Jahon | 08:37
5600
4 daqiqa o‘qiladi

Erondagi og‘ir suv zavodi Isroil zarbasidan keyin ishdan chiqdi

AEXA ma’lum qilishicha, Isroil zarbasi oqibatida Eronning Xondab shahridagi og‘ir suv ishlab chiqarish zavodiga jiddiy shikast yetgan va u ish faoliyatini to‘xtatgan. Korxonada deklaratsiya qilingan yadroviy materiallar bo‘lmagan.

Foto: dpa/picture alliance

Eron g‘arbida joylashgan Xondab shahridagi og‘ir suv ishlab chiqarish zavodi 27 mart kuni berilgan zarba natijasida jiddiy zarar ko‘rgan va endi faoliyat yuritmayapti. Bu haqda 29 mart, yakshanba kuni Atom energiyasi xalqaro agentligi (AEXA) X ijtimoiy tarmog‘ida, sun’iy yo‘ldosh tasvirlari va obekt haqidagi ma’lumotlarga tayanib xabar qildi. Agentlik, shuningdek, korxonada deklaratsiya qilingan yadroviy materiallar bo‘lmaganini qo‘shimcha qildi.

Eronning davlatga qarashli Fars axborot agentligi Xondabdagi zavod bombardimon qilinganini xabar qilgan edi. Eron rasmiylari hech kim halok bo‘lmaganini va radioaktiv moddalar tarqalishi yuz bermaganini bildirdi. Keyinroq Isroil harbiylari ham ushbu obektga zarba berilganini tasdiqlab, buni Eron tomonining o‘tgan yilgi hujumdan keyin uni tiklashga urinayotgani bilan izohladi.

Xondabdagi zavod bilan bir majmua tarkibiga kiruvchi og‘ir suv reaktori 2025 yil iyun oyida, AQSh va Isroilning Eron yadroviy dasturiga qarshi avvalgi harbiy operatsiyasi chog‘ida ham zarbalarga uchragan edi. O‘shanda AEXA ushbu obekt hali to‘liq qurib bitkazilmagani, shu bois unda yadroviy materiallar bo‘lmaganini ma’lum qilgan.

Og‘ir suv tarkibida vodorodning og‘irroq izotopi mavjud bo‘lgani uchun oddiy suvdan taxminan 10 foizga zichroq bo‘ladi. U yadroviy reaktorlarda neytronlarni sekinlashtirish uchun, shuningdek, tritiy deb ataluvchi vodorodning radioaktiv izotopini olishda asos sifatida qo‘llanishi mumkin.

21 mart kuni AQSh va Isroil Eronning ancha mashhur bo‘lgan yana bir yadroviy obekti — Natanzdagi uran boyitish majmuasiga zarba berdi. O‘shanda AEXA obekt atrofida radiatsiya darajasi oshganini qayd etmagan. Eron Atom energiyasi tashkiloti ham radioaktiv moddalar tarqalmaganini va yaqin atrofda yashovchi aholi uchun xavf yo‘qligini bildirgan.

Natanz majmuasi uranni boyitishga mo‘ljallangan yerusti va yerosti inshootlaridan iborat. Ushbu obektda 10 mingdan ortiq sentrifuga mavjud. AEXA bahosiga ko‘ra, Natanzda uran 60 foizgacha boyitilgan. Atom elektr stansiyasini ishlatish uchun 3–5 foiz darajasida boyitilgan material yetarli bo‘lsa, yadroviy bomba yaratish uchun boyitish darajasi 90 foizga yetkazilishi kerak.

Xondabdagi reaktor kabi, Natanz majmuasi ham 2025 yil yozidagi Amerika-Isroil operatsiyasi davomida zarbalarga uchragan edi. O‘shanda yer ustidagi sentrifugalar yo‘q qilingan, yer ostidagilar taqdiri esa noaniqligicha qolgan. AQSh prezidenti Donald Tramp Eronning asosiy yadroviy obektlari “butunlay vayron qilingani” va ularni tiklash uchun yillar kerak bo‘lishini aytgan edi.

AQSh va Isroil 28 fevraldan buyon Eronga havo hujumlarini amalga oshirmoqda. Ushbu hujumlar natijasida Eronning oliy rahbari Ali Xominaiy hamda qator yuqori lavozimli amaldorlar va kuchishlatar tuzilmalar vakillari halok bo‘lgan.

Eron esa javob tariqasida Isroil va Fors ko‘rfazi davlatlariga raketa hamda dronlar bilan hujum qilmoqda. Islom Respublikasi bayonotiga ko‘ra, arab davlatlariga qilingan hujumlardan maqsad mintaqadagi AQSh harbiy bazalaridir. Eron zarbalari natijasida Fors ko‘rfazidagi qator davlatlarda neft omborlari va neft tankerlari ham nishonga olingan.

Bundan tashqari, urush boshlanganidan beri Eron hujumlaridan Ozarboyjon va Yevropa Ittifoqiga a’zo Kipr ham jabr ko‘rgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid