Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Jurnalist va shoir Karim Bahriyev vafot etdi
U so‘nggi kunlarda og‘ir ahvolda shifoxonaga tushib qolgandi.
Shaxsiy arxiv
Taniqli jurnalist va shoir Karim Bahriyev og‘ir xastalik tufayli 64 yoshida vafot etdi. Bu haqda Jurnalist uyushmasi xabar bermoqda.
U bir necha kun avval gemoragik insult tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilgandi.
Karim Bahriyev 1962 yil 15 iyul kuni Samarqand viloyati Urgut tumanida tug‘ilgan. Avval Samarqand davlat universitetida, keyin esa Moskva davlat universitetining jurnalistika fakultetida o‘qigan.
U jurnalist, yozuvchi, tarjimon, siyosatchi sifatida faoliyat yuritgan. Xususan, 1990–1995 yillarda parlament deputati bo‘lgan.
Turli yillarda «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati», «Ma’rifat» gazetalarida, «Jahon adabiyoti», «Dugonalar» nashrlarida faoliyat yuritgan. Bundan tashqari, 90-yillarda «Hurriyat» gazetasi bosh muharriri sifatida ham tanilgan.
Karim Bahriyev ko‘plab ilmiy-ommabop va adabiy asarlar muallifi bo‘lib, «Sabr kosasining siniqlari», «Tomchidil» kabi she’riy kitoblar, shuningdek jurnalistika va huquq sohasiga oid qator asarlar yozib qoldirdi. Ayniqsa uning 2000-yillar boshida nashr qilingan «So‘z erkinligi haqida so‘z» nomli kitobi o‘z davrida shov-shuv ko‘targandi.
So‘nggi yillarda Karim Bahriyev tarjima sohasida samarali ijod qildi. Xususan, u Platon, Volter, Monten, Paskal, Vovenarg, Laroshfuko, Labryuyerning falsafiy asarlarini, jahon xalqlari hikmatlarini, Genri Fordning «Mening hayotim», Jorj Oruellning «1984» va «Molxona», Svetlana Alekseyevichning «Chernobil tavallosi» romanlarini va Malkolm Gladuelning «Daholar va uddaburonlar» asarlarini, shuningdek Chingiz Aytmatov, Dino Bussati, Jovanni Papini hikoyalarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.
Karim Bahriyev Jurnalistlar uyushmasi Jamoatchilik kengashi raisi, Yozuvchilar uyushmasi va Jurnalistlar uyushmasi a’zosi edi, shuningdek, 2019-2022 yillarda O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida media huquqi va etikasi fani o‘qituvchisi sifatida faoliyat yuritgan.
Mavzuga oid
21:01 / 25.02.2023
“Axborot siyosatimiz milliy manfaatlarimizga javob bermaydi” - faollar
16:24 / 24.02.2023
Zaif axborot siyosati, tilsiz parlament va o‘zgarayotgan qarashlar - Ukrainadagi urush va o‘zbek jamiyati
22:19 / 20.06.2022
O‘zbekiston Mustaqillik deklaratsiyasiga 32 yil. U qanday qabul qilingandi?
19:07 / 06.11.2021