Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ukrainada urush uchun pul iyungacha qolgan
Ukrainaga donorlar tomonidan ajratilishi kerak bo‘lgan o‘nlab milliard yevrolik yordam xavf ostida qolmoqda. Bloomberg yozishicha, Kiyevda Rossiya agressiyasiga qarshi mudofaa uchun atigi ikki oylik mablag‘ qolgan.
Ukraina yaqin orada Rossiya harbiy agressiyasiga qarshi mudofaa uchun mablag‘siz qolish xavfiga duch kelmoqda, deb yozdi Bloomberg agentligi 27 mart, juma kuni. Ukraina va xorijlik rasmiylar maxfiylik sharti bilan agentlikka ma’lum qilishicha, Kiyevda jang harakatlarini faqat iyungacha davom ettirish uchun yetarli mablag‘ qolgan. Bunday sharoitda ittifoqchilar yordami hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda, ammo o‘nlab milliard yevrolik yordam ajratilishi bir qator noqulay omillar tufayli xavf ostida qolgan.
Jumladan, Vengriya Yevropa Ittifoqining Ukrainaga 90 milliard yevro miqdorida qarz ajratishini to‘sib turibdi va avval Rossiyadan Vengriyaga neft yetkazib berilgan “Drujba” neft quvurini ta’mirlashni talab qilmoqda. Xalqaro valuta jamg‘armasi yordami bilan bog‘liq muammolar ham yuzaga kelgan — bunga Oliy rada haligacha XVJ talab qilayotgan qonunchilikka tuzatishlarni qabul qilmagani sabab bo‘lgan. Bundan tashqari, NATOdagi ayrim ittifoqchilar Amerika qurollarini PURL dasturi doirasida sotib olish uchun yangi moliyalashtirish ajratishni istamayotgani haqida Bloomberg agentligiga Ukrainaning alyansdagi doimiy vakili Alena Getmanchuk aytgan.
Shu bilan birga, Kiyev hisob-kitoblariga ko‘ra, joriy yilda Ukraina Qurolli kuchlari uchun AQShdan qurol-yarog‘ sotib olishga 15 milliard dollar talab etiladi. Umuman olganda, 2026 yilda mamlakatga 52 milliard dollar tashqi yordam kerak bo‘ladi.
Ayni paytda, AQSh va Isroilning Eronga qarshi qariyb bir oydan beri davom etayotgan harbiy operatsiyasi hamda uning ortidan jahon energiya tashuvchilari narxlarining o‘sishi sabab Rossiya budjeti daromadlari sezilarli ravishda oshdi. AQSh 12 mart kuni Rossiya neftiga nisbatan sanksiyalarni vaqtincha yumshatdi. Bu qaror, jumladan, Germaniya kansleri Fridrix Mers tomonidan tanqid qilindi.
AQSh moliya vaziri Skott Bessent 22 mart kuni Moskva Erondagi urush ortidan 2 milliard dollargacha daromad qilishi mumkinligini tan oldi. Shu bilan birga, u Rossiya va Eronga qarshi sanksiyalarni yumshatish neft narxining bir barrel uchun 150 dollargacha sakrab ketishining oldini olish maqsadida qilinganini aytdi. Bessent so‘zlariga ko‘ra, aks holda bu mamlakatlar yanada ko‘proq daromad topishi mumkin edi.
26 mart kuni Rossiya hukumati bosh vazir o‘rinbosari Aleksandr Novak talab oshgani sabab Rossiya o‘z nefti va neft mahsulotlarini endi yo nol diskont bilan, yoki hatto ustama bilan sota boshlaganini bildirdi. Shu bilan birga, uning aytishicha, Eron blokadasi tufayli ko‘plab neft tankerlari Ho‘rmuz bo‘g‘ozida qolib ketgani bois fraxt xarajatlari ham oshgan.
Mavzuga oid
17:21
Saida Mirziyoyeva Mixail Mishustin bilan iqtisodiy hamkorlikni muhokama qildi
15:51
Rossiya ichkarisiga dron hujumlari bilan Ukraina nimaga erishyapti?
09:20
G7 sammiti: Rossiya nefti va gaziga qarshi yangi sanksiyalar tayyorlanmoqda
22:31 / 16.06.2026