Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yaqin Sharq eskalatsiyaga tayyorlanmoqda. So‘nggi ma’lumotlar
AQSh Erondagi nishonlarni belgilamoqda. Eronning qo‘shnilari ham javob zarbalarini kutmoqda va urushga qo‘shilish haqida o‘ylamoqda.
Msgt. Kulani Lakanaria / U.S. Navy / Planet Pix / ZUMA Press Wire / Scanpix
8 aprelga o‘tar kechasi Donald Tramp qo‘ygan oxirgi ultimatum muddati tugaydi: agar Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozi blokadasini bekor qilmaydigan bo‘lsa, AQSh Eron elektr stansiyalari, ko‘priklar va boshqa o‘ta muhim infratuzilma obektlarini o‘qqa tutishni boshlaydi. Prezident va AQSh mudofaa vaziri Tehronga «jahannam» va «tosh asriga qaytarish» bilan tahdid qilmoqda.
8 aprel kuni ham Tramp navbatdagi vahimali postini e’lon qilib, «bugun tunda butun sivilizatsiya halok bo‘lishi» haqida yozdi:
Bugun kechasi butun bir sivilizatsiya halok bo‘ladi va uni hech qachon qaytarib bo‘lmaydi. Men bunday bo‘lishini xohlamayman, lekin, ehtimol, shunday bo‘ladi. Biroq, endi yangilangan rejimda boshqa, aqlliroq va nisbatan mo‘’tadil kuchlar ustunlik qilayotgan bo‘lsa, haqiqiy inqilobiy narsa sodir bo‘lishi ham mumkin. Kim bilsin? Biz buni bugun tunda, dunyoning uzoq va murakkab tarixidagi eng muhim lahzalardan birida bilib olamiz. 47 yillik tovlamachilik, korrupsiya va o‘limlar nihoyasiga yetadi. Buyuk Eron xalqini xudoning o‘zing yorlaqasin!
Trampning ultimatumi muddati Vashington vaqti bilan seshanba kuni soat 20:00 da, Toshkent vaqti bilan chorshanba kuni soat 5:00 da tugaydi.
Quyida Yaqin Sharqdagi urushda kutilayotgan keskinlashuv arafasidagi asosiy ma’lumotlar keltiriladi.
Pentagon aviazarbalar uchun nishonlarning yangi ro‘yxatini shakllantirishni davom ettirmoqda va bunda yuridik murakkablikka duch kelgan: ko‘plab obektlar, jumladan, elektr stansiyalar va suvni chuchuklashtirish zavodlari fuqarolik obektlari sifatida ko‘rilib, ularga zarbalar harbiy jinoyat deb hisoblanishi mumkin. Eskalatsiya tarafdorlari esa bu obektlar ikki maqsadli ekaniga urg‘u qaratib, ularni qonuniy nishonlar sifatida ko‘rmoqda: elektr energiyasi va ichimlik suvdan fuqarolardan tashqari harbiylar ham foydalanadi.
Eron hukumatining Yoshlar va o‘smirlar ishlari bo‘yicha kengashi kotibi Alirizo Rahimiy yosh eronliklarni elektr stansiyalari atrofida zanjir bo‘lib turishga, ya’ni, amalda, ular uchun tirik qalqon bo‘lishga chaqirdi. Jyeneva konvensiyasiga ko‘ra, tirik qalqonlardan foydalanish harbiy jinoyat hisoblanadi.
AQSh Yaqin Sharqqa allaqachon qo‘shimcha kuchlar tashlagan, 10 mingga yaqin desantchilar va dengiz piyodalari shular jumlasidan. Elektr stansiyalari va boshqa muhim infratuzilmalarga bomba yog‘dirilishiga parallel ravishda ular quruqlikda bir yoki bir necha amaliyot o‘tkazishi taxmin qilinmoqda. Fors ko‘rfazidagi Xark oroli ehtimoliy nishonlardan biri sifatida qaralmoqda, bu yerda Eronning eng yirik neft eksporti terminali joylashgan; shuningdek, Ho‘rmuz orolidagi orollar, Isfahondagi yadroviy obekt (bu yerda Eronning 400 kilogrammdan ortiqroq miqdordagi boyitilgan uran zaxirasi mavjudligi aytiladi) ham quruqlik orqali hujum nishoniga aylanishi mumkin.
Vositachilarning (birinchi navbatda Pokiston) eskalatsiyaning oldini olishga bo‘lgan urinishlari muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Tomonlar vositachilar ishtirokida 45 yoki hech bo‘lmaganda 15 kunga sulh tuzish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishgandi. Ammo AQSh va Eron tomonidan ilgari surilgan shartlar bir-biriga zid bo‘lib chiqdi. AQSh zudlik bilan va hech qanday shartlarsiz Ho‘rmuz bo‘g‘ozini ochishni talab qilgan, shuningdek, Eronga nisbatan eski shartlarini takrorlagandi: bular yadro dasturidan butunlay voz kechish, raketa dasturini qisqartirish, Eronning Yaqin Sharqdagi proksi kuchlarini (Livandagi «Hizbulloh» va Yamandagi husiychilar) qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatish. O‘z navbatida, Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozi ustidan to‘liq nazoratini tan olishni (bunda suv yo‘lidan o‘tuvchi kemalar Tehronga to‘lov qilishi ko‘zda tutilgandi), kelgusida hujum takrorlanmasligi uchun kafolat berishni, Amerika va Isroil zarbalari natijasida yetkazilgan zarar uchun tovon to‘lashni, shuningdek, Isroilning «Hizbulloh»ga qarshi amaliyotini to‘xtatishni talab qilgan.
Eronda hozirda muhim qarorlarni aynan kim qabul qilayotgani, jumladan, o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha shartlarni kim qo‘yayotgani aniq emas. The Times nashri Amerika va Isroil razvedka xizmatlariga tayanib yozishicha, mamlakatning rasmiy rahbari Mujtaba Xominaiy hushiga kelmagan va Qum shahrida davolanmoqda (u 28 fevral kungi zarbalar vaqtida jarohatlangan), shu tufayli «rejimning qandaydir qarorlarini qabul qilishda ishtirok etolmaydi». AQSh parlament spikeri Muhammadboqir G‘olibof hamda tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchini Eron hukumatining muzokara o‘tkazishi mumkin bo‘lgan vakillari sifatida ko‘rib chiqqan. Muxolifatchilarning Iran International nashriga ko‘ra, mamlakatda amaldagi hokimiyat, jumladan, hukumatdagi muhim lavozimlarga tayinlovlar vakolati Ahmad Vohidiy boshchiligidagi Islom inqilobi muhofizlari korpusi qo‘mondonligiga o‘tgan.
Neft narxlari ko‘tarilishda davom etmoqda. Seshanba kuni kunduzi bir barrel neft uchun narx 110 dollargacha yetdi. Xalqaro energetika agentligi direktori Fotih Birol Le Figaro nashriga bergan intervyusida AQSh va Isroilning Eronga qarshi urushi hamda Ho‘rmuz bo‘g‘ozi blokadasi keltirib chiqargan global energetik inqiroz oldingilaridan jiddiyroq bo‘lib chiqqanini ma’lum qildi. Urushgacha jahon bozoridagi neftning 20 foiz atrofidagi qismi Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali olib o‘tilardi. Fors ko‘rfazi mamlakatlari allaqachon neftni bo‘g‘ozni aylanib o‘tgan holda eksport qilish uchun yangi quvurlar qurish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda: hozirgi blokada bekor qilingan taqdirda ham kelgusida bu holat takrorlanishi xavfi saqlanib qoladi.
Ukraina razvedkasidagi manbalar bir necha nashrlarga (jumladan The Jerusalem Post’ga), Rossiya Eronga javob zarbalari berish uchun Isroildagi energetika infratuzilma obektlari hisoblanadigan 55 ta nishon koordinatalarini taqdim etgan. Bu haqda oldinroq Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ham aytgandi.
Shuningdek, Kuvayt, Saudiya Arabistoni, Bahrayn, Qatar va BAAdagilar ham Eronning javob zarbalarini kutmoqda. Ushbu mamlakatlardagi elektr stansiyalari, suvni chuchuklashtirish zavodlari, shuningdek, neft va gazni qazib olish, qayta ishlash va transportirovka qilish bo‘yicha korxonalar eronliklar nishonida bo‘lishi mumkin. Saudiya Arabistoniga Buyuk Britaniyadan mamlakat mudofaa vaziri Jon Hilining mart oyi oxirida mintaqaga tashrifi vaqtida va’da qilingan qo‘shimcha havo hujumidan mudofaa tizimlari keltirilgan. Norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Saudiya Arabistoni va BAA AQSh va Isroilning Eron bo‘ylab zarbalariga qo‘shilish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Ushbu mamlakatlar AQSh va Isroilning Eronga qilayotgan hujumlariga qo‘shilmagan bo‘lsa-da, Eron ushbu mamlakatlarni urush boshidan buyon raketa va dronlar bilan o‘qqa tutib kelmoqda.
Mavzuga oid
22:07 / 07.04.2026
Eron Yaqin Sharqni «zulmatga cho‘mdirish» bilan tahdid qildi
20:16 / 07.04.2026
Eron Trampning keskin tahdidiga javoban AQSh bilan bevosita aloqani uzdi
18:49 / 07.04.2026
Kuchayib borayotgan energetika inqirozi. Bu kimga qanday ta’sir qiladi?
17:42 / 07.04.2026