Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Toshkentda sanoat zonalari tashkil qilishga moratoriy e’lon qilindi
Prezident farmoniga asosan, O‘zbekistonda “Toza havo” umummilliy loyihasi amalga oshiriladi. Ekologik vaziyatni yaxshilash uchun shoshilinch choralar ko‘rishga mas’ul Maxsus komissiya faoliyati endi faqat Toshkent shahri bilan cheklanmasdan, butun respublikani qamrab oladi. Toshkentda yangi sanoat zonalarini tashkil qilishga muddatsiz moratoriy joriy qilindi (xizmatlar sohasidagi zonalar bundan mustasno).
Sun’iy intellektda yaratilgan surat
O‘zbekiston prezidenti atmosfera havosi sifatini yaxshilashga qaratilgan “Toza havo” umummilliy loyihasi to‘g‘risida farmon imzoladi.
Unga asosan, Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash yuzasidan kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha Maxsus komissiya (2025 yil noyabr oyida tuzilgan) faoliyati 2027 yil 1 martgacha uzaytirildi. Komissiya bundan buyon Ekologik vaziyatni yaxshilash yuzasidan kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha respublika Maxsus komissiyasi deb ataladi.
Har bir hudud uchun alohida “Toza havo” dasturlari ishlab chiqiladi.
2026 yil 1 apreldan boshlab Toshkent shahrida yangi sanoat zonalarini tashkil qilishga muddatsiz moratoriy joriy qilinadi. Xizmat ko‘rsatish yoki moliyaviy xizmatlarga ixtisoslashgan zonalar bundan mustasno.
Farmonga binoan:
- 2026 yil 1 oktyabrdan boshlab Xalqaro standartlashtirish tashkilotining ekologik menejment, issiqxona gazlarini boshqarish, ekologik xavfsizlik va yashil energiya xalqaro sertifikatlarini olib, mahsulotining 30 foizini muqobil energiya hisobiga ishlab chiqargan korxonalarning sertifikatni olish xarajatlarining 50 foizigacha bo‘lgan qismi qoplab beriladi (Ekologiya qo‘mitasi huzuridagi Umummilliy ekologik muammolarni bartaraf etish davlat maqsadli jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan);
- 2026 yil 1 maygacha Toshkent shahri hamda unga tutash hududlarda joylashgan issiqlik va elektr energiyasini ishlab chiqarish korxonalarida ustuvor (turg‘un) manbalar bo‘yicha majburiy tartibda avtomatik monitoring stansiyalari va avtomatik kuzatuv postlari o‘rnatiladi hamda ushbu qurilmalardan olinadigan ma’lumotlar Ekologiya qo‘mitasining yagona geoaxborot ma’lumotlar bazasiga integratsiya qilinadi;
- atrof-muhitga ta’siri bo‘yicha I va II toifaga kiruvchi korxonalar tomonidan o‘rnatilgan avtomatik monitoring stansiyalari Ekologiya qo‘mitasining yagona geoaxborot ma’lumotlar bazasiga integratsiya qilinmagan taqdirda, ularga nisbatan atrof tabiiy muhitni ifloslantirgani va chiqindilarni joylashtirgani uchun kompensatsiya to‘lovlari 10 baravarga oshirilgan holda qo‘llanadi;
- 2026 yil 1 iyuldan boshlab issiqxonalarni issiqlik bilan ta’minlashda issiqxonalardagi muvofiqlik sertifikati mavjud bo‘lmagan hamda yonish jarayoni nazorat qilinmaydigan qozonlardan foydalanish amaliyoti bekor qilinadi.
Qayd etilishicha, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA)dan 100 mln dollar qarz, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB)dan 200 mln dollar davlat kafolatisiz kredit jalb qilish bo‘yicha kelishuvga erishilgan. Bu mablag‘lar tijorat banklari orqali sanoat korxonalariga yashil texnologiyalar, chang-gaz tozalash uskunalari, avtomatik monitoring stansiyalari, energiya samarador uskunalar va lokal suv tozalash inshootlarini sotib olish uchun imtiyozli kreditlar ajratishga yo‘naltiriladi.
Vazirlar Mahkamasiga vazifa yuklatildi: hukumat 2026 yil 1 maydan boshlab 2026 yil 1 dekabrgacha atrof-muhitga ta’siri bo‘yicha I va II toifaga kiruvchi korxonalarda yashil texnologiyalar, chang-gaz tozalash uskunalari, avtomatik monitoring stansiyalari, energiya samarador uskunalar va lokal suv tozalash inshootlarni o‘rnatish rejasini tasdiqlab, ijrosini ta’minlashi kerak.
Mavzuga oid
17:29
Yangi uylarning tomi ham bazalt bilan qoplanadi
16:48
Havo sifati yomonlashganda davlat xizmatchilari uydan ishlashga o‘tkazilishi mumkin
15:46
Toshkentda sun’iy yomg‘ir yog‘diriladi - prezident farmoni
15:29