Iqtisodiyot | 09:16
1331
3 daqiqa o‘qiladi

Oxfam: milliarderlar 3,55 trln dollarni soliqdan yashirmoqda

Dunyodagi eng boy odamlar ofshorlar va deklaratsiya qilinmagan hisobraqamlarda taxminan 3,55 trln dollar mablag‘ni soliqdan yashirmoqda. Bu Fransiya yalpi ichki mahsulotidan ham ko‘p va jahon YaIMning taxminan 3,2 foiziga teng, deb xabar qildi Oxfam.

Foto: AP

Dunyo bo‘ylab eng boy odamlar ofshorlar va deklaratsiya qilinmagan hisobraqamlarda taxminan 3,55 trln dollar mablag‘ni soliqdan yashirmoqda. Bu haqda xayriya tashkilotlari birlashmasi Oxfam 2 aprel, payshanba kuni — “Panama hujjatlari” e’lon qilinganining 10 yilligi arafasida ma’lum qildi. Oxfam press-relizida aytilishicha, ushbu summa Fransiyaning 2024 yildagi yalpi ichki mahsulotidan (3,16 trln dollar) yuqori hamda dunyodagi eng kam rivojlangan 44 davlatning jami YaIMdan ikki barobardan ham ko‘proqdir.

Dunyodagi eng boy odamlarning 0,1 foizi hissasiga ofshorlarda saqlanayotgan barcha pullarning taxminan 80 foizi — 2,84 trln dollar to‘g‘ri keladi. Oxfam ma’lumotlariga ko‘ra, bu summa insoniyatning eng kambag‘al yarmini, ya’ni 4,1 milliard kishinikidan ortiq kapitalni tashkil etadi. Shu bilan birga, eng boy 0,01 foiz odamlar qo‘lida 1,77 trln dollar saqlanmoqda.

Soliqdan bo‘yin tovlashga qarshi kurash chorasi sifatida Oxfam dunyodagi eng boy 1 foiz odamlar uchun soliqlarni oshirish va o‘ta boylarga soliq joriy etishni taklif qilmoqda. Boshqa tashabbuslar qatorida ofshorlarni tugatish va moliyaviy shaffoflikni kuchaytirish uchun xalqaro hamkorlikni mustahkamlash ham bor.

Oxfam bahosiga ko‘ra, “Panama hujjatlari” 2016 yil 3 aprel kuni e’lon qilinganidan beri ofshor aktivlar hajmi 2023 yilda 13,25 trln dollarga yetgan — bu o‘sha paytda jahon yalpi ichki mahsulotining qariyb 12,5 foiziga teng edi. Shu bilan birga, tashkilot ta’kidlashicha, soliq solinmaydigan ofshor aktivlar ulushi sezilarli darajada qisqargan va jahon YaIMning 3–4 foizi darajasida barqarorlashgan.

Masalan, Jahon banki 2024 yilda jahon yalpi ichki mahsulotini 110,8 trln dollar deb baholagan. Oxfam press-relizida keltirilgan, umuman soliq solinmaydigan 3,55 trln dollarlik ofshor mablag‘lar shu summaning taxminan 3,2 foizini tashkil etadi.

Tashkilot qayd etishicha, soliq solinmaydigan ofshor mablag‘lar ulushining kamayishiga 2016–2017 yillarda Soliq axborotini avtomatik almashish tizimi (AEOI) ishga tushirilgani yordam bergan. 2025 yil mart oyiga kelib, AEOI hisobot standartiga 126 davlat va yurisdiksiya qo‘shilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid