Jahon | 09:37
4640
3 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy: Ukraina AQSh uchun endi ustuvor emas

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy AQSh va Isroilning Eronga qarshi davom etayotgan urushi Ukrainaga ko‘rsatilayotgan yordamni yanada zaiflashtirishi mumkinligidan xavotir bildirdi. Bu haqda u 5 aprel kuni Istanbulga tashrifi chog‘ida Associated Press (AP) agentligiga bergan intervyusida aytdi.

Foto: Mehmet Guzel & Serra Yedikardes

“Biz tan olishimiz kerakki, hozir biz (AQSh uchun) ustuvor yo‘nalish emasmiz. Shuning uchun men Erondagi uzoq davom etadigan urush bizga kamroq yordam keltirishidan qo‘rqaman”, — dedi Zelenskiy.

Uning ta’kidlashicha, Kiyev avvaldanoq Rossiya agressiyasiga qarshi kurashish uchun zarur bo‘lgan Patriot havo mudofaa tizimlari va ular uchun raketalarni yetarli miqdorda olmayotgan edi. Agar Eron bilan urush tez orada tugamasa, Ukrainaga yordam paketi “kundan-kunga kamayib borishi” mumkin.

Shuningdek, Zelenskiy AQSh tomonidan Rossiya neftiga nisbatan sanksiyalar vaqtincha yumshatilgani Moskvaga iqtisodiy jihatdan foyda keltirayotganini ta’kidladi: “Rossiya bundan qo‘shimcha daromad olyapti, demak, ular uchun bu foydali”, — dedi u.

AQSh 11 aprelga qadar 12 martgacha kemalarga yuklangan Rossiya nefti va neft mahsulotlari savdosini sanksiyalardan vaqtincha chiqardi. AQSh moliya vaziri Skott Bessentning aytishicha, bu qaror prezident Donald Tramp tomonidan jahon energetika bozorini barqaror saqlash va narxlarni oshirmaslik maqsadida qabul qilingan.

Shu bilan birga, 11 mart kuni G7 davlatlari Eron bilan urush fonida Rossiya neftiga nisbatan sanksiyalarni bekor qilmaslikka kelishib olgan edi.

1 aprel kuni Financial Times nashri yozishicha, Donald Tramp Yevropa davlatlari Ho‘rmuz bo‘g‘ozini ochishga yordam bermasa, Ukrainaga qurol yetkazib berishni to‘xtatish bilan tahdid qilgan.

Shuningdek, Washington Post ma’lumotiga ko‘ra, Pentagon Ukraina uchun mo‘ljallangan muhim harbiy texnikani Eron bilan urushga yo‘naltirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.

28 fevraldan buyon AQSh va Isroil Eronga avia zarbalar bermoqda. Natijada Eronning oliy rahbari Ali Xominaiy va bir qator yuqori lavozimli amaldorlar halok bo‘lgani xabar qilindi.

Eron esa javob tariqasida Fors ko‘rfazi mintaqasidagi qo‘shni davlatlarga raketa va dronlar bilan zarbalar bermoqda. Tehronning ta’kidlashicha, bu hujumlar AQSh harbiy bazalariga qaratilgan.

Shu bilan birga, Eron hujumlari neft omborlari va tankerlarga ham ta’sir qildi. Ozarboyjon va Kipr ham zarbalardan jabr ko‘rgani xabar qilinmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid