Jahon | 15:05
7361
5 daqiqa o‘qiladi

AQSh Ho‘rmuz bo‘g‘ozini kuch bilan ochmoqchi

Amerika harbiy kemalari bo‘g‘ozni minalardan tozalashga tayyorgarlik boshlagan. 11 aprel kuni ikkita esminets bo‘g‘ozni kesib o‘tgan.

Foto: AP

Amerikalik harbiylar Yaqin Sharqdagi katta urush boshida Eron tomonidan to‘sib qo‘yilgan Ho‘rmuz bo‘g‘ozini ochishga qaratilgan amaliyot boshlagan. Bu haqda AQSh prezidenti Donald Tramp ma’lum qildi.

U Eronning butun floti, jumladan, mina o‘rnatuvchi 28 ta kema ham allaqachon Amerika harbiylari tomonidan cho‘ktirib yuborilganini aytgan.

«Ularning floti yo‘q qilindi, ularning harbiy-havo kuchlari yakson etildi, ularda endi havo hujumidan mudofaa kuchlari mavjud emas, radarlari ishlamayapti, ularning raketalar va dronlar ishlab chiqariladigan zavodlari raketalar va dronlarga qo‘shib yo‘q qilindi, eng asosiysi ularning ko‘p yillik „yetakchilari“ endi yo‘q <...> Yagona xavf – kemalar ularning dengiz minalariga „tushib qolishi“ mumkinligida, darvoqe, ularning 28 ta mina o‘rnatuvchilari ham allaqachon suv tubida yotibdi», – deya yozgan Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida.

Hozir biz butun dunyo mamlakatlari, jumladan, Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya, Fransiya, Germaniya va boshqa ko‘plab davlatlarga xizmat ko‘rsatish maqsadida Ho‘rmuz bo‘g‘ozini tozalash jarayonini boshlayapmiz. Ajablanarlisi shundaki, bu ishni mustaqil bajarish uchun ularning o‘zida na jur’at va na iroda bor.

11 aprel kuni AQSh harbiy-dengiz kuchlarining kamida bitta esminetsi – USS Michael Murphy Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali suzib o‘tgan.

Axios nashri jurnalisti Barak Ravid amerikalik mulozimlarga tayanib, 11 aprel kuni Amerikaning bir necha harbiy kemasi Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali suzib o‘tganini xabar qildi. Manbalarning so‘zlariga ko‘ra, bu qadam Eron bilan kelishilmagan va urush boshidan buyon ilk bor kuzatilgan.

Ravidning yozishicha, harbiy kemalar bo‘g‘ozni sharqdan g‘arbga qarab kesib o‘tgan, keyin esa ortga burilib, Arab dengiziga qaytgan. Eronlik harbiylar esa Amerika harbiy kemasi Tehron tomonidan bildirilgan ogohlantirishdan keyin ortga qaytgani va bo‘g‘oz suvlarini ma’lum qilgan.

AQSh Markaziy harbiy qo‘mondonligi ham keyinroq 11 aprel kuni Amerikaning «Frenk Piterson» (USS Frank E. Peterson) va «Maykl Myorfi» (USS Michael Murphy) nomli esminetslari bo‘g‘oz Islom inqilobi muhofizlari korpusi tomonidan o‘rnatilgan dengiz minalaridan to‘liq tozalanishini ta’minlashga qaratilgan kengroq missiya doirasida harakat qilganini ma’lum qildi.

Ho‘rmuz bo‘g‘ozini minalardan tozalash ishlari bilan Littoral Combat Ship sohil hududi harbiy kemalari shug‘ullanishi kerak. Amerika esminetslari esa ularni va bo‘g‘oz orqali o‘tuvchi tankerlarni qo‘riqlashi ko‘zda tutilgan. Amerika esminetslari bo‘g‘oz suvlarida harakatlangani amalda Ho‘rmuz bo‘g‘ozini kuch bilan ochishni anglatadi.

Islomobod AQSh va Eron delegatsiyalarida o‘tkazilgan muzokaralarda natijalarga erishilmaganidan keyin Tramp ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida endi AQSh Eronni dengiz orqali qamal qilishi mumkinligi haqidagi maqola havolasini joylashtirdi.

  • Eron AQSh va Isroil tomonidan boshlangan urushning ilk kunidayoq Ho‘rmuz bo‘g‘ozini yopgani haqida e’lon qilgan va ruxsatsiz harakatlangan tankerlarni dronlar va raketalar bilan o‘qqa tutishga kirishgan. Urush boshidan buyon bunday hujumlar bilan bog‘liq 28 ta holat qayd etilgan, kemalarga hujumlar 8 aprel kuni e’lon qilingan vaqtinchalik sulh davrida ham davom etgan.
  • Bundan tashqari, Tehron kemalar egalariga asosiy suv yo‘li minalar tufayli xavfsiz emasligini ma’lum qilib, ularga Eron sohillari yaqinidagi yangi yo‘nalish bo‘ylab harakatlanishni taklif qilgan. Ammo bo‘g‘oz minalangani bo‘yicha dalillar yo‘q. Eronning mina o‘rnatuvchi kemalarining aksari urushning ilk kunlaridayoq cho‘ktirib yuborilgan.
Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid