Jahon | 17:26
7016
11 daqiqa o‘qiladi

Tramp Eronni «do‘zax»ga aylantirmoqchi

AQSh prezidenti Donald Tramp Eronga qarshi urushda jiddiy eskalatsiyaga tayyorlanmoqda. U agar Ho‘rmuz blokadasi bekor qilinmaydigan bo‘lsa, eronliklarni «jahannam ichida qoldirish» va «tosh asriga qaytarish» bilan tahdid qildi. Bu aynan qanday bo‘lishi mumkin? Qanday obektlar AQShning nishonida?

Morteza Nikoubazl / NurPhoto / Getty Images

AQSh prezidenti Donald Tramp dushanba kuni Eron manziliga qaratilgan tahdidlarini yana bir bor takrorladi, u eronliklardan Ho‘rmuz bo‘g‘ozini Vashington vaqti bilan seshanba kuni kechqurunga qadar kemalar qatnovi uchun ochishni talab qilmoqda, aks holda mamlakatdagi infratuzilmalarni vayron qilish bilan qo‘rqitgan.

«Butun mamlakatni bir tunda ishdan chiqarsa bo‘ladi va bu tun ertagayoq kelishi mumkin», – dedi u Oq uydagi matbuot anjumanidagi chiqishida.

«Ularda ko‘priklar ham, elektr stansiyalari ham bo‘lmaydi. Ular bir zumda tosh asriga qaytishadi», – deya qo‘shimcha qildi u keyinroq jurnalistlarning savollariga javoban.

Trampning ultimatumi muddati Sharqiy sohil vaqti bilan seshanba kuni soat 20:00 da, Toshkent vaqti bilan chorshanba kuni soat 5:00 da tugaydi.

«Ertaga yarim tungacha Erondagi har bir ko‘prik butunlay vayron qilinadi, Erondagi har bir elektr stansiyasi ishdan chiqadi – ular yonadi, portlaydi va boshqa hech qachon ishlatilmaydi. Agar xohlasak, bu to‘rt soat ichida sodir bo‘lishi mumkin. Ammo biz bunday bo‘lishini istamaymiz», – dedi Amerika yetakchisi.

***

Yaqin Sharqqa Amerikaning qo‘shimcha kuchlari, jumladan, desantchilar va dengiz piyodalari olib kelingan. Mintaqaga oldinroq joylashtirilgan harbiy xizmatchilar bilan birgalikda Amerika kontingenti endi bir necha o‘n ming kishiga yetgan – bu keng ko‘lamli quruqlik bosqini uchun yetarli emas, ammo strategik orollarni egallash kabi muayyan amaliyotlar uchun yetarli hisoblanadi. AQSh Ho‘rmuz bo‘g‘ozini ochish uchun bo‘g‘ozning o‘zida va Fors bo‘g‘ozida dengiz amaliyotlari o‘tkazishga harakat qilib ko‘rishi mumkin.

Tramp o‘z bayonotlarida tilga olayotgan «do‘zax» so‘zi orqali esa katta ehtimol bilan Eron energetika infratuzilmasini o‘qqa tutishni nazarda tutmoqda.

Trampning ritorik eskalatsiyasi 21 mart kuni boshlangandi. U Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida Eronga bo‘g‘ozni ochish uchun 48 soat muhlat berishi, aks holda AQSh «ularning elektr stansiyalarini yo‘q qilishi, hujumni eng kattasidan boshlashi» bilan tahdid qilgandi.

Bu urushda AQSh asosan harbiy obektlar bo‘ylab zarbalar berib kelmoqda. Ammo ba’zida xatolik tufayli fuqarolik obektlari ham nishonga aylangan. Bunday xatolardan biri urushning ilk kunida, 28 fevral kuni Minobdagi qizlar maktabiga zarba berilishi bo‘lgandi, bu esa 180 kishi o‘limiga olib kelgan, qurbonlarning aksari 12 yoshgacha bo‘lgan qizlar edi.

Eronning neft-kimyo va boshqa sanoat korxonalari, universitet tadqiqot markazlari (u yerda yadro quroli va raketalar ishlab chiqilgan) va hatto islom respublikasi qurolli kuchlariga xizmat ko‘rsatuvchi bankning kiberxavfsizlik bo‘limi ofisi ham zarbalar nishoniga aylangan. Ammo bu zarbalarning barchasi AQSh tomonidan emas, balki uning bu urushdagi asosiy ittifoqchisi – Isroil tomonidan berilmoqda.

Endi esa Tramp ochiqchasiga muhim infratuzilmalarni bombardimon qilish bilan tahdid qila boshladi – bular mutlaqo fuqarolik obektlari bo‘lmasa ham, kamida ikki maqsadli hisoblanadi: elektr stansiyalari harbiy bazalar va harbiy ishlab chiqarish korxonalarini ham energiya bilan ta’minlaydi. 2 aprel kuni Kerejdagi ko‘prik vayron qilinishi Tramp AQShning fuqarolik obektiga zarba bergani uchun javobgarligini to‘g‘ridan to‘g‘ri tan olishi bilan bog‘liq ilk holat bo‘lgandi.

23 mart kuni Amerika prezidenti ultimatum muddatini besh kunga uzaytirdi. U AQSh Eron bilan «juda yaxshi va samarali muzokaralar» o‘tkazgani va mojaroni diplomatik yo‘l bilan hal qilishga umid paydo bo‘lganini aytdi.

Ko‘p o‘tmay aslida hech qanday muzokaralar bo‘lib o‘tmagani oydinlashdi. Shunchaki vositachilar (birinchi navbatda Pokiston) Eron harbiy rahbariyati bilan aloqa o‘rnatgani va tomonlar o‘z talablarini bir-biriga yetkazgani ma’lum bo‘ldi. Tomonlarning talablari bir-biriga zid edi va mojaroni hal qilish umidi tezda yo‘qoldi.

26 mart kuni, yangi dedlayn tugashi arafasida Tramp yana bir bor muhlatni uzaytirdi – bu safar 6 aprelgacha. Prezident buni «Eron hukumati iltimosi» bilan qilayotganini, «feyk nashrlar nima deb yozayotganidan qat’i nazar, muzokaralar davom etayotgani»ni aytdi. U bu bilan Eron hukumati bayonotlarini ham yo‘qqa chiqardi: Tehrondagilar muntazam ravishda amerikaliklar bilan muzokara qilmayotganini aytib keladi.

5 aprel kuni esa Tramp navbatdagi dedlaynni o‘rnatdi. Uning Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi postida shunday deyiladi: «Seshanba kuni Eronda bir vaqtning o‘zida Elektr stansiyalar va Ko‘priklar kuni bo‘ladi. Bunaqasini hali ko‘rmagansiz!!! Aqldan ozgan ablahlar,, la’nati bo‘g‘ozni oching (originalida – fuckin' strait), yo‘qsa jahannamga ravona bo‘lasiz». Buning ortidan shunday qisqacha post qo‘yildi: «Seshanba, Sharqiy sohil vaqti bilan kechqurungi 8». Bu Moskva vaqti bilan 8 aprel kuni soat ertalabki 5 bo‘ladi.

Urushning boshida Tramp AQShning maqsadi – «AQShga va butun dunyoga Eron rejimi tomondan mavjud tahdidni yo‘q qilish» ekanini aytgandi. Shuningdek, u Eron xalqini Amerika va Isroil zarbalaridan zaiflashadigan rejimni ag‘darishga chaqirgandi. O‘tgan vaqt mobaynida rejim ko‘plab muhim figuralaridan, jumladan, oliy rahnamo Ali Xominaiy hamda Milliy xavfsizlik oliy kengashi kotibi Ali Larijoniydan ayrildi – ammo rejim o‘z hokimiyatini saqlab qoldi. Rejim darhol jahonda suv yo‘l orqali tashiladigan neftning 20 foizi o‘tadigan Ho‘rmuz bo‘g‘ozini yopib qo‘ydi. Narxlar o‘sa boshladi va bir necha hafta o‘tib AQSh va uning ittifoqchilari uchun urushdagi asosiy maqsad Erondagi rejimni almashtirish emas, balki bo‘g‘ozni ochish bo‘lib qoldi.

Eron shu tariqa harbiy bo‘lmasa-da, siyosiy tashabbusni o‘z qo‘liga oldi: endi bu urushning mohiyatini Tehrondagilar belgilamoqda. Tramp esa tanlov qarshisida qoldi: yoki murosa (Eronga nisbatan talablarni kamaytirish), yoki tashabbusni o‘ziga qaytarish umidida eskalatsiyaga borish. Aftidan, u ikkinchi yo‘lni tanladi.

Eronning energetika infratuzilmasi yaxshi himoyalanmagan. Birinchidan, elektr energiyasi ishlab chiqarishning 79 foizini gaz elektr stansiyalari ta’minlaydi. Bu stansiyalarga gazning katta qismi Fors bo‘g‘ozidagi Janubiy Fors konidan yetkazib beriladi. Gazni qayta ishlash va tashish bo‘yicha infratuzilma asosan konga eng yaqin joylashgan Kengan port shahrida jamlangan. Kengan bo‘ylab zarbalar berilishi elektr stansiyalari uchun yoqilg‘i taqchilligiga olib kelishi mumkin.

Ikkinchidan, Eronning yirik shaharlari va sanoat markazlari bir necha yirik elektr stansiyalarga kuchli darajada bog‘lanib qolgan: Tehron (aholisi – 10 million kishi atrofida) – «Demavend» IESga, neftga boy bo‘lgan Huziston viloyati (besh millionga yaqin kishi yashaydi) – «Ramin» IESga, Isfahon (ikki million atrofida aholi yashaydi) – «Muntazariy» IESga. Agar AQSh Trampning tahdidlarini hayotga tatbiq etadigan bo‘lsa, ushbu issiqlik elektr stansiyalari amerikalik harbiylarning birinchi galdagi nishonlariga aylanadi.

Eng yirik elektr stansiyalar safdan chiqarilishi butun mamlakat bo‘ylab blekaut ro‘y berishini anglatmaydi – ammo elektr ta’minotida jiddiy uzilishlar yuzaga kelishi hamda milliy energiya tizimidagi yuklamani keng ko‘lamli qayta taqsimlashga to‘g‘ri kelishi tayin.

Eron allaqachon o‘z energetika infratuzilmalari bo‘ylab zarbalarga javoban AQShning Yaqin Sharqdagi ittifoqchilarining muhim fuqarolik infratuzilmalarini o‘qqa tutishni va’da qilgan. Bunday nishonlar qatorida elektr stansiyalaridan tashqari, Kuvayt, Bahrayn, Qatar va BAA aholisi hayoti uchun o‘ta muhim bo‘lgan suvni chuchuklashtirish zavodlari ham bor. Bunday obektlar bungacha ham Eron zarbalariga uchragan, ammo hujumlar keng miqyosli bo‘lmagan.

Eron qo‘shnilariga zarbalarni sezilarli darajada kuchaytira oladimi yoki yo‘qmi, bunisi noma’lum: ularda raketalar zaxirasi cheklangan va ularni to‘ldirish deyarli imkonsiz. Agar u elektr stansiyasini yoki suvni chuchuklashtirish zavodini vayron qilishga muvaffaq bo‘lsa ham, jabrlangan mamlakat boshqa joydan yordam olishi mumkin. Eronning o‘zi esa, agar ishlab chiqariladigan elektr energiyasining katta qismidan mahrum bo‘lsa, tashqaridan yordam kuta olmaydi.

Huquq faollari ham, AQSh ichkarisidagi va tashqarisidagi siyosatchilar ham allaqachon Eron energetika infratuzilmasiga zarbalar berilishi harbiy jinoyat hisoblanishini aytishmoqda. Tramp bunday e’tirozlarni e’tiborsiz qoldirmoqda. The Wall Street Journal nashri Oq uydagi manbasiga tayanib, bu zarbalar rejasi dastlabki huquqiy bahodan o‘tkazilgani va prezident elektr energiyasidan eronlik harbiylar ham foydalanayotgani tufayli bu
harbiy jinoyat hisoblanmasligiga ishontirilgani haqida xabar bergan.

Eronning energetika infratuzilmalariga zarbalar berilishi Ho‘rmuz bo‘g‘ozini ochishga qanday qilib yordam berishi noma’lum. Katta ehtimol bilan, Amerika rahbariyati islom respublikasi harbiy bosim ortganini his qilishi va baribir taslim bo‘lishidan umid qilmoqda. Ammo shu paytgacha bosim kuchaytirilgan holatlarda Eron rahbariyati faqat murosasizlik namoyish etib kelmoqda.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid