Jahon | 09:22 / 28.03.2026
7791
4 daqiqa o‘qiladi

Rubio Zelenskiy bayonotini ochiqchasiga yolg‘on deb atadi

AQSh Davlat departamenti rahbari Marko Rubio Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning Amerika tomoni Kiyevga xavfsizlik kafolatlarini Ukraina Qurolli kuchlarining Donbassdan chiqishi bilan bog‘layotgani haqidagi bayonotini yolg‘on deb atadi.

Foto: AP

AQSh Davlat departamenti rahbari Marko Rubio Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Amerika tomoni muzokaralar chog‘ida Kiyevga xavfsizlik kafolatlarini Ukraina Qurolli kuchlarining Donbassdan to‘liq chiqishi bilan bog‘lagani haqida yolg‘on gapirganini aytdi. Siyosatchi bu bayonotni 27 mart, juma kuni Parij yaqinidagi Le-Burjye aeroportida jurnalistlar savollariga javob berar ekan bildirdi.

“Bu yolg‘on. Men uning buni aytayotganini ko‘rdim. Uning bunday degani juda achinarli, chunki u bu gap haqiqat emasligini biladi. Bu unga aytilgan narsa emas. Unga oddiy bir haqiqat aytildi: xavfsizlik kafolatlari urush tugamaguncha kuchga kirmaydi. Ammo bu ‘faqat hududdan voz kechsa’ degan shartga bog‘lanmagan edi. U nega bunday gapirayotganini bilmayman. Bu shunchaki haqiqat emas”, — deyiladi Rubioning AQSh Davlat departamenti saytida keltirilgan so‘zlarida.

Davlat kotibi ta’kidlashicha, AQSh faqat Ukraina tomoniga Rossiyaning talablarini yetkazgan, ammo Kiyevdan hududiy yon berishni talab qilmagan. “Biz hech qachon ularga bunga rozi bo‘lishi kerak deb aytmaganmiz. Oqibatda qaror Ukraina ixtiyorida qoladi. Agar ular muayyan qarorlar yoki muayyan yon berishlarga rozi bo‘lishni istamasa, demak, urush davom etadi. Xuddi shu narsa Rossiya tomoniga ham tegishli: agar ular Ukraina tomoniga muayyan yon berishlarga borishni istamasa, u holda urush ham davom etaveradi”, — dedi Rubio.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin kamida 2025 yil kuzidan beri Ukrainadagi urushni to‘xtatish sharti sifatida Ukraina Qurolli kuchlarining Donbass hududidan chiqishini bir necha bor tilga olib kelmoqda. Rossiya yetakchisining aytishicha, hozir bu mintaqaning 15–17 foizi Kiyev nazoratida qolmoqda.

Shu munosabat bilan Zelenskiy mart oyi oxirida AQSh Ukrainaga tinchlik muzokaralari davomida va’da qilingan xavfsizlik kafolatlarini berishni Donetsk viloyatini Rossiyaga topshirishga bog‘layotganini aytdi. “Amerikaliklar Ukraina Donbassdan qo‘shinlarini chiqarishga tayyor bo‘lishi bilan bu kafolatlarni yuqori darajada berishga tayyor”, — degan edi u.

Fevral boshida Zelenskiy yana shuni aytgan ediki, AQSh urushni iyungacha tugatishda qattiq turibdi. “Amerikaliklar tomonlarga urushni shu yoz boshigacha tugatishni taklif qilmoqda va ehtimol, tomonlarga aynan shu jadval asosida bosim o‘tkazadi”, — degan edi Ukraina rahbari. U bunday muddatlarni 2026 yil noyabriga rejalashtirilgan AQSh Kongressi saylovlari bilan bog‘lagan.

AQSh Davlat departamenti rahbari 27 mart kuni jurnalistlardan birining NATO tomonidan Ukraina uchun PURL dasturi — Prioritised Ukraine Requiremens List (“Ukraina uchun ustuvor talablar ro‘yxati”) doirasida sotib olingan Amerika qurolini AQShning Isroil bilan birga 28 fevraldan buyon Eronga qarshi urush olib borayotgan Yaqin Sharqqa yo‘naltirish ehtimoli haqidagi savoliga ham javob berdi.

“Hozircha bunday bo‘lgani yo‘q. Hali hech narsa qayta yo‘naltirilmadi, ammo bu mumkin. Agar Amerika uchun biror narsa kerak bo‘lsa va u Amerikaniki bo‘lsa, biz birinchi navbatda uni Amerika uchun ishlatamiz. Lekin hozircha PURL bu operatsiya ta’siriga tushgani yo‘q”, — dedi Rubio.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid