O‘zbekiston | 09:54
3060
3 daqiqa o‘qiladi

Polsha minglab o‘zbekistonliklarni ishga olmoqchi

Polsha kompaniyalari turli sohalar bo‘yicha 3600 dan ortiq o‘zbekistonlik mutaxassisni ishga jalb qilishga ehtiyoj bildirmoqda.

Foto: Dunyo

Varshavada O‘zbekistonning mehnat resurslari salohiyatini targ‘ib qilish va Polsha kompaniyalari bilan hamkorlikni kengaytirishga bag‘ishlangan taqdimot tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Unda Polshaning Grupa Progres, Gremi Personal, Personnel International kabi 20 dan ortiq yetakchi rekruting va ish beruvchi kompaniyalari vakillari ishtirok etdi.

Muzokaralar davomida polyak ish beruvchilari O‘zbekistondan ishchi kuchini jalb qilish bo‘yicha aniq ehtiyojlarini ma’lum qildi. Xususan, logistika sohasi uchun 2000 nafar, xizmat ko‘rsatish tarmog‘i uchun 800 nafar, sanoat sohasiga 600 nafar va qurilish yo‘nalishiga 200 nafar mutaxassis kerakligi aytildi. Shu tariqa, jami 3600 ga yaqin o‘zbekistonlikni ish bilan ta’minlash imkoniyati mavjudligi qayd etildi.

Tadbirda ishtirok etgan polyak kompaniyalari vakillari O‘zbekistonni ishonchli va istiqbolli hamkor sifatida baholadi. Ular o‘zbekistonlik xodimlarni jalb qilishga tayyor ekanini, bu borada o‘zaro hamkorlikni yanada kuchaytirishdan manfaatdorligini bildirdi.

Shuningdek, Polsha tadbirkorlar va ish beruvchilar ittifoqi vakillari ikki davlat o‘rtasida samarali migratsiya siyosatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muzokaralar muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. Qayd etilishicha, Polsha iqtisodiyoti doimiy ishchi kuchiga ehtiyoj sezmoqda va O‘zbekiston bu borada ishonchli hamkorlardan biri bo‘lishi mumkin.

Uchrashuvda markaziy osiyolik, xususan, o‘zbekistonlik xodimlarga talab yuqori ekani ham alohida urg‘ulandi. Ayrim kompaniyalar viza tartib-taomillarini soddalashtirish orqali mehnat migratsiyasi jarayonlarini yanada yengillashtirish muhimligini bildirdi.

Muzokaralar yakunida O‘zbekiston Migratsiya agentligi va akkreditatsiyadan o‘tgan bandlik tashkilotlari ishtirokida B2B formatida navbatdagi uchrashuvlarni tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Bu esa fuqarolarning Polshada xavfsiz, qonuniy va tartibli mehnat faoliyatini yo‘lga qo‘yishda muhim qadam sifatida baholanmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid