Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tramp: AQSh Eron bo‘yicha maqsadiga yetdi, hujumlar tez orada to‘xtaydi
AQSh prezidenti Donald Tramp Amerika armiyasi Eronga qarshi hujumlarni yaqin 2–3 hafta ichida to‘xtatishi mumkinligini bildirdi. Uning aytishicha, buning uchun Tehron bilan kelishuvga erishish yoki Ho‘rmuz bo‘g‘ozini ochish shart emas.
AQSh va Isroilning Eronga qarshi urushi yaqin ikki-uch hafta ichida yakunlanishi mumkin. Bu haqda Amerika prezidenti Donald Tramp 1 aprel, chorshanbaga o‘tar kechasi Oq uyda jurnalistlar bilan muloqot chog‘ida ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Eron rahbariyati bilan kelishuv tuzilmagan taqdirda ham Eronga qarshi hujumlar to‘xtatiladi.
“Ularda rejim almashdi. Bu mening rejalarimga kirmagan edi. Mening bitta maqsadim bor edi — ularda yadroviy qurol paydo bo‘lishining oldini olish, va bu maqsadga erishildi. Biz ishni yakunlayapmiz va menimcha, bu, ehtimol, ikki hafta, balki yana bir necha kun ko‘proq vaqt olishi mumkin. Ammo biz ularda bor bo‘lgan barcha narsani yo‘q qilmoqchimiz”, — deya Trampning so‘zlarini CNN telekanali keltirgan.
AQSh prezidenti, agar kelishuvga erishilsa, urush bundan ham ertaroq tugashi mumkinligini istisno qilmadi. Uning ta’kidlashicha, Eron hukumati bunday kelishuvni “juda xohlamoqda”. Biroq, Trampning fikricha, umuman olganda, kelishuvga erishiladimi-yo‘qmi — “buning ahamiyati yo‘q”.
Prezidentning aytishicha, Amerika va Isroil hujumlari boshlanganidan keyin Eron tomonidan, jumladan, Yevropa kemalari uchun tashkil etilgan Ho‘rmuz bo‘g‘ozi blokadasi boshqa davlatlar uchun muammo bo‘lishi kerak, ammo AQSh uchun emas.
“Agar Fransiya yoki boshqa biror davlat neft yoki gaz olmoqchi bo‘lsa, ular Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali o‘tib, o‘zlari o‘z xavfsizligini ta’minlasin. Bo‘g‘ozda sodir bo‘layotgan ishlar bizga taalluqli emas”, — dedi u.
Prezident, shuningdek, Yaqin Sharqdagi urush va Ho‘rmuz bo‘g‘ozining blokadasi oqibatida neft narxlari 50 foizga keskin ko‘tarilganini ham izohladi. Trampning fikricha, AQSh Eronga qarshi hujumlarni “juda tez orada” to‘xtatishi bilanoq “narxlar keskin tushib ketadi”.
28 fevraldan buyon AQSh va Isroil Eron hududiga havo zarbalari bermoqda. Bu hujumlar natijasida Eron oliy rahbari Ali Xominaiy hamda bir qator yuqori lavozimli amaldorlar va kuch tuzilmalari vakillari halok bo‘lgan.
Eron esa javob tariqasida Isroil va Fors ko‘rfazi mamlakatlariga raketa va dronlar bilan hujum qilmoqda. Islom Respublikasi bayonotlariga ko‘ra, arab davlatlariga qilingan hujumlarning asosiy nishonlari mintaqadagi Amerika harbiy bazalari hisoblanadi.
Eron zarbalari ostida Fors ko‘rfazidagi bir qator mamlakatlarda joylashgan neft omborlari va neft tashuvchi tankerlar ham qolgan. Bundan tashqari, urush boshlanganidan beri Eron hujumlaridan Ozarboyjon va Yevropa Ittifoqiga a’zo Kipr ham jabr ko‘rgan.