Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQShdan deportatsiya qilingan migrantlarni Kongo DR qabul qiladi
Mamlakat poytaxti Kinshasa yaqinida deportatsiya qilinganlarni joylashtirish uchun binolar tayyorlandi.
Kongo Demokratik Respublikasi AQSh bilan yangi kelishuv doirasida Qo‘shma Shtatlardan deportatsiya qilingan uchinchi davlat fuqarolarini qabul qiladi. Bu haqda Reuters Kongo hukumati bayonotiga tayanib yozdi.
Hukumat bayonotida aytilishicha, Kongo deportatsiya qilinganlarni aprel oyidan qabul qilishni boshlaydi. Shu bilan birga, nashr mamlakat aynan qancha odamni qabul qilishiga aniqlik kiritmagan.
Mamlakat poytaxti Kinshasa yaqinida deportatsiya qilinganlarni joylashtirish uchun binolar tayyorlandi. Kongo, xususan, Gana, Kamerun, Ekvator Gvineyasi va Esvatini fuqarolarini qabul qiladi. Agentlikning qayd etishicha, ushbu kelishuv huquqshunoslar va huquq himoyachilari tomonidan tanqid qilingan.
Kongo hukumati deportatsiya xarajatlarini AQSh o‘z zimmasiga olishini ta’kidladi. Reuters’ning qayd etishicha, mamlakatlar o‘rtasidagi kelishuv Kongo DR va Ruanda o‘rtasida Vashington vositachiligida imzolangan va AQShning Kongodagi eng muhim foydali qazilmalarga kirishini o‘z ichiga olgan tinchlik kelishuvining amalga oshirilishi fonida qabul qilingan.
AQSh prezidenti Donald Tramp saylovoldi kampaniyasi davomida noqonuniy migrantlarni mamlakatdan chiqarib yuborish bo‘yicha tarixdagi eng yirik operatsiyani va’da bergan edi.
Iyun oyida Tramp 12 davlat - Afg‘oniston, Myanma, Chad, Kongo, Ekvator Gvineyasi, Eritreya, Haiti, Eron, Liviya, Somali, Sudan va Yaman fuqarolarining kirishini taqiqlovchi deklaratsiyani imzoladi. AQSh hukumati ushbu mamlakatlarni ma’lumotlarni tekshirish sohasida yetarlicha samarali emas deb hisoblaydi va ularni yuqori xavf toifasiga kiritadi.
Mart oyida The Wall Street Journal Tramp maslahatchilariga immigratsiya siyosatiga yondashuvni o‘zgartirishni buyurganini yozgan edi, chunki ommaviy deportatsiyaning ayrim choralari «haddan oshib ketgan».