Jahon | 08:55
2897
3 daqiqa o‘qiladi

Lukashenko ilk bor KXDRga tashrif buyurdi

Belarus rahbari Aleksandr Lukashenko ilk bor Pxenyanga keldi. Uning tashrifi davomida Belarus va KXDR do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma, shuningdek bir nechta sohaviy kelishuvlarni imzolashi kutilmoqda.

Foto: belta.by

Belarus rahbari Aleksandr Lukashenko chorshanba kuni, 25 martda Shimoliy Koreyaga keldi. Bu uning KXDRga birinchi tashrifidir, deb xabar qildi Reuters agentligi. Lukashenko tashrifining asosiy maqsadi — Minsk va Pxenyan o‘rtasida do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomani imzolash, deb ma’lum qildi mamlakat tashqi ishlar vaziri Maksim Rijyenkov Belarus davlat OAVda. Bundan tashqari, Minsk va Pxenyan ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikning huquqiy asoslarini sanksiyalar va xalqaro yakkalanish sharoitida kengaytirish hamda mustahkamlashga qaratilgan to‘qqizta sohaviy kelishuvni ham tuzishi kutilmoqda.

2025 yil sentabrida Shimoliy Koreyaning yakkahokim hukmdori Kim Chen In va Lukashenko Pekinda Ikkinchi jahon urushi tugaganining 80 yilligiga bag‘ishlangan harbiy parad chog‘ida uchrashgan edi. O‘shanda Kim Lukashenkoni mehmonga taklif qilgan.

Reuters agentligi ta’kidlashicha, KXDR va Belarus Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushida Moskvaga sezilarli darajada yordam bermoqda. Pxenyan Rossiyaga o‘q-dorilar va shimoliy koreyalik harbiy xizmatchilarni yubormoqda. Minsk esa, o‘z navbatida, 2022 yil fevral oyida Rossiyaga Belarus hududidan Ukrainaga keng ko‘lamli bosqin uchun platsdarm sifatida foydalanish imkonini bergan va u yerga Rossiyaning taktik yadroviy qurollarini joylashtirishga rozilik bildirgan.

Aleksandr Lukashenko va Kim Chen In uchrashuvi faqat ramziy xususiyatga ega bo‘lib, u ularning davlatlari chuqur xalqaro yakkalanishda emasligini ko‘rsatishga qaratilgan, dedi Reuters agentligiga muhojirlikda yashayotgan belaruslik muxolifatchi Valeriy Tsepkalo.

AQSh prezidenti Donald Tramp Belarus va KXDR rahbarlari bilan aloqalarni tiklashga urinmoqda. U o‘zining birinchi prezidentlik muddatida Kim Chen In bilan uch marta uchrashgan, o‘tgan yili esa Oq uy Lukashenko bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalarni qayta tiklagan.

Shu fonda AQSh Belarusga qarshi sanksiyalarni siyosiy mahbuslar, jumladan muxolifatning bir nechta yetakchilari — Mariya Kolesnikova, Viktor Babariko, Sergey Tixanovskiy ozod qilinishi evaziga yumshatishni boshladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid