Jahon | 21:20 / 30.03.2026
1280
6 daqiqa o‘qiladi

Pokistonda «yaqin kunlar ichida» AQSh va Eron muzokaralari o‘tkazilishi mumkin

Foto: BBC/Getty Images

Pokistonda Yaqin Sharqdagi to‘rt vositachi davlatning tashqi ishlar vazirlari ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Ushbu uchrashuvdan keyin Islomobod yana bir bor AQSh va Eron o‘rtasidagi muzokaralar uchun maydon berishga tayyorligini bildirdi va bunday muzokaralar «yaqin kunlar ichida» o‘tkazilishi mumkinligini xabar qildi. Bu anons quruqlik amaliyoti boshlanishi haqidagi xavotirlar hamda Tehronning muzokara olib bormayotgani va ularga tayyorgarlik ko‘rishda ishtirok etmayotgani haqidagi navbatdagi bayonoti fonida berildi.

Pokiston, Saudiya Arabistoni, Turkiya va Misr tashqi ishlar vazirlari shu kunlarda Yaqin Sharqdagi vaziyatni muhokama qilish uchun Islomobodda yig‘ilgan.

Uchrashuvning birinchi kuni yakunlariga ko‘ra Pokiston tashqi ishlar vaziri Ishoq Dar o‘z mamlakati «yaqin kunlar ichida» AQSh va Eron o‘rtasidagi muzokaralarni qabul qilishga tayyorligini ma’lum qildi.

«Mojaroni har tomonlama va uzoq muddatli hal qilishga erishish uchun ikki tomon o‘rtasidagi mazmunli muzokaralarga maydon va vositachi bo‘lish Pokiston uchun sharafdir», – degan Dar.

Islomobod bungacha ham bir necha bor bunday muzokaralarda vositachi bo‘lishga tayyorligini ma’lum qilgan, ammo bu bayonotlarda ehtimoliy sanalar aytilmagandi.

Darning so‘zlariga ko‘ra, Tehron ham, Vashington ham Pokiston betaraf vositachi rolini bajara olishiga ishonch bildirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Pokistonning tashabbusi Islomobodga kelgan uch mamlakat tashqi ishlar vazirlari tomonidan ham «to‘liq qo‘llab-quvvatlangan».

Pokistonning tinchlik yo‘lidagi sa’y-harakatlarini Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I va BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish ham qo‘llab-quvvatladi, dedi Dar.

Turkiya, Saudiya Arabistoni va Misr vakillari Islomoboddagi uchrashuvga hozircha rasman izoh bermadi. Turkiya TIV avvalroq vazirlik rahbari Hoqon Fidan yakshanba va dushanba kunlari Pokiston poytaxtida «mintaqadagi vaziyat» yuzasidan muloqotda qatnashishini ma’lum qilgandi.

Oq uy «yaqin vaqtlar ichida» o‘tkaziladigan muzokaralardagi ishtiroki yuzasidan izoh bermadi, Tehron esa hech qanday muzokaralarda ishtirok etmayotganini ta’kidlamoqda.

Pokiston, Turkiya, Saudiya Arabistoni va Misr tashqi ishlar vazirlari Islomobodda uchrashdi
Turkish Foreign Ministry/Reuters

Pokiston mojaro boshidan buyon vositachilik rolini o‘z zimmasiga olgandi, xususan, o‘tgan haftada Vashington 15 bandlik tinchlik rejasini Eron rahbariyatiga aynan Islomobod orqali yetkazgandi.

Amerika prezidenti Donald Tramp Tehron bu rejadagi aksar shartlarga rozi bo‘lganini aytgan. U o‘z bayonotlarida Eronda rejim allaqachon o‘zgargani va hozirgi rahbariyat «juda aqlli kishilar»dan iborat ekanini aytmoqda.

Eron parlamenti spikeri, hozirda mamlakatdagi eng nufuzli shaxslardan biri va Eronning muzokaralardagi ehtimoliy vakili sifatida ko‘rilayotgan Muhammadboqir G‘olibaf (uning o‘zi muzokaralarda qatnashayotganini rad etadi) dam olish kunlarida urush boshlanganiga bir oy to‘lishi munosabati bilan millatga murojaat qildi. U AQSh «urushda erisha olmagan maqsadlariga erishish uchun» Eronga 15 banddan iborat rejani yuborganini aytdi.

Tehron AQShning tinchlik rejasiga o‘zining besh banddan iborat taklifi bilan javob berdi, unda Eronning Ho‘rmuz bo‘g‘ozini to‘liq nazorat qilishi va Tehronga urushdan keyin tovon to‘lanishi talab qilingan.

Eron tashqi ishlar vazirligi dushanba kuni ertalab Trampning bayonotlariga javoban amerikaliklar bilan hech qanday to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar yo‘qligi va Tehron hech qanday takliflarga rozi bo‘lmaganini ma’lum qildi.

Vazirlik vakilining so‘zlariga ko‘ra, Eron rasmiylari vositachilardan AQSh muzokaralar olib borishni istayotgani haqida xabar olgan, biroq Tehrondagilar bunga shubha bilan qarashmoqda. Eron diplomatlarining bayonotiga ko‘ra, Tehron va Vashington o‘rtasida boshqa aloqa bo‘lmagan. Pokistonda bo‘lib o‘tayotgan muzokaralarga Tehronning aloqasi yo‘q, deya qo‘shimcha qildi TIV.

, dedi AQShning sobiq prezidenti Jo Baydenning Yaqin Sharqdagi elchisi Devid Satterfild BBC Radio 4 efirida.

«Asosiy savol shundaki, gap haqiqatan ham Tehron va Vashington o‘rtasidagi jiddiy muzokaralar haqida ketyaptimi yoki bu prezident o‘z maqsadlariga erishib, g‘alabani e’lon qilishi uchun harbiy operatsiya uchun vaqtni cho‘zishga urinishmi?» – deya fikr yuritadi ekspert. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu savolga hozircha aniq javob yo‘q.

Satterfild Trampning Eronda rejim o‘zgargani haqidagi fikriga qo‘shiladi – ammo bu yaxshilikka emas. U G‘olibofni qat’iy liniya tarafdori deb hisoblaydi, uning fikricha, Eron rahbariyatining mafkurasi ular sezilarli yon berishlarga rozi bo‘ladi, deb hisoblashga asos bermaydi.

Donald Tramp o‘tgan hafta boshidan beri Eron bilan «juda yaxshi va samarali» muzokaralar haqida gapirmoqda, biroq Tehron AQSh ma’muriyati bilan muzokaralar olib borayotganini rad etib kelmoqda, deb eslatdi Satterfild.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid