O‘zbekiston | 09:02
1079
2 daqiqa o‘qiladi

Chiqindilarni noqonuniy olib ketish uchun javobgarlik belgilandi

Yangi qonunga muvofiq, chiqindilarni to‘plash maydonchalaridan ularni qonunga xilof ravishda olib ketganlik uchun ma’muriy javobgarlik joriy etildi.

2026 yil 25 martda qabul qilingan O‘RQ–1124-sonli qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Ushbu o‘zgartishlar atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida nazoratni kuchaytirishga qaratilgan.

Qonunga ko‘ra, chiqindilarni to‘plash maydonchalari va ularning qo‘riqlanmaydigan inshootlaridan chiqindilarni qonunga xilof ravishda to‘plash hamda olib chiqib ketish ma’muriy huquqbuzarlik sifatida belgilandi. Bu kabi holatlar uchun tegishli tartibda jazo choralari qo‘llaniladi.

Shu bilan birga, ekologik huquqbuzarliklarni maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalari orqali aniqlash amaliyoti joriy etilmoqda. Bu esa huquqbuzarliklarni tezkor va xolisona qayd etish imkonini beradi.

Qo‘shimchalarga muvofiq, ayrim faoliyat turlari bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslarga atrof-muhitni ifloslantiruvchi manbalar monitoringini yuritish bo‘yicha qo‘shimcha majburiyatlar ham yuklatildi. Xususan, atrof-muhit davlat monitoringi tizimining yagona geoaxborot ma’lumotlar bazasiga ma’lumotlarni kiritmaganlik, to‘liq kiritmaganlik yoki noto‘g‘ri ma’lumot kiritganlik uchun javobgarlik belgilandi.

Bunday huquqbuzarliklar uchun atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatishning I va II toifalariga mansub faoliyat bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslarga BHMning 100 baravaridan 300 baravarigacha jarima qo‘llanishi mumkin.

Shuningdek, o‘rmon fondi yerlarini qonunga xilof ravishda berish yoki ulardan foydalanish holatlari takroran sodir etilgan taqdirda, BHMning 300 baravaridan 400 baravarigacha jarima yoki 2 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilandi.

Mazkur qonun normalari ekologik xavfsizlikni ta’minlash, chiqindilar bilan bog‘liq tartibni mustahkamlash va atrof-muhitga salbiy ta’sirni kamaytirishga xizmat qiladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid