Özbekistonda xarid çeklarini Soliq ilovasida röyxatdan ötkazgan şaxslarga xarid summasining 1 foizini keşbek şaklida qaytarib beriş amaliyoti töxtatilişi mumkin.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Yaşirin iqtisodiyot uluşini qisqartiriş, fiskal tahlillar instituti şunday taklif bilan çiqdi.
Institut ma’lumotiga köra, 2022 yilda keşbek tölovlari hajmi 820 mlrd sömni taşkil etgan bölsa, 2026 yilda bu mablağ 1,8 trln sömga yetişi mumkin.
Vaholanki, – deydi institut vakillari, – 2026 yilda boğçalar qurilişi uçun davlat budjetidan bundan ikki barobar kam – 900 mlrd söm mablağ ajratiş rejalaştirilgan.

“Mazkur mexanizmning amal qilişi davlat budjeti hisobidan doimiy moliyalaştirişni talab etadi. Röyxatdan ötkazilgan fiskal çeklar soni ortişi bilan bir qatorda, davlat budjeti xarajatlari ham muttasil köpayib boradi”, – deyiladi IMV huzuridagi institut e’lon qilgan maqolada.
Ta’kidlanişiça, 2026 yil may oyida tölangan soliq keşbekining umumiy summasi 146,6 mlrd sömni taşkil etgan bölib, şundan 15,7 mlrd sömi yoki 10,7 foizi top-10 savdo tarmoqlariga töğri kelgan. Bu esa, mualliflarga köra, budjet hisobidan rağbatlantirişning salmoqli qismi allaqaçon rasmiy sektorda işlayotgan kompaniyalar mijozlariga taalluqli bölayotganini körsatadi.
“Natijada davlat budjeti amalda soliq keşbeki mavjud bölmagan taqdirda ham amalga oşirilişi muqarrar bölgan operatsiyalarni subsidiyalamoqda”, – deydi maqola mualliflari.

Institut fikriga köra, budjet hisobidan rağbatlantirişga soliq intizomi va soliq madaniyatini şakllantirişga xizmat qiluvçi vaqtinçalik vosita sifatida qaraş kerak.
Xalqaro tajribada ham xaridorlarni çek olganligi uçun moddiy rağbatlantiriş amaliyoti – soliq siyosatining universal yoki uzoq muddatli instrumenti sifatida qaralmaydi.













