O‘zbekiston | 17:20
796
3 daqiqa o‘qiladi

AESda vodorodli portlashdan himoya qoidalari tasdiqlandi

Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi raisining 19 mart kungi qarori bilan, atom elektr stansiyasida vodorodli portlashdan himoyani ta’minlash qoidalari tasdiqlandi.

Foto: iStock

Mazkur hujjat– O‘zbekistonda birinchi AES qurilishi munosabati bilan qabul qilinayotgan ko‘plab normativ-huquqiy hujjatlardan navbatdagisi.

Hujjat qabul qilishdan oldin Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Ekologiya qo‘mitasi, Qurilish vazirligi, Atom energiyasi agentligi va Fanlar akademiyasi bilan kelishilgan.

Unda belgilanishicha, AESni ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot Vazirlar Mahkamasi tomonidan tashkil etiladi hamda yadroviy qurilma va (yoki) saqlash punkti uchun mas’ul etib tayinlanadi.

Ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot yadroviy qurilmani va (yoki) saqlash punktini o‘z kuchlari bilan yoki boshqa yuridik shaxslarni jalb etgan holda ekspluatatsiya qilishi mumkin.

Ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot AESda quyidagi holatlarning yuzaga kelishiga yo‘l qo‘ymasligi kerak:

  • normal ekspluatatsiya vaqtida germetik to‘siq bilan chegaralangan hajmdagi tizimlar, elementlar va xonalarda vodorod saqlovchi portlovchi aralashmalarning hosil bo‘lishi;
  • loyihaviy avariyalarda germetik to‘siq bilan chegaralangan hajmdagi xonalarda vodorod saqlovchi aralashmalarning detonatsiyasi va deflagratsiyasi;
  • loyihadan tashqari avariyalarda vodorod saqlovchi aralashmalarning detonatsiyasi.

Hujjatga ko‘ra, AESdagi avariyalar ikki turga ajratiladi:

  • loyihaviy avariyalar — atom elektr stansiyasi loyihasida ko‘zda tutilgan boshlang‘ich hodisalar natijasida sodir bo‘ladigan hamda ularning oqibatlarini cheklash uchun xavfsizlik tizimlari nazarda tutilgan avariyalar;
  • loyihadan tashqari avariyalar — atom elektr stansiyasi loyihasida ko‘zda tutilmagan sabablar yoki hodisalar ketma-ketligi natijasida yuzaga keladigan avariyalar.

Loyihadan tashqari avariyalarda deflagratsiyaga* faqat AES loyihasida belgilangan xavfsizlikni ta’minlovchi tizimlar o‘z funksiyalarini to‘liq bajarishi sharti bilan yo‘l qo‘yiladi.

*Deflagratsiya – portlash bo‘lib, u cheklangan hajmda vodorod saqlovchi aralashmada reaksiya frontining tovush tezligidan past tezlikda tarqalishi natijasida o‘rtacha bosim hamda issiqlik yuklamalari yuzaga kelishi bilan tavsiflanadi.

Ma’lumot uchun, AES normal ishlayotganda vodorod deyarli muammo emas. Lekin avariya holatida reaktor juda qizib ketadi, yoqilg‘i qoplamasi (sirkoniy) bug‘ bilan reaksiyaga kirishadi, natijada vodorod ajralib chiqadi. Vodorod juda yengil, tez to‘planadi, havodagi kislorod bilan aralashsa, kichik uchqun ham portlashni keltirib chiqaradi.

2011 yilda kuchli zilzila va sunami natijasida Yaponiyadagi Fukusima AESda ro‘y bergan avariyada reaktor sovutilmay qolgan, natijada vodorod to‘planib, binolarda kuchli portlashlar bo‘lgan. Bu portlashlar yadroviy emas, aynan vodorod portlashi edi.

  • Avvalroq, O‘zbekiston hukumati Vena konvensiyasiga qo‘shilish orqali, yadroviy falokat ro‘y bergan taqdirda xalqqa tovon to‘lash majburiyatini olgan edi.
  • Kuni kecha Jizzaxda kam quvvatli AES qurilishining beton quyish bosqichiga o‘tildi
Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid