Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rossiya va Ukraina o‘rtasida «pasxa sulhi» e’lon qilindi
Rossiya va Ukraina pravoslavlarning Pasxa bayrami munosabati bilan vaqtinchalik o‘t ochishni to‘xtatish haqida e’lon berdi. Sulh 32 soat davom etadi.
Foto: Getty Images
Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin Pasxa bayrami munosabati bilan Ukrainadagi urushda sulh e’lon qildi.
Kreml sayti xabarida yaqinlashib kelayotgan Pasxa bayrami munosabati bilan 2026 yil 11 aprel kuni soat 16:00 dan 12 aprel kuni yakuniga qadar sulh e’lon qilinishi ma’lum qilingan.
Rossiya harbiylariga ushbu davrda barcha yo‘nalishlarda harbiy harakatlarni to‘xtatish bo‘yicha ko‘rsatma berilgan. Shu bilan birga, qo‘shinlar «dushmanning ehtimoliy provokatsiyalari, shuningdek, uning har qanday tajovuzkor harakatlarini to‘xtatish»ga shay holatda turishi kerakligi qayd etilgan.
O‘z navbatida, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ham Ukraina qurolli kuchlari Pasxa bayramida o‘t ochishni to‘xtatishini ma’lum qildi.
«Ukraina bir necha bor ikki tomondan tashlanadigan qadamlarga tayyorligini bildirgan. Bu yil biz Pasxa bayrami vaqtida o‘t ochishni to‘xtatishni taklif qilgan edik va shunga muvofiq harakat qilamiz. Odamlarga tahdidlarsiz Pasxa va tinchlik sari haqiqiy harakat kerak», – deb yozdi u o‘z telegram kanalida.
U Rossiyada Pasxadan keyin ham zarbalar berishga qaytmaslik uchun imkoniyat borligini qo‘shimcha qilgan.
Putin 2025 yil Pasxa bayramida bir tomonlama tartibda harbiy harakatlar bir yarim kunga to‘xtatilganini e’lon qilgandi. O‘shanda mojaro tomonlari bir-birini ko‘plab qoidabuzarliklarda ayblashgan, shu bilan birga, harbiy harakatlar jadalligi sezilarli darajada pasaygandi.