Jahon | 08:02
3510
6 daqiqa o‘qiladi

Kosmosdan tarixiy kuzatuv: sunami paydo bo‘lishi ilk bor muhrlandi

O‘tgan yilning iyul oyida Rossiyadagi Kamchatka yarimoroli sohillari yaqinida yer qobig‘i yorildi. Tinch okeani suvlari tubida, bir tektonik plita ikkinchisining ostiga kirib boradigan subduksiya zonasida o‘nlab yillar davomida to‘plangan kuchlanish bir necha soniya ichida bo‘shadi. Ana shu yoriq - magnitudasi 8,8 bo‘lgan kuchli zilzila - dengiz tubini va uning ustidagi suv qatlamini siljitib, sunamiga sabab bo‘ldi.

Foto: AP

Ulkan to‘lqin butun Tinch okeani bo‘ylab tarqalib, ochiq dengizda samolyot tezligida harakat qildi, keyin esa sohillarga yopirilib, ayrim joylarda 17 metrdan ortiq balandlikka yetdi.

Olimlar bu hodisalar zanjiri qanday kechishini anchadan beri tushunib keladi. Biroq zilzila va undan keyingi sunami aynan qayerda va qanday boshlanishini — ya’ni subduksiya zonalaridagi chuqur okean zovurlarida bu jarayon qanday rivojlanishini batafsil kuzatish hozirgacha juda qiyin bo‘lib kelgan. Bu hududlar yaqinida sunamini kuzatish uchun yetarli datchiklar yo‘qligi sabab, voqeaning aniq manzarasini olish mushkul edi.

Ma’lum bo‘lishicha, bu muammoning yechimi — sun’iy yo‘ldoshlar. Tadqiqotchilar endi faqat sunamini aniqlashga mo‘ljallangan maxsus tizimlarga tayanib qolmay, mavjud sun’iy yo‘ldosh missiyalaridan ham yangi maqsadlarda foydalanmoqda. NASA va Fransiya kosmik agentligi tomonidan jahon suv sathi va okean oqimlarini o‘rganish uchun yaratilgan SWOT (Surface Water and Ocean Topography) sun’iy yo‘ldoshi kutilmaganda sunami haqidagi fan uchun ham kuchli vosita bo‘lib chiqdi.

Kaliforniya shtati universitetining San-Diyego bo‘limida faoliyat yurituvchi Ignasio Sepulveda boshchiligidagi olimlar guruhi Kamchatkadagi sunamini kuzatish uchun SWOT sun’iy yo‘ldoshidan foydalandi. Ularning ishi sunamigenez — ya’ni sunamining tug‘ilish jarayoni haqida g‘oyatda aniq tasavvur berish imkonini yaratdi. Sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlari tufayli tadqiqotchilar bunday ekstremal okean hodisalarini yanada aniqroq modellashtirishi va ehtimol kelajakda yaxshiroq bashorat qilishi mumkin bo‘ladi.

Zilziladan atigi 70 daqiqa o‘tgach, sun’iy yo‘ldosh Tinch okeani ustidan, episentrdan taxminan 600 kilometr masofada uchib o‘tdi. U yuqori aniqlikda nafaqat sunamining oldingi asosiy to‘lqinini, balki uning ortidan kelgan maydaroq to‘lqinlar zanjirini ham qayd etdi.

Ammo 2025 yilgi voqeani modellashtirishga urinish paytida tadqiqotchilar muammoga duch keldi. Eng oddiy va keng qo‘llanadigan uzun to‘lqinli modeldan foydalanilganda, u sun’iy yo‘ldosh kuzatgan barcha xususiyatlarni qayta tiklay olmadi.

Buning sababi dispersion to‘lqinlar — aynan o‘sha “dumsimon” tebranishlar ekani ma’lum bo‘ldi. Uzun to‘lqinli model ularni hisobga olmaydi, chunki mavjud kuzatuv vositalari yordamida bunday to‘lqinlarni qayd etish qiyin.

Tsunamini an’anaviy monitoring qilish tizimlari asosan DART (Deep-ocean Assessment and Reporting of Tsunamis) buylariga tayanadi, ular dengiz tubidagi bosim o‘zgarishlarini o‘lchaydi. Bu datchiklar ogohlantirish tizimlari uchun juda muhim bo‘lsa-da, ularning imkoniyati cheklangan: ma’lumot faqat alohida nuqtalardan olinadi va to‘lqinning to‘liq tuzilmasini ko‘rish imkoni bo‘lmaydi.

SWOT sun’iy yo‘ldoshi esa, aksincha, okean yuzasining keng ikki o‘lchamli manzarasini taqdim etadi. U to‘lqinlar yo‘nalishi, ular orasidagi masofa va egriligini santimetrlar darajasidagi aniqlik bilan qayd etadi. Bu tadqiqotchilarga mutlaqo yangi darajadagi ma’lumotni beradi: endi sunamining ham asosiy to‘lqinini, ham uning ortidan keluvchi to‘lqinlarni batafsil tavsiflash mumkin.

Shuni anglagan tadqiqotchilar jamoasi yanada murakkabroq model — Bussinesk turidagi modelga o‘tdi va u sun’iy yo‘ldosh kuzatuvlarini to‘g‘ri qayta tiklash imkonini berdi. Mana shu kengroq yondashuv tufayli olimlar muhim kashfiyot qildi: dispersion to‘lqinlar sunamining qayerda tug‘ilgani haqida axborot tashiydi.

Natijada ular sunamigenez hududini chuqur okean zovuridan taxminan 10 kilometr aniqlikda belgilashga muvaffaq bo‘ldi. Bunday darajadagi batafsil “yaqinlashish” ilk bor tarixda amalga oshdi.

Bu natijalar sunami haqidagi fan uchun burilish nuqtasi hisoblanadi. Ilk bor olimlar ochiq okeandagi sunami tuzilmasini uni keltirib chiqargan zilzila parametrlari bilan bog‘laydigan to‘g‘ridan to‘g‘ri, yuqori detallashtirilgan ikki o‘lchamli kuzatuvlarga ega bo‘ldi.

Uzoq muddatli istiqbolda bu modellarni sezilarli darajada yaxshilash imkonini beradi: tadqiqotchilar okean zovurlari yaqinida kechadigan jarayonlarni ancha yaxshiroq tushuna boshlaydi. Aynan shu hududlarda eng xavfli sunami yuzaga keladi.

Modellarni, ayniqsa, shu kabi yetib borish qiyin bo‘lgan zonalar bo‘yicha takomillashtirish prognozlar aniqligini oshirishga yordam beradi: to‘lqin balandligi, uning yetib kelish vaqti va sohilga urilish kuchini yaxshiroq bashorat qilish mumkin bo‘ladi. Mavjud monitoring tizimlari bilan birga olib qaralganda esa, bu tezroq ogohlantirishlar, samaraliroq evakuatsiya va pirovardida, keyingi yirik sunami yuz berganda ko‘proq inson hayotini saqlab qolish deganidir.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid