O‘zbekiston | 09:37 / 30.03.2026
2398
2 daqiqa o‘qiladi

Uchta yangi milliy tabiat bog‘i tashkil etiladi

Prezident qaroriga muvofiq, mamlakatda tabiatni muhofaza qilish va ekologik barqarorlikni ta’minlash maqsadida uchta yangi milliy tabiat bog‘i tashkil etilib, mavjud “Pop” milliy tabiat bog‘i hududi kengaytiriladi.

Foto: uzbekistan.travel

2026 yil 25 martda qabul qilingan “Ovjazsoy – Moviy tog‘lar”, “Piskom”, “Farg‘ona” milliy tabiat bog‘larini tashkil etish va “Pop” milliy tabiat bog‘i hududini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qaroriga ko‘ra, Toshkent viloyatida ikki yangi milliy tabiat bog‘i barpo etiladi.

Jumladan, Ohangaron tumanidagi Ohangaron davlat o‘rmon xo‘jaligining “Ovjazsoy” uchastkasidagi 9,2 ming gektar yer maydonida “Ovjazsoy – Moviy tog‘lar” milliy tabiat bog‘i, shuningdek, Bo‘stonliq tumanidagi Burchmulla davlat o‘rmon xo‘jaligining 156,7 ming gektar yer maydonida “Piskom” milliy tabiat bog‘i tashkil etiladi.

Shu bilan birga, Farg‘ona viloyati O‘zbekiston va So‘x tumanlaridagi 13,9 ming gektar davlat zaxira yerlari hamda Farg‘ona va Qo‘qon davlat o‘rmon xo‘jaliklarining 8,9 ming gektar yer maydonlari hisobiga umumiy maydoni 22,9 ming gektardan iborat “Farg‘ona” milliy tabiat bog‘i barpo etiladi.

Qarorga muvofiq, Namangan viloyatidagi “Pop” milliy tabiat bog‘i hududi ham kengaytiriladi. Unga Mingbuloq va Pop adirliklaridagi 33,6 ming gektar davlat zaxira yerlari hamda Pop ixtisoslashtirilgan davlat o‘rmon xo‘jaligining 91,2 ming gektar yer maydoni qo‘shilib, umumiy hudud 125,3 ming gektarga yetkaziladi.

Mazkur chora-tadbirlar tabiiy hududlarni muhofaza qilish, bioxilmaxillikni saqlash hamda ekologik turizmni rivojlantirishga xizmat qiladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid