Jahon | 17:28
4393
6 daqiqa o‘qiladi

Yer «botishi» va Quyosh tutilishi. NASA Oy orbitasidan olingan noyob kadrlarni namoyish etdi

Fotosuratlarda Yerning Oy ufqiga botishi va Oy orbitasidan kuzatilgan Quyoshning to‘liq tutilishi tasvirlangan.

Foto: NASA

Amerika Milliy aeronavtika va koinot boshqarmasi (NASA) «Artemida II» missiyasi ekipaji Oyning narigi tomoni bo‘ylab parvoz paytida olgan bir necha fotosuratni e’lon qildi.

«Earthset» deb nomlangan birinchi suratda yorqin oq bulutlarga ega ko‘kimtir Yer Oyning kraterlar bilan qoplangan yuzasi ufqi ortiga yashirinishi aks etgan.

«The Artemis II Eclipse» deb nomlangan ikkinchi surat ham 6 aprelda olingan bo‘lib, u Oy orbitasidan kuzatilgan Quyoshning to‘liq tutilishini (Oy Quyoshni to‘liq yopib qo‘yishini) ko‘rsatadi.

Ushbu noyob kuzatuv nuqtasi nafaqat ta’sirchan vizual tasvirni, balki astronavtlar uchun insoniyatning uzoq koinotga qaytishi doirasida quyosh tojini qayd etish va tasvirlash uchun qimmatli imkoniyatni ham taqdim etadi.

***

To‘rt nafar astronavt seshanbaga o‘tar kechasi Yerning tabiiy yo‘ldoshini aylanib uchdi. Ular yetti soat mobaynida Oy orbitasida bo‘lishdi, bu parvoz chog‘ida «Orion» kosmik kemasi Yerdan rekord masofada uzoqlashdi, shuningdek, kapsula 40 daqiqa mobaynida rejali ravishda Hyustondagi Parvozlarni boshqarish markazi bilan aloqani uzdi.

To‘liq quyosh tutilishi – Oy Quyoshni butunlay to‘sib qo‘ygan. Fotosuratda yulduzlar ham ko‘rinib turibdi; odatda ular Oyning yorug‘ligi yonida juda xira ko‘rinardi, biroq Oyning soyasi fonida ular yaqqol namoyon bo‘lgan.

Aksariyat odamlar Quyosh to‘liq tutilishini hech qachon o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishmagan, bunda Oy va Quyosh bir chiziqqa tizilgan paytda Oy Quyosh aylanasini to‘liq yopadi va faqat uning atmosferasidagi eng tashqi qatlam hisoblangan tojlargina ko‘rinadi.

Astronavtlar uchun bu parvozdagi eng yorqin lahzalardan biri bo‘lgan. Viktor Glover o‘zi guvoh bo‘lgan hodisani «ilmiy fantastika» deb atagan hamda quyosh toji qanday ko‘rinishda bo‘lganini aytib bergan.

«Bu hamon noreal bo‘lib ko‘rinmoqda, – deydi u. – Quyosh Oy ortiga yashirindi, ammo toj hamon ko‘rinib turadi: u yorqin va butun Oy atrofida nur taratib turadi».

Yerda quyosh tutilishini ko‘rgan odamlar odatda faqat tutilishning to‘liq fazasida bir necha daqiqa bahra olishi mumkin, «Orion»dagi astronavtlar uchun esa bu manzara qariyb bir soat saqlanib turdi.

Quyoshni to‘sib turgan Oyning bir qismi. Chap tomondagi yorqin kumushrang nuqta – Venera sayyorasi.
Bu suratda Quyoshning Oy ortidan chiqa boshlashi aks etgan.

«Yer bu yerda yorqin nur taratadi, Oy esa shunchaki tepamizda osilib turardi», – deya ko‘rganlarini tasvirlaydi Viktor Glover.

«Orion» kosmik kemasi illyuminatori orqali olingan Yerning ko‘rinishi. Bu vaqtda Yerning qorong‘i qismiga tun kirgan.

Yer Oy ufqiga botishi aks etgan fotosurat 1968 yilda «Apollon 8» missiyasi paytida Bill Anders tomonidan olingan mashhur «Earthrise» («Yerning ko‘tarilishi») fotosuratini eslatadi. Bu missiya keyinroq inson qadami Oy sathiga birinchi bor tegishi kuzatilgan «Apollon 11» missiyasi uchun debocha bo‘lgandi.

Cheksiz koinot fonida zaif moviy sayyoraning ushbu ko‘rinishi hali ham tarixdagi eng muhim fotosuratlardan biri hisoblanadi. Shu jumladan, u tabiatni muhofaza qilish harakatining rivojlanishiga yordam bergan.

«Yerning ko‘tarilishi» – Bill Anders 1968 yilda «Apollon-8» missiyasi bortida turib Oy atrofini aylanish chog‘ida olgan tarixiy surat
«Yerning botishi»: «Artemida-2» astronavtlari olgan yana bir fotosurat

NASA’dagilar «Earthset» («Yerning botishi») nomli surat «Orion» kosmik kemasi illyuminatoridan Vashington vaqti bilan dushanba kuni soat 18:41 da (Grinvich bo‘yicha 22:41) olinganini ma’lum qilgan.

«Yerning qorong‘i qismi tun og‘ushida. Sayyoraning kunduzgi tomonida, Avstraliya va Okeaniya mintaqasi uzra quyuq bulutlar ko‘rinib turibdi», – deyiladi fotosurat tarifida.

«Artemida II» ekipaji Oyning orqa tomoni bo‘ylab uchib o‘tayotganda, Vashington vaqti bilan soat 19:22 da muhrlangan «Yer chiqishi».
Janubiy qutb – Eytken havzasining sharqiy chekkasi. Bu Oyning orqa tomoni janubida joylashgan zarba natijasida hosil bo‘lgan havza bo‘lib, Oydagi ma’lum eng ulkan krater hisoblanadi.

Hozirda «Artemida-2» missiyasining to‘rt nafar astronavti Yerga qaytmoqda. Ular 11 aprelga o‘tar kechasi Yer atmosferasiga 40 000 km/s tezlikda kirib kelishadi va Tinch okeaniga tushishadi.

Азиз Қаршиев
Muallif Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid