Jahon | 08:19
3342
4 daqiqa o‘qiladi

Tramp Kiyevga yordamni to‘xtatish bilan tahdid qildi

Agar AQShning Yevropadagi ittifoqchilari Ho‘rmuz bo‘g‘ozini ochish bo‘yicha operatsiyaga qo‘shilmasa, Vashington Ukrainaga PURL dasturi orqali qurol yetkazib berishni to‘xtatadi. Bu haqda AQSh prezidenti Donald Tramp tahdid qilgan.

Foto: Tom Brenner/AFP/Getty Images

Buyuk Britaniyaning Financial Times gazetasi 1 aprel, chorshanba kuni uch nafar xabardor manbaga tayanib yozishicha, AQSh prezidenti Donald Tramp Yevropa Ho‘rmuz bo‘g‘ozini ochishga yordam bermasa, Ukrainaga qurol yetkazib berishni to‘xtatish bilan tahdid qilgan. Manbalarga ko‘ra, Oq uy rahbari Ukraina uchun ustuvor xaridlar dasturi (PURL) faoliyatini to‘xtatib qo‘yish bilan qo‘rqitmoqda. Ushbu dastur doirasida Yevropa davlatlari AQShdan qurol sotib olib, uni Kiyevga topshiradi.

Bundan avval Washington Post gazetasi Pentagon Ukraina Qurolli kuchlari uchun mo‘ljallangan muhim harbiy uskunalarni Eronga qarshi urush ehtiyojlariga yo‘naltirish imkoniyatini ko‘rib chiqayotganini xabar qilgan edi. Shu bilan birga, AQSh davlat kotibi Marko Rubio 28 mart kuni NATO davlatlari Ukraina uchun xarid qilgan qurollar Yaqin Sharqqa yo‘naltirilmayotganini aytgan, ammo bunday ehtimolni ham istisno qilmagan.

O‘z navbatida, Amerikaning The Wall Street Journal gazetasi Birlashgan Arab Amirliklari AQSh va uning ittifoqchilariga Ho‘rmuz bo‘g‘ozini kuch bilan ochishda yordam berishga tayyorlanayotganini yozdi. Agar bu ro‘y bersa, BAA Eronga qarshi jang harakatlariga kirishgan Fors ko‘rfazidagi birinchi davlatga aylanadi. AQSh mudofaa vaziri Pit Hegset 31 mart kuni Eronga quruqlik qo‘shinlari yuborilishi ehtimolini ham istisno qilmagan.

Buyuk Britaniya shu hafta 35 davlat ishtirokida muzokara o‘tkazib, jang harakatlari to‘xtagandan keyin Ho‘rmuz bo‘g‘ozida kemalar qatnovi xavfsizligini ta’minlash uchun koalitsiya shakllantirish masalasini muhokama qiladi. Financial Times 1 aprel kuni to‘rt nafar xabardor manbaga tayanib xabar berishicha, tashqi ishlar vazirlari uchrashuvida aniq choralar — tijorat kemalarini harbiy kemalar kuzatuvida o‘tkazish, bo‘g‘ozni minalardan tozalash va Eronning ehtimoliy hujumlaridan himoya qilish masalalari ko‘rib chiqiladi.

Shu bilan birga, harbiylar uchrashuvi ham rejalashtirilgan bo‘lib, unda dengiz kuchlarining ehtimoliy harakat variantlari muhokama qilinadi. Muzokaralarda Fransiya, Niderlandiya va Fors ko‘rfazi davlatlari ham qatnashishi kutilmoqda.

Hozirgacha Yevropa davlatlari Donald Trampning o‘z harbiy-dengiz kuchlarini Ho‘rmuz bo‘g‘oziga yuborish haqidagi chaqiriqlarini rad etib kelgan. Financial Times manbalariga ko‘ra, ular Tramp o‘zi yuzaga keltirgan muammoni hal qilishga yordam berishni istamagan. Biroq energetika inqirozining ko‘lami va Trampning NATOdagi ittifoqchilarni doimiy tanqid qilishi ularni o‘z pozitsiyasini qayta ko‘rib chiqishga majbur qilgan.

Shu bilan birga, ushbu koalitsiya NATO missiyasi doirasida harakat qilmaydi va Shimoliy Atlantika alyansiga a’zo bo‘lmagan davlatlar uchun ham ochiq bo‘ladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid