Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Samarqand tramvayi - faqat nostalgiya emas, odamlarga nafi tegayotgan tizim
44 yillik tanaffusdan so‘ng, 2017 yilda Samarqandga tramvay qaytdi. Bugun u nafaqat O‘zbekistonda, balki butun Markaziy Osiyoda yagona tramvay tizimi hisoblanadi. Shu jihatdan u oddiy transport emas, balki ramzga aylangan. Biroq bu ramz faqat nostalgiya emas — u har kuni minglab odamlar hayotini yengillashtirayotgan transport vositasidir.
Samarqandda tramvay tarixi ancha avval boshlangan. Ilk liniya 1907 yilda ochilgan, 1947 yilda esa elektr tramvay rasman ishga tushirilgan. Ammo 1973 yil 28 avgust kuni bu harakat to‘xtatilgan. Liniyalar buzilgan, depo yopilgan. 2017 yilda bu tarix yana davom etdi. Samarqand tramvaylarida yaqin tarixda Toshkentda faoliyatini yakunlagan “haydovchi amakilar”ni ko‘rishimiz mumkin.
Bugun Siyob bozoridan temiryo‘l vokzaligacha bo‘lgan yo‘lda shu “qaytish”ni aniq his qilish mumkin. Vagon ichida sokinlik va tartib hukm suradi. Chexiyada ishlab chiqarilgan VARIO LF tramvaylari keng va qulay. Ayniqsa talabalar, yosh bolali oilalar va keksa insonlar uchun bu transport ancha yengillik yaratmoqda.
Yo‘lovchilarning aytishicha, tramvay shahardagi eng barqaror va ishonchli jamoat transportiga aylangan. Ko‘pchilik yangi yo‘nalishlari yo‘lga qo‘yilishini kutmoqda.
Tramvay ortida turgan odamlar taqdiri esa alohida hikoya. Masalan, haydovchilar orasida Toshkentdan kelib ishlayotganlar ham bor. Ulardan biri — Ravshan Alimov. U 1995 yilda tramvay haydovchisi sifatida faoliyatini boshlagan.
“Shu kasb ortidan farzandlarimni uyli-joyli qildim, o‘qitdim. Bu menga ota kasb — otam ham tramvay haydovchisi bo‘lgan. Ikki kun ish, bir kun dam. Yigirma kunda bir uyga borib kelaman, besh-olti kun oilam bilan bo‘laman. Toshkentda tramvay to‘xtaydi, deb o‘ylamagan edik. Shu sohani yaxshi ko‘rganimiz uchun yetti-sakkiz kishi Samarqandga kelib ishlayapmiz”, - deydi u.
Hozirda Samarqand shahridagi Tramvay liniyalarini ekspluatatsiya qilish direksiyasida 76 nafar xodim mehnat qiladi. Tramvaylar “Temiryo‘l vokzali – Sattepa maskani” va “Temiryo‘l vokzali – Siyob bozori” yo‘nalishlarida harakatlanib, kuniga o‘rtacha 9-10 ming yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatmoqda.
Kelgusida Kimyogarlar qo‘rg‘onidan temiryo‘l vokzaligacha yangi yo‘nalish ochish rejalashtirilgan. Buning uchun yana 14 ta vagon xarid qilinishi kutilmoqda.
Siyobdan vokzalgacha bo‘lgan bu qisqa sayohat bir narsani aniq ko‘rsatdi: tramvay Samarqand uchun o‘tmish yodgorligi emas. U — bugungi ehtiyoj hamdir. Shahar nafasini yengillashtirayotgan, odamlarni manzilga oson va tartibli yetkazayotgan o‘ziga xos jarayon deyish mumkin.
Mavzuga oid
15:24 / 02.04.2026
Samarqanddagi maktabda direktor o‘rinbosari va o‘quvchi o‘rtasida mushtlashuv yuz berdi
13:24 / 26.03.2026
Yangilangan Imom Buxoriy majmuasidan reportaj
11:26 / 23.03.2026
Urgutda kuchli yomg‘ir oqibatida sel hodisasi kuzatildi
08:57 / 19.03.2026