O‘zbekiston | 18:54 / 06.04.2026
3054
3 daqiqa o‘qiladi

Chegaradan ko‘p miqdordagi giyohvand moddalar olib kirilishiga chek qo‘yildi

Toshkent viloyatida ikki nafar shaxs qo‘shni davlatdan O‘zbekistonga umumiy og‘irligi qariyb 25 kg bo‘lgan opiy va gashish olib kirishga uringan. Surxondaryoda esa uch kishi Amudaryo orqali o‘tish paytida ushlandi – ularning yonida 10 kilogrammdan ortiq taqiqlangan moddalar aniqlangan.

Foto: DXX

Toshkent va Surxondaryo viloyatlarida 35 kilogramdan ortiq narkotik moddalar kontrabandasiga chek qo‘yildi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati.

DXXning Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari va Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda 23 va 28 yoshli ikki nafar fuqaro davlat chegarasini noqonuniy kesib, qo‘shni respublikadan mamlakat hududiga o‘tgan vaqtida qo‘lga olingan.

Ularga tegishli ikkita sport sumkasi ichida esa 4,88 kg opiy va 19,86 kg gashish moddalari, shuningdek, 380 quti tamaki mahsulotlari aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 223 (Qonunga xilof ravishda chet elga chiqish yoki O‘zbekiston Respublikasiga kirish), 246 (Kontrabanda) va 273-moddalari (Giyovandlik vositalarini o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Surxondaryo viloyatida 48, 45 va 22 yoshli uch nafar shaxs davlat chegarasini buzgan holda, avtomobil g‘ildiragi kamerasi yordamida Amudaryodan suzib o‘tgan vaqtida qo‘lga olindi.

Tekshiruv jarayonida ularning yonida bo‘lgan xaltalar ichida 2,7 kg opiy va 8,25 kg gashish moddalari borligi ma’lum bo‘ldi.

Aniqlanishicha, narkosavdogarlar giyohvandlik vositalarini kerakli manzilga yetkazib berishlari evaziga ushbu kur’yerlarga har bir kilogramm yuk uchun 200 dollar miqdorida pul va’da qilishgan.

Hozirda qonunbuzarlarga nisbatan Jinoyat kodeksining 223 (Qonunga xilof ravishda chet elga chiqish yoki O‘zbekiston Respublikasiga kirish) va 246-moddalari (Kontrabanda) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid