Jahon | 15:21
2384
3 daqiqa o‘qiladi

Bag‘dodda amerikalik jurnalist ayol o‘g‘irlab ketildi

Amerikalik mustaqil jurnalist Shelli Kitlson Iroq poytaxtida fuqarolik kiyimidagi shaxslar tomonidan o‘g‘irlab ketildi. Kitlson Yaqin Sharqdagi bir qancha urushlarni yoritgan hamda xorijiy nashrlar uchun materiallar tayyorlab kelgan.

Shelly Kitlson / Foto: Al-Monitor

Seshanba kuni Iroq poytaxti Bag‘dodda amerikalik jurnalist ayol o‘g‘irlab ketildi. Reutersʼning yozishicha, Iroq ichki ishlar vazirligi jurnalist o‘g‘irlab ketilganini tasdiqlagan, biroq uning fuqaroligini oshkor qilmadi.

Vazirlikning bildirishicha, bir gumonlanuvchi qo‘lga olingan va jurnalistni qidirish hamda ozod qilish bo‘yicha harakatlar davom etmoqda.

Keyinchalik jabrlanuvchining shaxsi aniqlandi: u Rimda istiqomat qiluvchi amerikalik mustaqil jurnalist Shelli Kitlson bo‘lgan. Kitlson Yaqin Sharqdagi bir qancha urushlarni yoritgan hamda Al-Monitor, Foreign Affairs kabi nashrlar uchun maqolalar tayyorlab kelgan.

Politsiya mulozimlari so‘zlariga ko‘ra, Kitlsonni Sa’dun ko‘chasidagi «Baghdad» mehmonxonasi yaqinida fuqarolik kiyimidagi to‘rt kishi qo‘lga olib, noma’lum avtomobilda olib ketgan. Qidiruv ishlari poytaxtning sharqiy qismiga qaratilgan, chunki jinoyatchilarning mashinasi aynan o‘sha yo‘nalishda g‘oyib bo‘lgan.

AQSh Davlat departamenti rasmiysi Bag‘dodda amerikalik jurnalist o‘g‘irlab ketilganidan xabardor ekanini va jurnalist bunday xavfdan ogohlantirilganini aytdi.

«Davlat departamenti avvalroq ushbu shaxsni unga nisbatan mavjud tahdidlar haqida ogohlantirish bo‘yicha o‘z burchini bajargan edi. Biz uning imkon qadar tezroq ozod etilishini ta’minlash uchun FQB bilan muvofiqlashtirish ishlarini davom ettiramiz», deb yozdi departament rasmiysi. Shuningdek, amerikaliklarga yana bir marta har qanday sabab bilan Iroqqa safar qilmaslik tavsiya etildi.

CNN nashrining AQSh Davlat departamentidagi manbalariga ko‘ra, jurnalistni o‘g‘irlashda qatnashganlikda gumon qilinib Iroq hukumati tomonidan hibsga olingan shaxs Eron tarafdori bo‘lgan «Kataib Hizbulloh» qurolli guruhi bilan aloqador. Ushbu guruh oldin ham amerikaliklarni bir necha bor nishonga olgandi.

Nashr manbalaridan biri AQSh hukumati yaqinda Kitlsonni «Kataib Hizbulloh» uni o‘g‘irlash yoki o‘ldirish fitnasini rejalashtirayotgani haqida ogohlantirgan. Ushbu ogohlantirish u Iroqda reportaj tayyorlayotgan vaqtda berilgan.

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid