30 iyul, chorshanbaga o‘tar kechasi Rossiyaning Uzoq Sharq sohillari yaqinida Rixter shkalasi bo‘yicha 8 balli zilzila sodir bo‘ldi. Rossiya Fanlar akademiyasi Geofizika xizmatining Kamchatka bo‘limi ma’lumotlariga ko‘ra, bu 1952 yildan beri eng kuchlisi bo‘lgan. AQSh Geologiya xizmati uni 8,8 ballga baholamoqda. Unga ko‘ra, zilzila Kamchatkaning sharqiy qirg‘og‘idan taxminan 136 kilometr uzoqlikda, 19,3 kilometr chuqurlikda sodir bo‘lgan.

Zilziladan keyin ko‘tarilgan to‘lqinlar natijasida Rossiyaning Severo-Kurilsk shahridagi port qisman suv ostida qoldi, deb xabar bergan Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati. Kamchatkada zilzila oqibatida o‘lka markazidagi bolalar bog‘chasi fasadining bir qismi qulab tushdi – jabrlanganlar yo‘q. Kamchatka o‘lkasi favqulodda vaziyatlar vaziri Sergey Lebedev Petropavlovsk-Kamchatskiyga sunami tahdidi yo‘qligini ma’lum qilgan.

Yaponiya

Yaponiya, AQSh, Kanada va Tinch okeani bilan chegaradosh boshqa mamlakatlarda sunami xavfi e’lon qilindi.
Foto: YUICHI YAMAZAKI/AFP via Getty Images

Kamchatka qirg‘oqlari yaqinida ro‘y bergan zilziladan so‘ng darhol Yaponiyada sunami xavfi e’lon qilindi. Rasmiylar Tinch okeani sohilidagi 220 dan ortiq munitsipalitetda 2 millionga yaqin odam evakuatsiya qilinishini e’lon qildi.

Fukusimadagi atom elektr stansiyasi xodimlari evakuatsiya qilindi. Operator-kompaniya vakillarining so‘zlariga ko‘ra, stansiya faoliyatida hech qanday buzilish qayd etilmagan. 2011 yilda AESda yirik avariya sodir bo‘lgandi, buning sababi aynan kuchli zilzila va undan keyingi sunami edi.

Taxminan 30 sm balandlikdagi birinchi to‘lqinlar Hokkaydo oroli shimoli-sharqidagi port shahri Nemuroga yopirildi.

Tokioning Harumi qirg‘oq hududida balandligi 20 sm bo‘lgan to‘lqinlar qayd etildi.

Meteorologlar ogohlantirishicha, to‘lqinlar 3-4 metrgacha yetishi mumkin, ammo hozircha eng baland to‘lqinlar 1,3 metrdan oshmaydi.

«Biz sunami to‘lqinlari kamida bir sutka davomida baland bo‘lib qolishini kutyapmiz», – dedi Yaponiya meteorologiya agentligi vakili.

Mamlakat rasmiylari evakuatsiya qilingan aholi kun oxirigacha o‘z uylariga qayta olmasligi mumkinligini bildirgan.