Jahon | 08:52 / 30.03.2026
5308
4 daqiqa o‘qiladi

AQSh Rossiyaning Kubaga ketayotgan neft tankerini to‘xtatmadi

AQSh kemalari Kubaga 730 ming barrel neft olib borayotgan Rossiya kemasini ushlab qolmadi. Donald Tramp esa, orolga nisbatan avvalroq e’lon qilingan blokadaga qaramay, bunday yetkazib berishlarda “muammo ko‘rmayotganini” bildirdi.

Foto: Adalberto Roque/AFP

AQSh Qirg‘oq qo‘riqlash xizmati Kubaga 730 ming barrel neft olib ketayotgan Rossiyaning “Anatoliy Kolodkin” tankerini ushlab qolmadi. Associated Press agentligi 30 mart, dushanbaga o‘tar kechasi xabar berishicha, ushbu kema orolning sharqiy chekkasi yaqiniga yetib kelgan va 31 martga qadar Kubaning Matanas portiga kirib borishi mumkin.

Kuba yaqinida AQSh Qirg‘oq qo‘riqlash xizmatining ikki patrul kateri joylashgan. The New York Times gazetasi 29 mart kuni ushbu kemalarga, Amerika prezidenti Donald Tramp avvalroq e’lon qilgan amaldagi blokadaga qaramay, Rossiyaning neft tankerini to‘xtatish bo‘yicha buyruq berilmaganini yozgan edi.

Trampning o‘zi dushanbaga o‘tar kechasi jurnalistlarga, “agar qaysidir davlat hozir Kubaga ma’lum miqdorda neft yuborishni istasa”, bunda u “muammo ko‘rmayotganini”, “bu Rossiya bo‘ladimi-yo‘qmi, farqi yo‘q”ligini aytdi. “Kimdir shunday yetkazib berishni amalga oshirsa, biz qarshi emasmiz, chunki ularga bu kerak, ular tirik qolishi kerak”, — deya qo‘shimcha qildi Oq uy rahbari.

The New York Times so‘roviga javob bergan ekspertlar fikricha, Rossiya neft tankerining yetib kelishi Kubani kamida bir necha haftaga yetadigan yonilg‘i zaxirasi bilan ta’minlaydi.

AQShning Kubaning eng yaqin ittifoqchisi bo‘lgan Venesuelaga hujum qilishi va uning rahbari Nikolas Maduro qo‘lga olinganidan keyin, Karakas kubaliklarga neft yetkazib berishni to‘xtatdi. Yanvar oxirida Tramp Kubani “AQSh milliy xavfsizligi uchun o‘ta jiddiy tahdid” deb atadi va Havanaga neft yoki neft mahsulotlari yetkazib berishda davom etadigan barcha davlatlarga jarima bojlari joriy etish bilan tahdid qildi. 16 va 21 mart kunlari Kubada yonilg‘i tanqisligi keskinlashgani sababli ikki marta umummilliy elektr uzilishi yuz berdi.

16 mart kuni Donald Tramp yana shuni aytdiki, u Kubani “ozod qilishi, egallab olishi” va umuman u bilan “istagan ishini qilishi” mumkin, chunki bu “juda zaiflashgan mamlakat”dir. Kuba prezidenti Migel Dias-Kanel bunga javoban “qat’iy qarshilik” ko‘rsatishga tayyor ekanini bildirdi.

Shu kuni NBC News telekanali e’lon qilgan intervyuda Kuba bosh vaziri o‘rinbosari Oskar Peres-Oliva Havana “AQSh kompaniyalari, shuningdek AQShda yashovchi kubaliklar va ularning avlodlari bilan moslashuvchan savdo munosabatlariga tayyor” ekanini aytdi. Biroq AQSh davlat kotibi Marko Rubio bu yon berishni Tramp ma’muriyati Kubada ko‘rishni istayotgan erkin bozorni shakllantirish islohotlari uchun yetarli emas, deb baholadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid