSh prezidenti Donald Trampning «juda yaxshi va samarali muzokaralar» haqidagi so‘zlariga ters o‘laroq, Eron urushni yakunlash bo‘yicha AQSh bilan muzokaralar o‘tkazilayotganini rad etmoqda.
G‘arb nashrlari manbalari hali to‘g‘ridan to‘g‘ri kontakt o‘rnatilmagan bo‘lsa-da, uchrashuvga tayyorgarlik ko‘rish hamda Pokiston, Misr, O‘mon kabi ko‘p sonli vositachilar yordamida muzokaralar boshlash belgilari mavjudligini aytishmoqda.
Shu bilan birga, AQSh va Isroil Eron rahbariyatining deyarli barcha asosiy vakillarini o‘ldirib yuborgani tufayli ehtimoliy muzokaralarda Tehronning manfaatlarini kim ifoda etishi bo‘yicha savol ochiq qolmoqda.
BBC rus xizmati bu mavzudagi asosiy versiyalarni ko‘rib chiqdi.
Tramp nima degandi?
23 mart kuni Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida AQSh va Eron so‘nggi kunlarda «Yaqin Sharqdagi harbiy harakatlarni to‘liq va har tomonlama tartibga solish» to‘g‘risida «juda yaxshi va samarali»muzokaralar olib borgani haqida ma’lum qilgandi.
«Bir hafta davom etadigan ushbu chuqur, batafsil va konstruktiv muzokaralarning xarakteri va ohangidan kelib chiqib, men mudofaa vazirligiga Eron elektr stansiyalari va energetika infratuzilmasiga har qanday harbiy zarbalarni besh kunga kechiktirishni buyurdim», – deb yozgandi Tramp.
Bozor darhol uning bayonotiga reaksiya ko‘rsatdi: neft narxi bir barrel uchun 100 dollardan pastga tushdi. Undan oldinroq, AQShning Eron bo‘ylab yangi zarbalari tahdidi va Tehronning bunga javob qaytarish va’dasi fonida narxlar ko‘tarilib ketgandi.
Shu kuni Memfisdagi chiqishida Tramp Vashington Eron bilan «anchadan buyon muzokara olib borayotgani va bu safar barchasi jiddiyligi» haqida gapirdi.
«O‘ylaymanki, yakunda bu barcha uchun foydali kelishuv bo‘lishi mumkin», – dedi Tramp va Eron tinchlik uchun yana bir imkonga ega bo‘lganini qo‘shimcha qilib, ular bundan foydalanishiga umid bildirdi.
U 24 mart kuni ham Oq uydagi matbuot anjumanida shu mavzudagi savollarga javob qaytarib, yana bir bor Eron yadro qurolidan voz kechishga rozi bo‘lganini ta’kidladi.
«Aytishim mumkinki, ular kelishuv tuzishni xohlamoqda – ularning o‘rnida bo‘lganida kim ham xohlamasdi? O‘zingiz qarang: ularning floti yo‘q qilindi, ularning aviatsiyasi yo‘q qilindi, ularning aloqa tizimlari yo‘q qilindi», – dedi Tramp. U Eron bilan muzokaralarda AQSh davlat kotibi Marko Rubio hamda vitse-prezident Jyey Di Vens ishtirok etayotganini qo‘shimcha qilgan.
Eron tomoni muzokaralar haqida nima demoqda?
Erondan bir-biriga zid signallar kelib turibdi. Tehrondagilar rasman Trampning muzokaralar haqidagi bayonotini tasdiqlamadi. Biroq Eron Tashqi ishlar vazirligi «keskinlikni yumshatish tashabbuslari» haqida bayonot berdi. Vazirlikka ko‘ra, Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi o‘monlik hamkasbi bilan Ho‘rmuz bo‘g‘ozi bilan bog‘liq voqealarni muhokama qilgan va ikki davlat o‘rtasidagi maslahatlashuvlarni davom ettirishga kelishib olgan.
Shu bilan birga, Islom inqilobi muhofizlari korpusi AQSh va uning ittifoqchilariga qarshi yangi hujumlar boshlanganini ma’lum qilib, Trampning muzokaralar haqidagi so‘zlarini «Tehronning kurashni davom ettirish qat’iyatiga hech qanday ta’sir ko‘rsatmaydigan psixologik operatsiya» deb atagan.
Erondagi nufuzli shaxslardan biri, parlament spikeri Muhammad Boqir G‘olibof ham AQSh bilan muzokaralar haqidagi xabarlarni rad etib chiqdi. Uning X ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qilingan postda muzokaralar boshlangani haqidagi bayonot bozorni tinchlantirishga urinish sifatida baholangan.
«AQSh bilan hech qanday muzokaralar olib borilmayapti. Feyk yangiliklar esa moliya va neft bozorlarini manipulyatsiya qilish hamda AQSh va Isroil tushib qolgan botqoqdan chiqish uchun ishlatilmoqda», – deya yozgan u.
«Eron xalqi tajovuzkorlarning butunlay tavba qilishini va jazolanishini talab qiladi. Eronning barcha rasmiylari maqsadga erishilgunga qadar o‘z oliy rahbari va xalqini qat’iy qo‘llab-quvvatlaydi», – deya qo‘shimcha qilgan G‘olibof.
Shu fonda Eron Tashqi ishlar vazirligining yuqori martabali vakili Amerikaning CBS News telekanaliga Tehron AQShdan «takliflar» olgani, hozirda Eron hukumati ularni ko‘rib chiqayotganini aytdi.
Bu xabar «ikki dushman davlat o‘rtasidagi muzokaralarning darakchisi bo‘lishi mumkinligi» qayd etilgan.
Axios nashri manbasi ham AQSh va Eron o‘rtasidagi takliflar almashinuvi haqida gapirgan: u Vashington va Tehron vakillari shaxsan uchrashmaganini ta’kidlagan.
Pokistondagi muzokaralarga tayyorgarlik haqida nimalar ma’lum?
Hozircha Eron va AQSh o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri kontakt o‘rnatilmagan, biroq Misr, Pokiston va Fors ko‘rfazi davlatlari muzokaralarga tayyorgarlik boshlangani haqida ma’lum qilgan. Pokiston rasmiysi va yana bir manbaning Reuters jurnalistlariga aytishicha, urushni to‘xtatish bo‘yicha to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar shu hafta Islomobodda bo‘lib o‘tishi mumkin.
Agentlikning Pokiston rahbariyatidagi manbasi AQSh vitse-prezidenti Jyey Di Vens, shuningdek Uitkoff va Kushner shu haftada Islomobodda Eron rasmiy shaxslari bilan uchrashishi kutilayotganini aytgan.
Reuters suhbatdoshiga ko‘ra, bundan avvalroq Tramp va Pokiston armiyasi bosh qo‘mondoni Asim Munir o‘rtasida telefon orqali muloqot bo‘lib o‘tgan. Oq uy BBC so‘roviga javoban Tramp va Munir o‘rtasidagi muloqot chindan bo‘lib o‘tganini tasdiqlagan.
Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livitt Uitkoff va Kushnerning Islomobodga borishi yuzasidan shunday degan: «Bu nozik diplomatik muzokaralar va AQSh muzokaralarni matbuot orqali olib bormaydi. Vaziyat muntazam ravishda o‘zgarib turadi va uchrashuvlar haqidagi taxminlar Oq uy tomonidan rasman e’lon qilinmaguncha yakuniy deb hisoblanmasligi kerak».
Pokiston – azaldan AQShning mintaqadagi ittifoqchisi, lekin ushbu mamlakat Amerika harbiy bazalari joylashtirilmagani tufayli Eron tomonidan hujumga uchramagan.
Xuddi shu vaqtda Eron prezidenti Mas’ud Pizishkiyon va Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif Erondagi urushning mintaqaviy va global xavfsizlikka ta’sirini muhokama qilgan.
Pokiston tashqi ishlar vazirligi vakili Tohir Andrabi BBC bilan suhbatda agar «tomonlar shuni istashsa», uning mamlakati «muzokaralarni qabul qilishga doim tayyorligi»ni aytgan. Shu bilan birga, u Islomobodda muzokaralarga tayyorgarlik ko‘rilayotgani haqidagi xabarni tasdiqlamagan va rad etmagan.
U Pokiston «mintaqada tinchlik va barqarorlikka ko‘maklashish uchun muloqot va diplomatiya tarafdori bo‘lib kelayotgani»ni ta’kidlagan.
BBC muxbiri Liz Dyuset ko‘plab davlatlar, jumladan Pokiston, Turkiya va Misr mintaqadagi keskinlik darajasini pasaytirishga va Isroil va AQShning Eron bilan mojarosini tinch yo‘l bilan hal qilishga harakat qilayotgani, shunday vositachilardan yana biri Eron ko‘proq ishonadigan O‘mon sultonligi ekanini qayd etgan.
Hozircha barcha sa’y-harakatlar muzokaralarga tayyorgarlikning dastlabki bosqichi bo‘lib ko‘rinmoqda, deydi Liz Dyuset.
Kim bilan kelishish kerak?
Keyingi muhim masala – AQSh va Isroilning aviazarbalaridan keyin Eron oliy rahbariyatining deyarli barcha vakillari o‘ldirilgan sharoitda muzokaralarda Eron tomonidan kim qatnashishi haqida.
Tramp muzokaralar to‘g‘risidagi bayonotlarida bu borada aniqlik kiritmagan. U faqat o‘z vakillari «Eronning yuqori martabali va hurmatga sazovor mulozimi» bilan gaplashayotganini aytgan.
Reuters agentligi Isroil rahbariyatidagi manbalarga tayanib, Uitkoff va Kushner bilan aloqa o‘rnatgan eronlik mulozim parlament spikeri Muhammad Boqir G‘olibof ekanini xabar qilgan.
Axios nashrining Isroil hukumatidagi manbasi ham Tramp katta ehtimol bilan G‘olibof haqida gapirayotganini bildirgan. Uning ma’lumotiga ko‘ra, vositachilar Trampning vakillari va G‘olibof o‘rtasida telefon muloqotini, imkon qadar o‘zaro uchrashuvni ham tashkillashtirishga harakat qilmoqda.
Nashrning tayyorgarlik jarayonidan xabardor manbasi fikricha, G‘olibofning Eron rahbariyati orasida yuqori mavqega egaligi, Eronning yangi oliy rahbari Mujtaba Xomanaiy hamda Islom inqilobi muhofizlari korpusiga yaqinligi sababli uning jalb etilishi muhim ahamiyatga ega bo‘ladi. G‘olibofning o‘zi esa AQSh bilan har qanday aloqani rad etmoqda.
Biroq, u muzokaralar uchun yagona nomzod bo‘lmasligi mumkin. Axios bunday muzokaralarda mamlakat nomidan ishtirok etishi mumkin bo‘lgan Eron rahbariyati vakillari ro‘yxatini keltirgan.
Rasman birinchi nomzod – oyatulloh Xominaiyning vorisi va uning o‘g‘li Mujtabadir, biroq u shu paytgacha omma oldida ko‘rinish bermagan, bundan tashqari, Tramp Eronda hokimiyat tez orada o‘zgarishi mumkinligini aytgan. Axios jurnalisti Barak Ravidning yozishicha, Markaziy razvedka boshqarmasi va «Mossad» u tinchlik muzokaralari jarayoniga qo‘shilgani alomatlarini ko‘rmayapti.
Yana bir variant – Eron prezidenti Mas’ud Pizishkiyon. Axios u Eron rahbariyatidagi birinchi shaxs bo‘lmasa-da, oxirgisi ham emasligini va rejimning mo‘’tadil vakili hisoblanishini qayd etgan. Pizishkiyon Erondagi kundalik boshqaruv jarayonida ishtirok etadi, biroq u, ehtimol, Eronda harbiy harakatlarni rejalashtirish yoki diplomatiya olib borish jarayonida markaziy o‘rinni egallamaydi, deya xulosa qiladi Axios.
Navbatdagi nomzod – mamlakat tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi bo‘lib, Wall Street Journal uni amaldagi rejimga o‘ta sodiq bo‘lgan murosasiz muzokarachi deb ta’riflaydi. Bu uning imkoniyatlarini pasaytiradi, shuningdek, AQSh uning maqomini bunday darajadagi muzokaralar uchun yetarlicha yuqori emas deb baholashi mumkin. U urush boshlanganidan beri Uitkoff bilan muloqot qilmadi.
Nihoyat, o‘zining mamlakatni boshqarishdagi muhim roliga ko‘ra, Islom inqilobi muhofizlari korpusi rahbariyati vakili ham muzokarachi sifatida ko‘rsatilishi mumkin va Korpusning urushni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralarda bevosita rol o‘ynashi ehtimoldan yiroq bo‘lsa-da, u mojaroning borishiga va uni hal qilish bo‘yicha har qanday urinishlarga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
AQSh Eronda muayyan bir kishini tanlamagan, deb hisoblaydi BBC muxbiri Liz Dyusset. «Tramp venesuelalik Delsi Rodrigesning Erondagi versiyasini – o‘z irodasiga bo‘ysundira oladigan nufuzli, ammo pragmatik o‘yinchini izlashda davom etmoqda», – deb yozadi Dyuset Eronda hokimiyatga kelgan radikal kuchlar urushni to‘xtatish uchun juda katta talablar qo‘yayotganini ta’kidlab.
Yangi zarbalar
Vashington va Tehron o‘rtasidagi ehtimoliy aloqalar muhokamasi va Trampning bu borada besh kun davomida Eron energetika obektlariga hujum qilmaslikka va’da berishi fonida Isroil va Eron bir-biriga zarba berishda davom etdi.
Foto: Reuters
Dushanba kuni kechqurun Islom inqilobi muhofizlari korpusi Isroilning bir qancha shaharlariga, jumladan, Dimona va Tel-Avivga, shuningdek, Amerikaning mintaqadagi bir qator bazalariga zarba berganini ma’lum qildi. Isroil harbiylari ham shu kuni Trampning muzokaralar haqidagi bayonotidan keyin birinchi marta Erondan raketalar uchib kelganini ma’lum qildi.
Xayfa yaqinida joylashgan Neshir shahridagi kamida bitta bino raketa hujumidan zarar ko‘rgan. Isroil favqulodda xizmatlari ma’lumotlariga ko‘ra, bir ayol boshpanaga ketayotganda oskolkadan jarohat olgan.
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu dushanba kungi videomurojaatida Isroil Livan va Erondagi nishonlarga zarba berishda davom etishini aytgandi.
«Biz har qanday ssenariyda ham hayotiy muhim manfaatlarimizni himoya qilamiz», – degandi u.
BBC’ning ikki manbasiga ko‘ra, 24 mart kuni Isroil Tehronga zarba berishni tiklagan. Eron nashrlari ham Tehronning sharqiy hududlarida havo hujumidan mudofaa tizimlari ishlayotgani haqida xabar bergan.
Mavzuga oid
14:48
Yaqin Sharqdagi urush: Eron raketasi Tel-Avivga kelib urildi, Isroil Livan janubini egallamoqda
13:49
Urush boshi berk ko‘chada: Tramp nimani «g‘alaba» deb ko‘rsatishni bilmayapti
09:22
NYT: AQSh Eronga 15 bandli tinchlik rejasini yubordi
09:10